O‘zbekiston musulmonlari idorasi Sirdaryo viloyati vakilligi hamda Sirdaryo viloyat hokimligi hamkorligida viloyatimizda xizmat qilayotgan imom-xatib va imom-noiblarning jismoniy faolligini oshirish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, shuningdek, o‘zaro jamoaviy hamjihatlik va hamkorlik ruhini mustahkamlash maqsadida 2026 yil 24 yanvar kuni voleybol, stol tennisi hamda shaxmat-shashka yo‘nalishlari bo‘yicha sport musobaqalari tashkil etildi.
Ushbu sport bellashuvlarida viloyatimizning barcha tuman va shaharlaridan tashrif buyurgan imom-xatib va imom-noiblar faol ishtirok etdilar. Musobaqalar do‘stona muhitda, yuqori sport ruhida o‘tib, ishtirokchilarga ko‘tarinki kayfiyat va iliq taassurotlar ulashdi.
Tadbir yakunida g‘olib va faol ishtirokchilarga tashkilotchilar tomonidan faxriy yorliqlar hamda qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Sirdaryo viloyati vakilligi Matbuot xizmati
#xabar #haj2026 #ellikboshi #vazifa
Joriy yilning 13 aprel kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari ishtiroklarida “Haj – 2026” mavsumida hojilar ibodatiga boshchilik qiluvchi guruh rahbarlarining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Muftiy hazratlari haj qiluvchi inson Haq taoloning mehmoni ekani, shu bois haj amalini bajarayotgan kishiga ko‘mak bergan, uning og‘irini yengil qilgan inson ulug‘ ajru savoblarga noil bo‘lishini so‘zlab, har bir ellikboshi Rahmonning mehmonlariga O‘zi rozi bo‘ladigan darajada sidqidildan xizmat qilishi lozimligini alohida qayd etdilar.
Yig‘ilishda joriy mavsumni namunali o‘tkazish uchun amalga oshirilayotgan ishlar, jumladan, 300 nafardan ziyod ellikboshi saralab olingani, o‘quv-seminar mashg‘ulotlari o‘tkazilgani, ziyoratchilar bilan uchrashuvlarda e’tibor qilinishi zarur bo‘lgan masalalarga urg‘u qaratildi.
Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari o‘z so‘zlari davomida muborak safarga qadar ziyoratchilar bilan muntazam suhbatlar tashkil etish va ularda hajning tartib-qoidalari, ahkomlari, o‘ziga xos mashaqqatlarini tushuntirish hamda zikru duolar qilish va yurtdoshlarimizning barcha savollariga javob berish zarurligini ta’kidladilar.
Shuningdek, haj amaliga oid shar’iy masalalarda faqat Fatvo markazi fatvolariga rioya etish, haj safariga doir qonunchilik va me’yoriy hujjatlarni puxta bilish, o‘zaro yordam muhitini shakllantirish, zikru ibodatlarni ko‘paytirib, safarni mazmunli o‘tkazish bo‘yicha zarur tavsiyalar berildi.
Tadbir yakunida Haq taolodan bu yilgi haj mavsumi muvaffaqiyatli o‘tishini so‘rab xayrli duolar qilindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati