Bu dunyo hayoti – sinov.
Bu dunyo hayoti – ne’mat.
Bu dunyo hayoti – omonat.
Bu dunyo hayotida baxt qadrini bilish uchun qayg‘u, sukunatni his qilish uchun olamon, yomg‘irni sevish uchun jazirama, inson qadrini bilish uchun esa ba’zan uning yo‘qligi kerak bo‘ladi...
Aqlli inson bilib yashaydiki, har kun, har dam g‘animat. Ertangi kunga kafolat berilmagan: “Biror jon ertaga nima ish qilishini bilmas. Biror jon qayerda o‘lishini ham bilmas. Albatta, Alloh biluvchi va xabardor zotdir” (Luqmon surasi, 34-oyat)
Biz esa, hayot ma’nisini ko‘pincha mol-dunyo, mansab, shon-shuhrat, rohat bilan deb o‘ylaymiz. Lekin asl hayot faqat bu dunyo bilan tugamaydi. Demak, bu dunyo hayoti – bir yo‘l, oxirat – manzil, bizlar esa yo‘lovchilar ekanmiz. Shunday ekan, bizga manzilda kerak bo‘ladigan narsalarga intilishimiz, shularni zaxira qilishimiz lozim ekan.
Akbarshoh Rasulov
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Bu sizga iztiroblarni sindirish, muvaffaqiyat tomon yurish, do‘stlikni saqlash va oilada baxtiyor bo‘lishga yordam beradi. Chunki dunyoqarashi keng inson boshqalarning tabiatlarini tushunadigan, o‘zgarishlar qilishga qodir, o‘zini boshqalar o‘rniga qo‘yib ko‘radigan va vaziyatlarga o‘z holicha baho bera oladigan inson bo‘ladi.
Dunyoqarashi keng inson turli ishlarni a’lo darajada tushunadi, boshiga biror qiyinchilik tushgan yoki o‘zi orzu qilgan narsa amalga oshmay qolgan vaqtda hayot tabiatini, unda kam-ko‘stsiz maza qilib yashayotgan inson yo‘qligi hamda gohida inson yomon ko‘rgan narsasida yaxshilik bo‘lishi va gohida esa yaxshi ko‘rgan narsasida yomonlik bo‘lishi mumkinligini, yaxshilik Alloh iroda etgan narsada ekanini yaxshi anglaydi.
Dunyoqarashi keng inson ushbu keng borliqning bir parchasi ekanini, bu borliqning alamlari va shodliklaridan unga bir nasiba borligini yaxshi biladi. Shuning uchun ham og‘ir zarbalardan dovdirab qolmaydi. Dunyoqarashi tor inson esa bu yomonlik yoki mushkul ish ungagina yetgan, o‘zini doim zulm qilinadigan va unga doim yomonlik yetadigan inson deb his qiladi. Dunyoqarashi keng inson esa bunday narsalarni his qilmaydi, bor kuchini eng yaxshi narsaga erishishga sarf etadi va o‘ziga berilgan narsaga rozi bo‘ladi.
Shu’la: Bugun baxtiyor bo‘ling, ertaga emas!
Doktor Oiz al-Qarniyning
"Dunyodagi eng baxtli ayol" kitobidan