Inson har bir a’zosining alohida vazifasi bor. Masalan, ko‘zning vazifasi ko‘rish, quloqniki eshitish, tilga so‘zlash vazifasi yuklatilgan, qalbning ishi esa sevishdir. Qalb yo Alloh taoloni sevadi yoki U zotning maxluqlarini yaxshi ko‘radi. Bandaning qalbida yo oxirat muhabbati yoki dunyo muhabbati bo‘ladi. Oxiratning muhabbati bilan qalb yaxshiliklarga shoshadi. Dunyo muhabbati borasida esa hadisi sharifda bunday ta’riflanadi:
حُبُّ الدُّنْيَا رَأْسُ كُلِّ خَطِيئَةٍ
“Dunyo muhabbati barcha yomonliklarning boshidir” (Imom Bayhaqiy rivoyati).
Ulamolarimiz ushbu hadisning sharhini bunday bayon qilganlar:
وَ تَرْكُهَا مِفْتَاحُ كُلِّ فَضِيْلَةٍ
“Dunyoning muhabbatini )qalbdan( chiqarish har bir fazilatning kalitidir”.
Ya’ni, dunyo muhabbatini qalbdan chiqarib tashlab, Alloh taoloning muhabbatini qalbga joylash mukammal mo‘minlikdan dalolatdir.
"Ilohiy ishq" kitobidan
Nodir Odinayev tarjimasi
Bugun, 15 sentyabr kuni Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev Boku shahrida bo‘lib o‘tayotgan Turkiy davlatlar muftiylari yig‘ilishi va xalqaro anjumanning nufuzli ishtirokchilarini qabul qildi.
Samimiy va do‘stona ruhda o‘tgan muloqotda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari Ozarbayjon yetakchisiga Davlatimiz Rahbarining samimiy salomi va ezgu tilaklarini yetkazdilar.
Uchrashuvda qardosh davlat Rahbari nutq so‘zlab, xalqaro anjumanlarning ahamiyatiga to‘xtaldi. Muloqot chog‘ida so‘nggi yillarda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi strategik sheriklik va do‘stona aloqalar yangi bosqichga ko‘tarilgani alohida e’tirof etildi.
Turkiy davlatlar yetakchilarining qat’iy siyosiy irodasi va sa’y-harakatlari natijasida ilm-fan, ta’lim, madaniy-gumanitar hamda diniy-ma’rifiy jabhalarda hamkorlik jadal sur’atlarda rivojlanayotgani ta’kidlandi. Bu ezgu sa’y-harakatlar Diniy idoralar rahbarlarining mushtarak maqsadlar yo‘lida birlashishi, xalqlarimiz o‘rtasidagi qardoshlik rishtalarini yanada mustahkamlash, tinchlik-osoyishtalikni asrash hamda zamonning dolzarb masalalari bo‘yicha mushtarak fatvo va bayonotlar qabul qilishda muhim poydevor bo‘layotgani qayd etildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati