Sayt test holatida ishlamoqda!
14 Sentabr, 2026   |   3 Rabi`us soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:42
Quyosh
06:02
Peshin
12:19
Asr
16:44
Shom
18:39
Xufton
19:54
Bismillah
14 Sentabr, 2026, 3 Rabi`us soni, 1448
Maqolalar

Ekran ortidagi tajovuz

30.01.2026   9482   2 min.
Ekran ortidagi tajovuz

Bugun biz axborot asrida yashayapmiz. Tugmani bir bosish bilan dunyoning istalgan nuqtasidagi yangilikdan boxabar bo‘lamiz. Biroq, bu imkoniyat o‘zi bilan birga ma’naviy inqirozni ham olib keldi.

Internetdagi anonimlik va chegarasizlik madaniyatsizlikka yo‘l ochib berdi. Ayniqsa, so‘nggi paytlarda tarmoqlarda olimlarni, ziyolilarni va o‘z sohasining mutaxassislarini haqorat qilish, ularni obro‘sizlantirishga urinish holatlari tez-tez uchramoqda.

Tarixdan ma’lumki, qaysi jamiyatda ilm ahli qadrlansa, o‘sha yurt yuksalgan. Olim – bu yillar davomida misqollab bilim yiqqan, uyqusiz tunlar, mashaqqatli mehnat evaziga shu darajaga chiqqan va jamiyatga naf keltiradigan shaxs bo‘lib yetishgan. Uni haqorat qilish nafaqat bir insonga, balki u ifodalayotgan ilmga, ma’rifatga va tafakkurga qilingan tajovuzdir.

Ziyoli insonlarni qadrlash shunchaki insoniy fazilat emas, balki ilohiy buyruqdir. Qur’oni Karimda olimlarning maqomi haqida shunday marhamat qilinadi:

«...Alloh sizlardan iymon keltirganlarni va ilm berilganlarni darajalarga ko‘tarur...» (Mujodala surasi, 11-oyat).

Alloh taolo darajasini baland qilib qo‘ygan shaxslarni internetda pastga urishga urinish, nafaqat ilmga, balki ilohiy taqsimotga ham hurmatsizlikdir.

Olimlarni obro‘sizlantirishga urinishlarning bir nechta sababi bor:

  • Johillik: Ilmdan yiroq kimsalar olimlarning fikrlarini tushunmaydi, buni "xato" deb o‘ylaydi va ularning qadrini to‘g‘ri baholay olmaydi.
  • E’tibortalabalik: Mashhur insonga tosh otish orqali o‘zining borligini ko‘rsatishga urinadi, “xayp” qilmoqchi bo‘ladi va shu orqali “obunachilarga” ega bo‘lishga harakat qiladi.
  • Mas’uliyatsizlik: Ekran ortida o‘tirib, “menga hech kim hech narsa qilolmaydi” degan xomxayolga beradi.

Ilmiy bahs-munozara sog‘lom jamiyat belgisi. Agar biror olimning fikriga qo‘shilmasangiz, uning fikrlariga ilmiy asoslangan raddiya yozing. Ammo shaxsiyatga o‘tish, oilasini yoki obro‘sini tajovuz va haqorat qilish, bu zaiflik va madaniyatsizlik alomatidir.

Ilm ahlini xor qilgan jamiyatda baraka bo‘lmaydi va u yerda adolat qaror topmaydi.

Shuni yodda tutish kerakki, O‘zbekiston qonunchiligiga ko‘ra, internetdagi haqorat va tuhmat uchun ma’muriy hamda jinoiy javobgarlik belgilangan. Ijtimoiy tarmoqda yozilgan har bir so‘z uchun qonun oldida javob berishga to‘g‘ri kelishi ham mumkin.

Internet bizning madaniyatimiz ko‘zgusi. Bu ko‘zguni haqorat va nafrat bilan emas, hurmat va ilm bilan to‘ldiraylik. Zero, olimlarni asrash kelajakni asrash demakdir.

Shermuhammad Boltayev,

Xorazm viloyati Shayx Qosim bobo

masjidi imom-xatibi

MAQOLA
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Oliy ma’hadning 1-kurs talabalari O‘zbekiston musulmonlari idorasi faoliyati bilan tanishtirildi

13.09.2026   14206   1 min.
Oliy ma’hadning 1-kurs talabalari O‘zbekiston musulmonlari idorasi faoliyati bilan tanishtirildi

Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutiga yangi qabul qilingan 1-kurs talabalari O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari ustoz Zayniddin domla hamrohligida idora faoliyati bilan yaqindan tanishdilar.

Tanishuv davomida talabalarga O‘zbekiston musulmonlari idorasining tarixi, tuzilmasi, asosiy vazifalari va faoliyat yo‘nalishlari haqida ma’lumot berildi. Shuningdek, diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan ishlar, ta’lim va ma’rifat yo‘nalishidagi loyihalar xususida so‘z yuritildi.

Talabalar idora faoliyatiga oid o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olib, kelgusidagi ta’lim va kasbiy faoliyatlari uchun muhim ma’lumotlarga ega bo‘ldilar.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari