Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutida 2-kurs talabalari uchun 26 yanvardan 21 fevralga qadar 4 haftalik tanishuv malakaviy amaliyoti tashkil etildi. Amaliyot nazariy bilimlarni amaliy tajriba bilan uyg‘unlashtirish va talabalarning kasbiy ko‘nikmalarini oshirishga qaratilgan.
Talabalar O‘zbekiston musulmonlari idorasining ta’lim, Qur’on va tajvid, masjidlar, xalqaro aloqalar, kutubxona, xotin-qizlar hamda matbuot bo‘limlarida, shuningdek, Fatvo markazi, «Vaqf» fondi va boshqa tizim tashkilotlarida amaliyot o‘tamoqdalar.
Amaliyot davomida ular ish jarayonlari bilan tanishib, soha mutaxassislaridan tajriba orttirmoqda, jamoada ishlash va mustaqil qaror qabul qilish ko‘nikmalarini rivojlantirmoqdalar.
Mazkur jarayon talabalarning kasbiy salohiyatini oshirish va raqobatbardosh mutaxassis sifatida shakllanishida muhim ahamiyat kasb etadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Kuvaytning “Q8 Press” nashrida I Xalqaro islom sivilizatsiyasi forumi yakunlariga bag‘ishlangan maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Nashrda qayd etilishicha, forum islom sivilizatsiyasi merosini o‘rganish, asrab-avaylash va targ‘ib qilish sohasida xalqaro hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqadigan muhim tadbirga aylangan. Uning asosiy natijasi sifatida mazkur yo‘nalishdagi global hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan, o‘nta xalqaro tashabbusni qamrab olgan Toshkent deklaratsiyasining qabul qilingani bo‘ldi.
Ushbu deklaratsiya doirasida xalqaro tashkilotlar, ilmiy muassasalar, muzeylar, kutubxonalar va tadqiqot markazlarini birlashtiruvchi Jahon islom sivilizatsiyasi alyansini tashkil etish nazarda tutilgan.
Shuningdek, islom sivilizatsiyasi merosining jahon raqamli reyestri va kutubxonasini yaratish, xalqaro mukofot, jamg‘arma, ensiklopediya hamda muzeylar uyushmasini ta’sis etish rejalashtirilgan. Bundan tashqari, 2030 yilgacha mo‘ljallangan qo‘shma “Yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqish ham deklaratsiyaning muhim tashabbuslaridan biri sifatida belgilangan.
“Q8 Press” nashrining yozishicha, anjumanda ilgari surilgan tashabbuslar sheriklikni rivojlantirish, tarixiy-madaniy merosni asrab-avaylash, tinchlik, o‘zaro hurmat va madaniyatlararo muloqot qadriyatlarini mustahkamlashga xizmat qiladi.
O‘zbekiston musulmonlar idorasi Matbuot xizmati