Sayt test holatida ishlamoqda!
17 Iyul, 2026   |   3 Safar, 1448

Toshkent shahri
Tong
03:24
Quyosh
04:59
Peshin
12:34
Asr
17:40
Shom
19:58
Xufton
21:30
Bismillah
17 Iyul, 2026, 3 Safar, 1448

Qulog'ingizni kesmang!

11.01.2024   1018   4 min.
Qulog'ingizni kesmang!

Hikoya qilinishicha, bir davlatning malikasi podshohi uchun valiahd dunyoga keltirishi kechikib ketibdi. Podshoh mamlakatning turli mintaqalariga elchilar jo'natib eng yaxshi tabiblarni yig'ib kelibdi. Alloh malikaga o'sha tabiblarning qo'li bilan shifo berib, malika valiahdga homilador bo'libdi.

Podshoh quvonchdan ko'klarga uchibdi va shahzoda tug'ilishini kun sanab kutibdi. Nihoyat muddati etib valiahd dunyoga kelganda hammani dahshat qurshab olibdi. Gap shundaki, bola bir quloqli bo'lib tug'ilgan ekan!

Podshoh bundan qattiq bezovtalanibdi va shahzoda ulg'aygach undagi bu nuqson taxtga o'tirishdan mosuvo qilib qo'yishidan qo'rqibdi. U masalaga echim topish maqsadida hamma vazirlari-yu maslahatchilarini yig'ibdi. Maslahatchilardan biri bunday debdi: Podshohim, buning echimi juda oson. Yangi tug'iladigan bolalarning hammasini tug'ilgan payti bitta qulog'ini kesib chiqish kerak. Shunda shahzodamiz ulg'ayganda hamma u bilan bir xil bo'ladi.

Podshohga bu fikr yoqibdi va tug'ilgan chaqaloqning bitta qulog'ini kesib qo'yish bu mamlakatda odat tusiga aylanibdi.

Oradan bir necha o'n yil o'tib aholining hammasi bir quloqli bo'lib qolibdi!

Bir kuni boshqa mamlakatdan bir yigit kelib qolibdi, uning odatdagidek ikkita qulog'i bor ekan. Mamlakat aholisi bu g'arib holatdan ajablanishibdi va uni o'rtaga olib masxaralashibdi. Uni mazahlab “Hoy ikki quloqli” deb chqirishar ekan!

Oxiri baribir tinch qo'ymay, o'zlariga o'xshatib qo'yish uchun uning ham bitta qulog'ini kesib qo'yishibdi. Shunday qilib jamiyat to'laligicha manqurtga aylanibdi. Bunday holat tarixda ming marotabalab kuzatilgan.

Alloh taolo payg'ambarlarni jamiyatdagi mana shunday fikriy va diniy to'siqlarini, qoloqliklarini to'g'irlash uchun yuboradi.

Mana masalan Ibrohim alayhissalomning jamiyatiga shirk g'ov bo'lgan edi. Ibrohim alayhissalom ular ichida yolg'iz bo'lsalar ham ularning manqurtligiga qo'shilmadilar.

Lut alayhissalom xalqi o'sha buzuq ish bilan mashhur edi. Lut alayhissalom ular ichida yolg'iz bo'lsalarda ularning buzuqligiga qo'shilmadilar.

Hato ish hamma odamlar qilsa ham xatoligicha qolaveradi. To'g'ri ish hech kim bajarmasada to'g'rib o'lib qolaveradi!

Qulog'ingizni kesmang!

To'g'ri yo'lda ekaningizga ishongiz komil bo'lsa, boshqalarni rozi qilaman deb undan og'mang. Axir ular xatolaridan xijolat bo'lishmayapti-ku, siz nega to'g'riligingizdan xijolat bo'lishingiz kerak?!

Doim yodda tuting, Qur'oni karimning qaysiki joyida “Ko'pchilik odamlar” so'zi kelgan bo'lsa, doim ketidan:

Yo “Bilmaydilar” (A'rof surasining 187-oyatida, Yusuf surasining 21, 40, 68-oyatlarida, Nahl surasining 38-oyatida, Rum surasining 6 va 30-oyatida, Saba' surasining 28 va 36-oyatida, G'ofir surasining 57-oyatida, Josiya surasining 26-oyatida);

Yoki “Aql yuritmaydilar” (Moida surasining 103-oyatida, Ankabut surasining 63-oyatida, Hujurot surasining 4-oyatida);

Yoxud “Iymon keltirmaydilar” (Hud surasining 17-oyatida, Ra'd surasining 1-oyatida, G'ofir surasining 59-oyatida) so'zi kelgan. Shu uchta so'z doimo “ko'pchilik odamlar” so'zi bilan yonma-yon keladi.

Bundan kelib chiqadiki ko'pincha jamiyatdagi odamlarning aksariyati xato yo'lda bo'ladi va bu bilan “ko'pchilik tarafda bo'lish kerak” degan g'oya puchga chiqadi.

Doktor Hasson Shamsi Poshoning "Metin qoyalar" kitobidan

G'iyosiddin Habibulloh, Ne'matulloh Isomov tarjimasi.

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Iordaniya tashqi ishlar vaziri: «O‘zbekiston tarixi uning kelajak taraqqiyotining eng katta tayanchidir»

16.07.2026   11714   4 min.
Iordaniya tashqi ishlar vaziri: «O‘zbekiston tarixi uning kelajak taraqqiyotining eng katta tayanchidir»

Yaqin Sharq va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi strategik hamkorlik yangi bosqichga chiqmoqda. Iordaniya Hoshimiylar Podshohligi Bosh vazirining o‘rinbosari va tashqi ishlar vaziri Ayman as-Safadiyning O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrifi ikki mamlakat o‘rtasida so‘nggi yillarda jadal rivojlanayotgan siyosiy muloqot, madaniy diplomatiya va iqtisodiy hamkorlikning amaliy davomidir. Tashrif davomida tarixiy meros, sivilizatsiyalar muloqoti va zamonaviy taraqqiyot konsepsiyalarini uyg‘unlashtirgan Markaz ekspozitsiyalari bilan tanishgan delegatsiya O‘zbekistonning boy sivilizatsion merosi bugungi tashqi siyosat va xalqaro hamkorlik strategiyasining muhim qismiga aylanayotganini ta’kidladi, xabar bermoqda iccu.uz.

Iordaniya Hoshimiylar Podshohligi Bosh vazirining o‘rinbosari, Tashqi ishlar va xorijdagi vatandoshlar vaziri Ayman as-Safadiy boshchiligidagi rasmiy delegatsiya O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi.

Delegatsiya a’zolari Markaz muzeyi ekspozitsiyalari bilan tanishtirilib, uning konsepsiyasi haqida batafsil ma’lumot berildi.

Mehmonlarda eng katta qiziqish uyg‘otgan ekspozitsiyalardan biri Buyuk Ipak yo‘liga bag‘ishlangan bo‘lim bo‘ldi. Qadimgi savdo yo‘llari xaritalari, Sharq va G‘arbni bog‘lagan karvon yo‘llari, sivilizatsiyalar o‘rtasidagi iqtisodiy, ilmiy va madaniy almashinuv jarayonlarini aks ettiruvchi ekspozitsiyalar yuzasidan delegatsiya a’zolari mutaxassislarga ko‘plab savollar bilan murojaat qildi.

Amir Temur va Temuriylar davriga bag‘ishlangan bo‘lim ham mehmonlarda katta taassurot qoldirdi. Ayniqsa, mashhur xattot Umar Aqto tomonidan ko‘chirilgan ulkan Qur’on qo‘lyozmasi, Bibixonim tarixi hamda Temuriylar davrining yuksak madaniy muhitini aks ettiruvchi eksponatlar alohida e’tibor markazida bo‘ldi.

Delegatsiya, shuningdek, Yangi O‘zbekiston – Uchinchi Renessans poydevori ekspozitsiyasida O‘zbekistonning xalqaro maydondagi zamonaviy tashqi siyosati va global hamkorliklariga bag‘ishlangan interaktiv xaritaga ham alohida e’tibor qaratdi. Turli davlatlar bilan shakllangan strategik sheriklik va diplomatik munosabatlarni aks ettiruvchi raqamli ekspozitsiyalar mehmonlarda katta qiziqish uyg‘otdi.

Yangi O‘zbekiston – Uchinchi Renessans poydevori ekspozitsiyasida tashkil etilgan sport bo‘limi esa tashrifning eng samimiy lahzalaridan biriga aylandi. O‘zbekiston sportchilarining Olimpiya o‘yinlari va jahon chempionatlarida qo‘lga kiritgan yutuqlari haqidagi ma’lumotlar delegatsiya a’zolarida katta qiziqish uyg‘otdi. Suhbat davomida sportning xalqlar o‘rtasida o‘zaro ishonch, do‘stlik va hamkorlikni mustahkamlovchi muhim vosita ekani alohida qayd etildi.

Ayman as-Safadiy, Iordaniya tashqi ishlar vaziri:

– O‘tgan yili Janobi Oliylari Qirol Abdulloh II ibn al-Husaynning O‘zbekistonga amalga oshirgan tarixiy davlat tashrifidan so‘ng bu yerga kelish men uchun alohida mamnuniyatdir. O‘sha tashrif mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqqan muhim voqea bo‘ldi. Bizni qardoshlik rishtalari, mushtarak tarix va o‘zaro ishonch birlashtirib turadi. Bugun esa ushbu hamkorlikni yanada chuqurlashtirish yo‘lida izchil ish olib boryapmiz.

Bugungi O‘zbekiston keng qamrovli islohotlar va jadal taraqqiyot bosqichini boshdan kechirmoqda. O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ushbu taraqqiyotning ma’naviy asoslarini mustahkamlaydigan, milliy merosni ilmiy asosda saqlash va uni xalqaro hamjamiyatga taqdim etishga xizmat qiladigan muhim muassasadir.

Boy tarixni kelajak taraqqiyoti bilan bog‘lay olgan bunday maskan har qanday xalq uchun bebaho boylikdir. Ishonamanki, ana shu mustahkam tarixiy poydevor O‘zbekistonning kelgusi taraqqiyotiga ham xizmat qiladi.

Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun aniq maqsad va ravshan istiqbolga egamiz. Oldimizda hali foydalanilmagan ulkan imkoniyatlar mavjud. Joriy yil yakunida O‘zbekiston Prezidentining Ammon shahriga tashrifini katta mamnuniyat bilan kutmoqdamiz. Ishonchim komilki, bu uchrashuv strategik sherikligimizni yanada mustahkamlab, ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarga yangi sur’at bag‘ishlaydi, — dedi Iordaniya tashqi ishlar vaziri.

Tashrif yakunida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov delegatsiya a’zolariga Markazning esdalik sovg‘alarini topshirdi.

Shuningdek, Ayman as-Safadiy Markazning «Faxriy mehmonlar» kitobiga o‘z taassurotlarini yozib qoldirdi. Ushbu qayd O‘zbekiston va Iordaniya o‘rtasidagi tarixiy do‘stlik, umumiy ma’naviy qadriyatlar hamda strategik sheriklikni yanada mustahkamlashga qaratilgan umumiy intilishlarning ramziy ifodasi bo‘ldi.

O‘zbekiston musulmonlar idorasi Matbuot xizmati

 

O'zbekiston yangiliklari