حدثنا عبد الكريم بن الهيثم الديرعاقولي نا مصعب بن سعيد الحراني نا عيسى بن يونس عن المعلى بن عرفان عن شقيق عن عبد الله قال: كان رسول الله صلى الله عليه وسلم إذا شرب يتنفس على الإناء ثلاثة أنفاس يحمد الله على كل نفس ويشكره عند آخرهن.
Abdulloh roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi va ’alaa olihi vasallam suv ichayotganlarida uch marta to‘xtab, idish tashqarisida nafas olardilar. Har nafasda Allohga hamd aytib, oxirida Unga shukr qilardilar”.
Abu Said Haysam ibn Kulayb Shoshiyning
“Musnadi Shoshiy” asaridan
Davron NURMUHAMMAD tarjimasi
Boku shahrida Turkiy davlatlar muftiylari yig‘ilishi doirasida ulug‘ mutafakkir, tasavvuf olimi Sayyid Yahyo Bokuviy merosiga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya o‘z ishini boshladi.
Ushbu nufuzli tadbirda Turkiy davlatlar tashkiloti, Butunjahon musulmon donishmandlar kengashi, IRCICA, ICESCO, Al-Azhar ulamolar kengashi vakillari hamda yetuk sharqshunos va islomshunos olimlar ishtirok etmoqda.
Anjumanda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari ma’ruza qildilar.
Muftiy hazratlari Sayyid Yahyo Bokuviyning tasavvuf tarixidagi maqomi va uning ta’limoti haqida to‘xtaldilar. Shuningdek, nutqda alloma nafaqat tasavvuf, balki diniy ilmlar, tabiiy va aniq fanlarni egallagan qomusiy olim bo‘lgani, o‘ttizga yaqin asarlari inson nafsini tarbiyalashda muhim qo‘llanma ekani ta’kidlandi.
Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari Qur’oni karim va hadisi shariflarga tayangan holda qalb salomatligi va pokligi inson hayotining bosh mezoni ekanini bayon etib, turkiy xalqlarni bog‘lab turgan umumma’naviy ildizlarga alohida urg‘u berdilar:
«Hazrat Ahmad Yassaviy, Bahouddin Naqshband va Sayyid Yahyo Bokuviy kabi buyuk zotlar ilgari surgan nafs tarbiyasi, insonparvarlik va yuksak axloq g‘oyalari bugun ham qardosh xalqlarimizni birlashtirib turuvchi mustahkam ma’naviy ko‘prikdir. Bunday ulug‘ siymolar merosini hamkorlikda o‘rganish xalqlarimizning ma’naviy birligini mustahkamlash va yoshlarimizni sog‘lom e’tiqod ruhida tarbiyalashga xizmat qiladi».
Uch kunlik anjuman davomida O‘zbekiston ilmiy jamoatchiligi ham ma’ruzalar bilan ishtirok etadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati