Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutida 2-kurs talabalari uchun 26 yanvardan 21 fevralga qadar 4 haftalik tanishuv malakaviy amaliyoti tashkil etildi. Amaliyot nazariy bilimlarni amaliy tajriba bilan uyg‘unlashtirish va talabalarning kasbiy ko‘nikmalarini oshirishga qaratilgan.
Talabalar O‘zbekiston musulmonlari idorasining ta’lim, Qur’on va tajvid, masjidlar, xalqaro aloqalar, kutubxona, xotin-qizlar hamda matbuot bo‘limlarida, shuningdek, Fatvo markazi, «Vaqf» fondi va boshqa tizim tashkilotlarida amaliyot o‘tamoqdalar.
Amaliyot davomida ular ish jarayonlari bilan tanishib, soha mutaxassislaridan tajriba orttirmoqda, jamoada ishlash va mustaqil qaror qabul qilish ko‘nikmalarini rivojlantirmoqdalar.
Mazkur jarayon talabalarning kasbiy salohiyatini oshirish va raqobatbardosh mutaxassis sifatida shakllanishida muhim ahamiyat kasb etadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Bugun, 10 avgust kuni Xorazm viloyati Urganch shahridagi «Oxun bobo» jome masjidida xayrli va saxovatpesha tadbir tashkil etildi.
O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi hamda yaqinlashib kelayotgan yangi o‘quv yili munosabati bilan Urganch shahar bosh imom-xatibi Hasanboy domla va saxovatpesha homiylar tashabbusi bilan boquvchisini yo‘qotgan hamda kam ta’minlangan oilalar holidan xabar olindi.
Tadbir doirasida maktab yoshidagi o‘quvchilarga yangi o‘quv yili uchun zarur bo‘lgan maktab formasi, sumka va to‘liq o‘quv qurollari to‘plamlari tantanali ravishda topshirildi.
Marosim yakunida yurtimiz tinchligi, xonadonlar fayzu barakasi va xayrli ishga hissa qo‘shgan barcha saxovatpesha insonlar haqiga ezgu duolar qilindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati