Qashqadaryo viloyatida muborak Ramazon oyini yuqori saviyada kutib olish va mo‘min-musulmonlar uchun masjidlarda qulay shart-sharoitlar yaratish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. O‘zbekiston musulmonlari idorasining tegishli buyrug‘i asosida hududlardagi ibodat maskanlari mavsumga shay holatga keltirilmoqda.
Amalga oshirilgan asosiy ishlar:
Masjid binolari va atrofi obodonlashtirilib, sanitariya holati yaxshilandi;
Tahoratxonalar, isitish va yoritish tizimlari texnik ko‘rikdan o‘tkazildi;
Taroveh namozlarini xavfsiz va tartibli o‘tkazish bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlar belgilandi.
Joriy yilning 28 yanvar kuni viloyat hokimining o‘rinbosari Farhod Kushakov hamda viloyat bosh imom-xatibi Rahmatillo domla Usmonov Koson tumanidagi masjidlar faoliyati bilan tanishdilar. O‘rganish davomida namozxonlar uchun yaratilgan imkoniyatlar ko‘zdan kechirilib, mavjud kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan zarur tavsiyalar berildi.
Bu kabi o‘rganish ishlari viloyatning barcha tumanlarida davom ettiriladi. Maqsad — muqaddas oyni yuksak ruhiy kayfiyatda, tinchlik va osoyishtalikda o‘tkazishdir.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Qashqadaryo viloyati vakilligi
Axborot xizmati
#Xushxabar
O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi kengashi qaroriga ko‘ra, Toshkent shahridagi Novza jome masjidi imom-xatibi Jaloliddin domla Hamroqulov «Ijtimoiy-ma’naviy tarbiya nazariyasi» ixtisosligi bo‘yicha faxriy professor ilmiy unvoni bilan taqdirlandi.
Ustozning dinimiz sof ta’limotini targ‘ib etish, yosh avlodni ma’naviy barkamol etib tarbiyalash hamda ilmiy-ma’rifiy faoliyatdagi ko‘p yillik xizmatlari yuksak e’tirof etildi.
Alloh taolo Jaloliddin domlaga ushbu unvonni muborak aylab, ilmiy va ma’rifiy ishlarida baraka, sog‘lik va muvaffaqiyat ato etsin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati