Azq qudug‘i (بئر عذق) — Madinai munavvaradagi mashhur quduqlardan biri bo‘lib, Qubo masjididan taxminan 150-200 metr g‘arbda joylashgan. Quduq hozirgi kunda "Mustazol" (soyalanish joyi) deb nomlanuvchi bog‘ ichida joylashgan.
Madina ahli Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamni hijrat qilib kelganlarida aynan shu quduq yaqinida kutib olishgan.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Madinaga yetib kelib, Banu Amr qavmi mahallasiga, Kulsum ibn Hadm roziyallohu anhunikida to‘xtaganlar. Qavm U zotga shu yerdagi bog‘ning "mirbad"ini, ya’ni xurmo terib, quritiladigan joyni hadya qilgan.
Ushbu joyga Payg‘ambarimiz alayhissalom Islom tarixidagi ilk masjid Qubo masjidining poydevorini chizib, qurishni boshlaganlar.
Hozirgi kunda Azq qudug‘i ko‘milib ketmagan, hanuz foydalanilmoqda. U yerga suv nasosi o‘rnatilgan bo‘lib, ziyoratchilar Sarvari koinot sollallohu alayhi vasallam davridagidek, undan tahorat olishlari va ichishlari mumkin.
Toshkent islom instituti
katta o‘qituvchisi Po‘latxon Kattayev
Eng ulug‘, eng aziz bayram – Mustaqillik shodiyonalariga sanoqli kunlar qoldi. Ayyom arafasida kam ta’minlangan, boquvchisini yo‘qotgan, o‘zgalar ko‘magiga muhtoj bemorlar, keksalar holidan xabar olinib, ularga bayram tuhfalari yetkazib berilyapti.
Bugun Toshkent shahar bosh imom-xatibi Abduqahhor domla Yunusov boshchiliklarida imom-domlalar, homiylar poytaxtimizning Olmazor tumanidagi "Islomobod" masjidida yig‘ilib, ehtiyojmand oilalar holidan xabar olishdi.
«Vaqf» xayriya jamoat fondi Toshkent shahar filiali hamda homiylar ko‘magida tayyorlangan oziq-ovqatlar jamlanmasi, shirinliklardan iborat ehsonlar bilan xonadonlarga kirib borildi.
Ko‘ngli o‘ksik insonlar bayram tuhfalarini olib, aziz yurtimizda hech kim mehr va e’tibordan chetda emasligiga yana bir karra amin bo‘lishdi.
Alloh taolo ehsonlarni qabul qilsin. Savoblarini ko‘paytirib bersin!
Toshkent shahar vakilligi
Matbuot xizmati