Sayt test holatida ishlamoqda!
11 Avgust, 2026   |   28 Safar, 1448

Toshkent shahri
Tong
03:58
Quyosh
05:28
Peshin
12:30
Asr
17:24
Shom
19:32
Xufton
21:00
Bismillah
11 Avgust, 2026, 28 Safar, 1448

Sukut saqlashning 703 ta eng muhim foydasi (5-qism)

27.01.2026   11412   8 min.
Sukut saqlashning 703 ta eng muhim foydasi (5-qism)

1-qism2-qism3-qism, 4-qism

faqat ASOSIYLARIni sanab o‘tamiz 

ULUG‘  USTOZ  ULAMOLARIMIZ  bayon  qilib  berganlar:  

SUKUT saqlashning

703 ta eng muhim XISLATI (faqat ASOSIYLARI)

 

 

 

  1. Sukut — TILNING QALQONI.
  2. Sukunat til gunohlaridan saqlaydi.
  3. Qulf — eshik uchun, sukut — til uchun.
  4. Ortiqcha so‘z — ko‘p gunohning eshigi.
  5. Tilga eng yaxshi tarbiyachi — sukut.
  6. Sukunat — tilni tozalovchi omil.
  7. Xatoli qarordan asraydi.
  8. Har bir gapning o‘rni borligini anglatadi.
  9. Insonni haddan tashqari gaplardan saqlaydi.
  10. Shoshmaslikni o‘rgatadi.
  11. Ortiqcha so‘zdan asraydi.
  12. So‘zning qudratini his qildiradi.
  13. So‘zga qiymat beradi.
  14. Yaxshi o‘ylashga sharoit yaratadi.
  15. Farosatni kuchaytiradi.
  16. Ortiqcha ehtiroslarni tartibga soladi.
  17. Mulohaza qilishni o‘rgatadi.
  18. So‘z va amalni birlashtiradi.

 

 

  1. Sukut — NIZOLARNING YECHIMI.
  2. Janjalni sukut o‘chiradi.
  3. Sukunat — totuvlik kaliti.
  4. G‘iybatdan sukut bilan qochiladi.
  5. Sukunat — har bir nizoning eng yaxshi yechimi.

 

 

  1. Sukut — GUNOHDAN SAQLOVCHI QALQON.
  2. Sukut til gunohlarini kamaytiradi.
  3. Sukut behuda gapdan asraydi.
  4. Sukut — nojo‘yalikdan uzoqlashtiradi.
  5. Sukut — tilni poklaydi.
  6. Sukut — taqvoga yetaklaydi.
  7. Qiyinchiliksiz ibodat.
  8. Gunohdan asraydi.
  9. Tafakkurni kuchaytiradi.
  10. Zikrga sharoit yaratadi.
  11. Niyatni tozalaydi.
  12. Sukunat ibodatni samimiy qiladi.
  13. Bilimsizlik ayblaridan to‘siq.
  14. Sukut — havo va hasadga qarshi.
  15. Ko‘p so‘z hasadni qo‘zg‘aydi, sukut uni o‘chiradi.
  16. Sukunat nafsni tarbiyalaydi.
  17. Sukunat — ichki poklik.
  18. Sukunat — hasadga qarshi qalqon.

 

 

Sukutning RUHIY FAZILATLARI:

  1. Sukut — qalbning oromgohidir.
  2. Sukut — ruhni poklaydi.
  3. Sukut — g‘ashlikni ketkazadi.
  4. Sukut — fikrni sokinlashtiradi.
  5. Sukut — munosiblikka yetaklaydi.
  6. Sukut — ruhiy quvvat manbai.
  7. Sukut — ehtirom belgisi.
  8. Sukut — hayotni chuqur anglashga yordam.
  9. Sukut — shoshma-shosharlikda qalqon.
  10. Sukut — qalb ravshani.

 

 

  1. Sukut — RUHIY BAQUVVATLIKNING BЕLGISI.
  2. Sukut his-tuyg‘ularni boshqaradi.
  3. Sukut qahru-g‘azabni nazorat qiladi.
  4. Sukut irodani mustahkamlaydi.
  5. Sukut — botiniy kuch.
  6. Sukut — qalbning ozuqasi.

 

 

  1. Sukut — RUHIY POKLIK VA ILOHIY YAQINLIK.
  2. Sukut ibodatni mukammal qiladi.
  3. Sukut — zikrga tayyorlov.
  4. Sukut — qalbni Parvardigori olamga yaqinlashtiradi.
  5. Sukut — ruhning soflashuvi.
  6. Sukut — imon va ixlosning nishoni.
  7. Sukut — taqvo ramzi.
  8. Sukut — ixlosning isboti.
  9. Zikrga kuch sukutdan keladi.
  10. Sukunat — imonning suyanchig‘i.
  11. Gap foydasiz bo‘lsa — sukut buyuk ibodat.

 

 

RUHIY FOYDALAR:

  1. Ichki xotirjamlikni oshiradi.
  2. Asabni tinchlantiradi.
  3. Qalbni yengil qiladi.
  4. Ruxiy iztirobni kamaytiradi.
  5. Vahimani pasaytiradi.
  6. Qo‘rquvni nazorat qiladi.
  7. Ichki muvozanat yaratadi.
  8. Sabrni mustahkamlaydi.
  9. G‘azabni bosadi.
  10. Sukunat insonda bardosh tuyg‘usini kuchaytiradi.
  11. Norozilikni kamaytiradi.
  12. Havas va hasadni so‘ndiradi.
  13. Ruhiy xastaliklarni yengillashtiradi.
  14. Hadikni bartaraf qiladi.
  15. O‘z-o‘zini nazorat qilib borishni kuchaytiradi.
  16. Qalb tozaligiga xizmat qiladi.
  17. Fazilatli xislatlarni uyg‘otadi.
  18. Ixlosni oshiradi.
  19. Qalbda ortiqcha g‘ovurni yo‘q qiladi.
  20. Tavakkulni mustaxkamlaydi.
  21. Imonni mustahkamlashga yordam beradi.
  22. Go‘zal xulqni charxlaydi.
  23. Befoyda xayollarni kamaytiradi.
  24. Vujudga yengillik baxsh etadi.
  25. Ichki quvvatni tiklaydi.
  26. Yo‘qotilgan ruhiy resurslarni to‘ldiradi.
  27. Salbiy emotsiyalarni yuvib tashlaydi.
  28. Ildam otilishdan saqlaydi.
  29. Ichki gaplar yukini yengil qiladi.
  30. Baquvvat ruhiy energiyaga sabab bo‘ladi.
  31. Befoyda ehtiroslarni so‘ndiradi.
  32. Ichki quvvatni boshqarishga o‘rgatadi.
  33. Og‘riq hissini yengillashtiradi.
  34. Ruxiy chorasizlikni pasaytiradi.
  35. Sevimli ishlarga motivatsiyani oshiradi.
  36. Hovliqmaslikni o‘rgatadi.
  37. Ichki totuvlikni paydo qiladi.
  38. Qanoatni oshiradi.
  39. Bandlikni qisqartiradi.
  40. Uyat tuyg‘usini qo‘llab-quvvatlaydi.
  41. To‘siqsiz qo‘rg‘on.
  42. Sukunat insonni ruhan baquvvat qiladi.

 

 

 

DONOLARNING HIKMATLI XULOSALARI:

 

  1. Sukut — donolik kaliti.
  2. Sukut — qalb va aqlni uyg‘unlashtiradi.
  3. Sukut — hayotdagi har lahzani qadrlash imkoni.
  4. Sukut — fikr va xulqni tartibga soladi.
  5. Sukut — bahs va ziddiyatlarni tinch qiladi.
  6. Qulf — eshik uchun, sukut — til uchun.
  7. Sukut — insonga sabr va o‘zaro hurmatni o‘rgatadi.
  8. Sukut — ruhiy tinchlik va energiya manbai.
  9. Sukut — fikrlarni chuqur anglashga yordam beradi.
  10. Sukut — falsafaning cho‘qqisi.
  11. Sukut — odob va madaniyatning ajralmas qismi.
  12. Sukut — hayotdagi xayol va amalni uyg‘unlashtiradi.
  13. Sukut — so‘zsiz ham ta’sir ko‘rsatadi.
  14. Sukut — tafakkur va his-tuyg‘ularni uyg‘unlashtiradi.
  15. Sukut — shoshma-shosharlikdan qalqon.
  16. Sukut — bahsda g‘alaba hamda ehtirom ramzi.
  17. Sukut — insonning ichki qudrati va zehnini boyitadi.
  18. Sukut — ortiqcha gapdan va xayoldan asraydi.
  19. Sukut — oila va jamiyatda barqarorlikka yordam.
  20. Sukut — hayotdagi sinovlardan omon qolish kaliti.
  21. Sukut — har daqiqada hikmat va ma’no uyg‘otadi.
  22. Sukut — yuksak xulosa.
  23. Sukut — insonning eng oddiy, eng qimmat xislati.
  24. Sukut — insonni inson qiladigan sifatlardan biri.
  25. Sukut — har bir so‘zning qiymatini ko‘rsatadi.
  26. Sukut — qalbga olib boruvchi yo‘l.
  27. Sukut — insofning hamrohi.
  28. Sukut — haqiqiy donolik va baxt belgisi.
  29. Sukut — donolik qasrining eshigi.
  30. Aql ravshan bo‘ladi. Ortiqcha gapdan qochgan insonning fikri tozalanadi, aqli yig‘iladi.
  31. Qalb xotirjam bo‘ladi. Sukut insonni ichki tinchlikka olib boradi, asablarni tinchlantiradi.
  32. Xatolar kamayadi. Ko‘p gapda ko‘p xato bo‘ladi. Kam gapirgan odam kam adashadi.
  33. Hikmat eshitishga yordam beradi. Sukut qilgan inson yaxshi eshitadi, yaxshi eshitgan odam esa yaxshi anglaydi.
  34. Odob va kamtarlik belgisi. Sukut ‒ aql, odob, vazminlik va kamtarlikning alomati.
  35. Munosabatlarni yaxshilaydi. Sukut ayrim hollarda nizolarni oldini oladi, ehtiromni oshiradi.
  36. Gunohdan asraydi. Til gunohlarining ko‘pi ortiqcha va befoyda gapdan keladi. Sukut esa uni to‘sadi.
  37. Diqqatni oshiradi. Kam gapirgan inson ko‘proq kuzatadi ‒ natijada fikrlash tezligi ortadi.
  38. Ruhiy quvvatni tiklaydi. Sukut qalbdagi “ortiqcha yuk”ni tashlab, insonni yengillashtiradi.
  39. Kim “Muhammad sallallohu alayhi vasallamga ummatman, U Zotga ergashaman, U Zotdan o‘rnak olaman”, desa, hech ham talashib-tortishuvchi bo‘lmasin!
  40. So‘zga qiymat beradi. Kam gapirgan odamning har bir so‘zi ta’sirli va qabul qilinadi.
  41. Sukut — hikmat manbai.
  42. Sukut — qalbga orom, aqlga nur, tilga tarbiya.
  43. Sukut — nur, tozalik va baraka manbai.
  44. Sukut — oilada baraka.
  45. Sukut — insonning eng buyuk tarbiyachisi va donolikka yetaklovchi yo‘ldir.

 

 

 

DONOLAR tavsiyalari:

 

  1. Gapirishdan oldin o‘ylanmoq darkor.
  2. His-tuyg‘ular kuchli bo‘lsa ham sabr bilan sukut saqlash — aqlli insonning yo‘li.
  3. Muhim muloqotlarda avvalo tinglash, keyin so‘zlash — oltin qoida.
  4. Bahs va ziddiyatlarda so‘z ortiq bo‘lmasin, sukut bilan hal qilishga harakat qilish lozim.
  5. Kim “Muhammad sallallohu alayhi vasallamga ummatman, U Zotga ergashaman, U Zotdan o‘rnak olaman”, desa, hech ham talashib-tortishuvchi bo‘lmasin!
  6. Har kuni bir lahza sukut — ruh va aql uchun mashq bo‘ladi.
  7. Sukut — insonni inson qiladigan sifatlardan biri.
  8. Sukut — insonning eng oddiy, eng qimmat xislati.
  9. Sukut — kichiklikda ulug‘lik.
  10. Sukut — qalbga olib boruvchi yo‘l.
  11. Sukut — hayotdagi sinovlardan omon qolish kaliti.
  12. Sukutni o‘z vaqtida, o‘z paytida, o‘z o‘rnida va o‘z me’yorida qo‘llashlik — hikmat, aql va haqiqiy donolik belgisidir.

 

Mehribon Parvardigorimiz o‘zlarimizni ham, farzand-zurriyotlarimizni ham O‘zi buyurgan, Janobi Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam tavsiya etgan, o‘tmishda o‘tganlarimizning ruhlari shod bo‘ladigan, xalqimiz xursand bo‘ladigan, ota-onalarimiz rozi bo‘ladigan yo‘llardan yurishimizni nasib etsin!

 

Ibrohimjon domla Inomov.

 

Boshqa maqolalar
Maqolalar

“TAKFIR” – MUSULMON JAMIYATINI ICHIDAN YEMIRUVCHI FITNA

11.08.2026   7489   10 min.
“TAKFIR” – MUSULMON JAMIYATINI ICHIDAN YEMIRUVCHI FITNA

Ayrim ilmsiz yoshlar eng nozik va qaltis masalalarni ko‘tarib, musulmonlar birligiga raxna solish bilan shug‘ullanmoqda. Dinda g‘uluvga ketib, g‘ayridinlar haqidagi oyat va hadislarni noto‘g‘ri talqin qilgan holda ularni musulmonlarni kofirga chiqarishga qurol qilmoqdalar. Bu juda ham xatarli va qaltis yo‘l. Bu yo‘lda ko‘pchilik toyilib, adashib ketgan. Shunday pallada yoshlarni xatarlardan ogoh etish har bir ziyoli, ma’rifatparvar insonning birlamchi vazifalari sirasiga kiradi.

“Takfir” tushunchasi “birovni kofirga chiqarish”, “kofir deb hisoblash” ma’nolarini anglatadi. Shariatimizda musulmon kishini aniq hujjat bo‘lmasdan “kofir” deb hukm qilish o‘ta xatarli bo‘lib, aslo mumkin emas.

Alloh taolo Qur’oni karimda bunday degan:

﴿ولا تَقُولُوا لِمَنْ أَلْقَى إِلَيْكُمُ السَّلامَ لَسْتَ مُؤْمِناً﴾

“...Sizga salom bergan kimsaga mo‘min emassan, demanglar” (Niso surasi, 94-oyat).

Demak, Alloh taolo bu oyati karimada shoshmashosharlik bilan birovning mo‘min emasligi haqida hukm chiqarishdan qaytarmoqda.

Shariatda musulmon insonni uning musulmon ekaniga qarshi dalil topilmagunicha musulmon deb hukm qilinadi. Mo‘min kishi iymon asoslarini ochiq inkor etishi yoki kufr kalimasini bilib turib, o‘zi xohlab talaffuz qilishi, Islomdagi qat’iy farz qilingan amallardan birini inkor qilishi yoki din shiorlaridan birini masxara qilishi bilan dindan chiqadi. Shunda ham darhol uning kofirligiga hukm chiqarilmaydi. Balki bu shar’iy masala bo‘lib, muftiy va qozilarning ishidir.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam “Laa ilaha illalloh, Muhammadur Rasululloh” deb turgan shaxsni kofirga chiqarish xatarini bir qancha hadislarida bayon qilganlar. Jumladan, Rasuli akram alayhissalom bunday dedilar:

‏ثَلاَثَةٌ مِنْ أَصْلِ الإِيمَانِ:‏ الْكَفُّ عَمَّنْ قَالَ لاَ إِلَهَ إِلاَّ اللَّهُ وَلاَ نُكَفِّرُهُ بِذَنْبٍ وَلاَ نُخْرِجُهُ مِنَ الإِسْلاَمِ بِعَمَلٍ.

«Uch narsa iymonning aslidandir. “Laa ilaha illalloh” degan kimsaga tegmaslik, uni gunohi tufayli “kofir” demaymiz, amali tufayli Islomdan chiqarmaymiz» (Imom Abu Dovud rivoyati).

Ushbu hadisi sharifda musulmon kishi boshqa dindoshiga nisbatan qanday munosabatda bo‘lishi borasida aniq hukm berilmoqda. Ya’ni haqiqiy mo‘min boshqa birodarini gunohi tufayli kofirga chiqarmasligi, qilgan amali sababli unga “mo‘min emas” degan so‘zni aytmaslik lozimligi uqtirilmoqda.

Yana bir hadisi sharifda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar:

وَمَنْ قَذَفَ مُؤْمِناً بِكُفْرٍ فَهُوَ كَقَتْلِهِ.

“Kim mo‘min kishini kofirga chiqarsa, uni o‘ldirgandek (gunohkor) bo‘ladi” (Imom Buxoriy rivoyati).

Ushbu hadisga sharh yozgan ulamolarimiz: «Musulmonni o‘ldirgan qotil qancha gunoh olsa, musulmon insonni “kofir” deb hukm qilgan kimsa ham xuddi shunday gunohkor bo‘ladi», deganlar. Vaholanki, musulmonni o‘ldirish qanday gunoh ekani haqida Alloh taolo bunday marhamat qilgan:

﴿وَمَنْ يَقْتُلْ مُؤْمِنًا مُتَعَمِّدًا فَجَزَاؤُهُ جَهَنَّمُ خَالِدًا فِيهَا وَغَضِبَ اللَّهُ عَلَيْهِ وَلَعَنَهُ وَأَعَدَّ لَهُ عَذَابًا عَظِيمًا﴾

“Kim bir mo‘minni qasdan o‘ldirsa, uning jazosi jahannamdir. Unda abadiy qolur. Unga Allohning g‘azabi va la’nati yog‘ilur. Va Alloh unga ulkan azobni tayyorlagandir” (Niso surasi, 93-oyat).

Kofirga chiqarishning xatari haqidagi mashhur hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar:

أَيُّمَا امْرِئٍ قَالَ لأَخِيهِ: يَا كَافِر فَقَدْ بَاءَ بِهَا أَحَدُهُمَا إِنْ كَانَ كَمَا قَالَ وَإِلا رَجَعَتْ عَلَيْهِ.

«Agar kishi o‘z birodariga: “Ey kofir” desa, ikkisidan biri kofir bo‘ladi. Agar birodari haqiqatan ham kofir bo‘lsa, to‘g‘ri aytgan bo‘ladi, aks holda bu gapi kofir deguvchini o‘ziga qaytadi» (Imom Muslim rivoyati).

Shu ma’nodagi hadislarni yana ko‘plab keltirish mumkin. Ularning barchasida inson boshqa musulmonlarni kofirga chiqarishga shoshmasligi, ayblangan shaxs u aytganidek bo‘lmasa, o‘zi o‘sha sifatga doxil bo‘lib qolishi ta’kidlangan.

Rasulullohning ta’limlarini olgan sahobai kiromlar va ulardan keyingi ulamolarimiz ham musulmonni “kofir” deyishdan qattiq hazir bo‘lganlar. Chunki ular bu ishda katta gunoh borligi va bu gap o‘ziga qaytib qolishidan xabardor edilar.

Islom tarixidan ma’lumki, musulmonni gunohi sababli “kofir” deyishga birinchi bo‘lib jur’at etganlar xavorij firqasi bo‘ldi. Ular: “Mo‘min kishi gunoh ish qilsa, kofir bo‘ladi, Islomdan chiqadi”, dedi. Bora-bora xavorijlarning musulmonlarni kofirga chiqarishdan boshqa qiladigan ishlari qolmadi. Ularning shariatga zid bu ishlari musulmonlar orasida ixtilof va ziddiyatlarni chiqarib, qirg‘inbarot urushlarga, musulmonlarning qonlari to‘kilishiga olib keldi. Ulamolarimiz xavorijlarchalik Islomga katta zarar yetkazgan firqa bo‘lmaganini ta’kidlaydilar.

Afsuski, hozirgi kunda ham xavorijlarning g‘oyaviy izdoshlari chiqib turibdi. Zamonamiz xavorijlari ham qadimgi maslakdoshlaridan “o‘rnak” olib, fitna-fasod qilmoqdalar. Bularning ham, o‘tmishdagi maslakdoshlari kabi, musulmonlarni ayblashdan boshqa “g‘am”lari yo‘q. Bular iloji boricha ko‘proq musulmonni gunohi sababli kofirga chiqarishni o‘zlarining bosh vazifalari deb biladilar.

Ayni paytda bular ijtimoiy tarmoqlardan foydalangan holda davlat rahbarlaridan boshlab, o‘zlariga hamfikr bo‘lmagan har bir musulmonni osongina kofirga chiqaradilar. Ularning soxta fatvolarida hozirda musulmonman deb yurganlarning ko‘pchiligi mushrik va kofir bo‘lib ketgan, deyiladi (Alloh asrasin!). Ularning bu soxta “fatvosi”ning puch ekaniga Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning yuqorida zikri kelgan hadislaridagi: “Musulmonni gunohi tufayli kofir demaymiz”, degan qoidaning o‘zi kifoya qiladi.

Boshqa bir hadisi sharifda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Kim biz o‘qigan namozni o‘qisa, qiblamizga yuzlansa, biz so‘ygan narsalardan yesa, u musulmondir. Bizga nima huquq bo‘lsa, unga ham shu huquq va bizga nima majburiyat bo‘lsa, unga ham shu narsa majburiyatdir” (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).

Mashhur sahoba Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhudan bu masala borasida so‘raldi: «“Gunohlardan birortasini kufr, shirk yoki nifoq deb bilarmidinglar? U: “Alloh saqlasin! Biz gunoh qilgan kishini gunohkor mo‘min deb bilamiz”, dedi» (“Majma’uz zavoid va manbaul favoid”).

Ahli sunna val jamoa e’tiqodiga ko‘ra, barcha ulamolar bir ovozdan harom ish qilgan kishi, modomiki uni halol sanamas ekan, kofirga chiqarilmaydi, balki fosiq, gunohkor bo‘ladi, deydilar.

Qolaversa, mazhabboshimiz Imomi A’zam rahmatullohi alayh “Fiqhul akbar” kitobida bunday degan:

وَلاَ نُكَفِّرُ مُسْلِمًا بِذَنْبٍ مِنَ الذُّنُوبِ وَاِنْ كَانَتْ كَبِيْرَةً اِذَا لَمْ يَسْتَحِلَّهَا.

“Musulmon kishi katta gunohlardan birini qilsa ham, modomiki o‘shani halol sanamasa, kofirga chiqarmaymiz”.

Buyuk muhaddis olim Abu Ja’far Tahoviy Hanafiy “Aqidatu-Tahoviya” asarida bunday deganlar: “Qibla ahllarining birontasini gunohi sababli, modomiki uni halol sanamas ekan, kofirga chiqarmaymiz”.

Bu masalada Mulla Ali Qoriy rahmatullohi alayh bunday deganlar:

قَالَ عُلَمَاؤُنَا: إِذَا وُجِدَ تِسْعَةٌ وَتِسْعُونَ وَجْهًا تُشِيْرُ إِلَى تَكْفِيْرِ مُسْلِمٍ وَوَجْهٌ وَاحِدٌ إِلَى إِبْقَائِهِ عَلَى إِسْلاَمِهِ

فَيَنْبَغِي لِلْمُفْتِي وَالْقَاضِي أَنْ يَعْمَلاَ بِذَلِكَ الْوَجْهِ.

Ulamolarimiz aytadilar: “Agar (biror so‘z yoki ish ustida) musulmonni kofir deyishga dalolat qiladigan to‘qson to‘qqizta dalil bo‘lsa-yu, musulmon deb bilishga dalolat qiluvchi birgina dalil bo‘lsa, muftiy va qozilar uchun o‘sha bitta dalilni olish lozim bo‘ladi” (“Sharhush shifo”).

Ammo hozirgi kundagi adashgan kimsalar bu masalada: “Mo‘min deyish uchun to‘qson to‘qqizta dalil bo‘lsa-yu, kofir deyish uchun birgina dalil bo‘lsa, to‘qson to‘qqiztasini chetga surib qo‘yib, o‘sha bir dalilni olish kerak”, deyishgacha borib yetdilar. Bu esa barcha ahli sunna ulamolarimizning tutgan yo‘llariga butunlay ziddir.

Hozirgi kundagi musulmonlarni kofirga chiqaruvchilarning asosiy xatolari – dinni puxta bilmaslik, oyat-hadislarni yengil-yelpi tushunish, mo‘tabar mujtahid ulamolar, mufassirlar va hadislarga sharh yozgan buyuk olimlarning so‘zlarini bilmasliklari yoki bilsalar ham, e’tiborga olmasliklaridir. Misol uchun ayrim johil toifalar

﴿فَاذْكُرُونِي أَذْكُرْكُمْ وَاشْكُرُوا لِي وَلَا تَكْفُرُونِ﴾

“Bas, Meni eslangiz, sizni eslarman. Va Menga shukr qilingiz, kufr qilmangiz” (Baqara surasi, 152) oyatidagi وَلَا تَكْفُرُونِ degan joyini “Menga kofir bo‘lmanglar” deb tafsir qilishadi. Ya’ni, gapni kofirlikka buradilar.

Vaholanki, biror mufassir bu so‘zni “kufr” deb tafsir qilmagan, balki, “noshukrlik” deb tafsir qilganlar. Masalan, Imom Qurtubiy buni shunday tafsir qilgan: فَالْكُفْرُ هُنَا سَتْرُ النِّعْمَةِ ya’ni, “bu joydagi “kufr” so‘zi Alloh bergan ne’matni yashirish – noshukrlik qilishdir”, degan.

Bunday misollarni Qur’oni karim va hadisi shariflardan ko‘plab keltirish mumkin.

Shunday ekan, Qur’oni karimda yoki hadisi shariflarda “kufr” so‘zi yoki unga o‘zakdosh kalimalar kelganda, undan faqat kofirlik nazarda tutilgan deb tushunmasdan, balki mo‘tabar mufassir va muhaddis ulamolarimizning tafsir va sharhlariga qarab xulosa chiqarishimiz shart bo‘ladi.

Xulosa o‘rnida shuni aytish mumkinki, musulmonni kofirga chiqarishga hech kimning haqqi yo‘q. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam, sahobai kiromlar, tobeinlar va ularga ergashgan ulamolarimiz gunohkor musulmonlarni murtad yoki kofirga chiqarmaganlar.

Shunday ekan, musulmon shaxs o‘zini sunnatga hamda salafi solihlar yo‘liga ergashishini da’vo qilar ekan ularning yo‘lini mahkam tutishi lozim.

 

O‘tkirbek Sobirov

O‘zbekiston musulmonlari idorasi mas’ul xodimi

Toshkent islom instituti o‘qituvchisi

MAQOLA