Bu dunyo hayoti – sinov.
Bu dunyo hayoti – ne’mat.
Bu dunyo hayoti – omonat.
Bu dunyo hayotida baxt qadrini bilish uchun qayg‘u, sukunatni his qilish uchun olamon, yomg‘irni sevish uchun jazirama, inson qadrini bilish uchun esa ba’zan uning yo‘qligi kerak bo‘ladi...
Aqlli inson bilib yashaydiki, har kun, har dam g‘animat. Ertangi kunga kafolat berilmagan: “Biror jon ertaga nima ish qilishini bilmas. Biror jon qayerda o‘lishini ham bilmas. Albatta, Alloh biluvchi va xabardor zotdir” (Luqmon surasi, 34-oyat)
Biz esa, hayot ma’nisini ko‘pincha mol-dunyo, mansab, shon-shuhrat, rohat bilan deb o‘ylaymiz. Lekin asl hayot faqat bu dunyo bilan tugamaydi. Demak, bu dunyo hayoti – bir yo‘l, oxirat – manzil, bizlar esa yo‘lovchilar ekanmiz. Shunday ekan, bizga manzilda kerak bo‘ladigan narsalarga intilishimiz, shularni zaxira qilishimiz lozim ekan.
Akbarshoh Rasulov
Rossiyaning “Industriya turizma i kulturi” jurnalida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi faoliyatiga bag‘ishlangan maqola chop etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Maqolada yozilishicha, Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan barpo etilgan, 65 metrli moviy gumbazga ega, 10 gektarlik majmua Uchinchi Renessans davrining ramziga aylangan.
Binoning me’morchiligi Temuriylar davri me’morchilik an’analari va zamonaviy texnologik yechimlarni o‘zida mujassam etgan. YUNЕSKO tomonidan “Jahon xotirasi” xalqaro reyestriga kiritilgan VII asrga oid Usmon Qur’oni qo‘lyozmasi ekspozitsiyaning asosiy xazinasidir.
Nashrda islomgacha bo‘lgan davrdan Yangi O‘zbekistongacha bo‘lgan tarixiy davrlarni qamrab olgan “Sivilizatsiya–Shaxslar–Kashfiyotlar” muzey konsepsiyasi batafsil yoritilgan. O‘quvchilar e’tiboriga markazning asosiy innovatsiyalari – interaktiv “Sivilizatsiyalar devori”, VR va AR texnologiyalari, sun’iy intellekt, “1001 ixtiro” bolalar laboratoriyasi havola qilingan.
Xalqaro hamkorlik va ilmiy infratuzilmaga alohida urg‘u berilgan. Jahon auksion uylari, xususiy kolleksionerlar va O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati (WOSCU) bilan tizimli ishlash natijasida mingdan ortiq noyob osori-atiqalar va qo‘lyozmalar vatanga qaytarildi.
Jurnalda ta’kidlanganidek, loyihaning yuqori xalqaro e’tirofi natijasida Islom sivilizatsiyasi markazi “Prix Versailles” xalqaro mukofoti talqiniga ko‘ra, “2026 yilning eng go‘zal muzeylari” ro‘yxatiga kiritildi. Ushbu yutuq “Smithsonian Magazine”, “BBC Travel”, “National Geographic” kabi nufuzli jahon nashrlarida keng yoritildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati