Nuh alayhissalom bor yo‘g‘i to‘rt kalimadan iborat duo bilan Yer kurrasini suvga g‘arq qildilar:
أَنِّى مَغْلُوبٌ فَٱنتَصِرْ
“Men mag‘lubdirman, yordam qilgin!” (Qamar surasi, 10-oyat).
Sulaymon alayhissalom esa, bor yo‘g‘i uchta kalimadan iborat duo bilan Yer yuziga hukmron bo‘ldilar:
وَهَبْ لِى مُلْكًا
“Menga mulk (hukmronlik) bergin!” (Sod surasi, 35-oyat).
Demak, biror narsaga erishmoq, ta’sir etmoq, asar qoldirmoq uchun uzundan uzoq duoga hojat yo‘q ekan. Bor yo‘g‘i, Allohga ixlos va ishonch bilan chin dildan duo qilinsa, bas. Zero, Alloh taolo va’da bergan:
ٱدْعُونِىٓ أَسْتَجِبْ لَكُمْ
“Menga duo qilingiz, Men (duolaringizni) ijobat qilaman” (G‘ofir surasi, 60-oyat).
Homidjon domla ISHMATBЕKOV
Joriy yilning 16 sentyabr kuni Qashqadaryo viloyatida «Inson qadri ulug‘langan yurtda mehr va e’tibor har bir xonadonga kirib boradi» shiori ostida xayrli tadbir o‘tkazildi.
Mazkur tashabbusga Qashqadaryo viloyati hokimi o‘rinbosari Farhod Kushakov hamda O‘zbekiston musulmonlari idorasining viloyatdagi vakili, bosh imom-xatib Rahmatillo domla Usmonov boshchilik qildi.
Tadbir doirasida shahar va tuman bosh imom-xatiblari hududlardagi ijtimoiy himoyaga muhtoj, boquvchisini yo‘qotgan va bemor fuqarolarning xonadonlariga tashrif buyurdilar.
Samimiy muloqotlar davomida fuqarolarning hol-ahvoli va ehtiyojlari o‘rganilib, ularga ma’naviy dalda berildi. Xonadon egalariga bayramona kayfiyat ulashish maqsadida oziq-ovqat mahsulotlari, ehson va sovg‘a-salomlar topshirildi.
Shuningdek, imom-xatiblar yurtdoshlarimiz bilan oila mustahkamligi, o‘zaro mehr-oqibat, sabr-qanoat hamda saxovatning fazilatlari haqida diniy-ma’rifiy suhbatlar olib bordilar. Bu kabi xayriya tadbirlari jamiyatda hamjihatlik muhitini yanada mustahkamlashga, odamlar qalbida ertangi kunga ishonch uyg‘otishga xizmat qilmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Qashqadaryo viloyati vakilligi
Matbuot xizmati