Takfir iborasi arab tilidagi “kufr” so‘zining o‘zagidan olingan bo‘lib, lug‘atda inkor qilish, osiy bo‘lish, tan olmaslik kabi ma’nolarni anglatadi. Istilohda esa ikki xil ma’noda keladi. Biri – dinda, ya’ni, Alloh va Uning Rasuliga itoatsizlik ikkinchisi, in’om etilgan ne’matni mensimay, inkor etishga nisbatan qo‘llanilgan.
Islom tarixida, takfir tushunchasi xalifa Ali roziyallohu anhu davrida paydo bo‘lgan xorijiylar firqasi tomonidan o‘zlariga ergashmaganlarga nisbatan qo‘llanilgan. Ular dastlab xalifa Alining ashaddiy tarafdorlari bo‘lib, “Siffiyn” jangidan so‘ng hazrati Alidan o‘n ikki minglik qo‘shin bilan ajralib chiqib, unga va Muoviyaga qarshi barobar kurash boshlagan. Bugungi kunda mutaassiblar musulmonni asossiz kofirga chiqarib g‘uluvga ketmoqdalar.
Shariatda musulmonni uning musulmon ekanligiga qarshi dalil topilmagunicha musulmon, deb hukm qilinadi. Zero, Payg‘ambar (sollallohu alayhi va sallam)dan bunday deydilar: “Kim biz o‘qigan namozni o‘qisa, qiblamizga yuzlansa, biz so‘ygan narsalardan yesa, u musulmondir. Bizga nima huquq bo‘lsa, unga ham shu huquq va bizga nima majburiyat bo‘lsa, unga ham shu narsa majburiyatdir” (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati).
Bir musulmonni kofirga chiqarishdan oldin kufrga sabab deb o‘ylanayotgan u gapirgan so‘zi yoki ishiga qarash, uni yaxshilab o‘rganish shartdir. Zero, barcha fosid so‘z yoki ish kufr qiluvchi emasdir. Shuningdek, barcha insonlar o‘zgalarni kofirga chiqarishdan saqlanmoqlari, bu ishdan qochib, bu juda nozik masala bo‘lgani uchun ham uni olimlarga havola etish vojibdir. Ibn Umar (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: “Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Bir kishi birodariga “ey kofir!” desa bu gap aniq ikkisidan biriga tegishli bo‘ladi.
Agar u kishi rostan ham kofir bo‘lsa, unga qaytadi. Ammo unday bo‘lmasa, gapiruvchining o‘ziga qaytadi”, deb aytdilar (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati). Abu Zarr (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi. U zot Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ni bunday deyayotganlarini eshitgan: “Kim bir kishini “kofir” deb chaqirsa yoki “Allohning dushmani” desa, aslida u odam bunday bo‘lmasa, gaplari o‘ziga qaytadi” (Imom Muslim rivoyati). Tahoviy aqidasida: “Qibla ahlidan bo‘lgan biror-bir musulmonni gunohi kabira tufayli kofir sanamaymiz”, deyiladi. Shuningdek, boshqa aqida va ularga yozilgan sharhlarda katta gunoh qilgan kishilar garchi uni sodir etish paytida vafot etsa ham, qilgan ishini halol sanamasa, kofir bo‘lmasligi, agar o‘z uqubatlarini dunyoda olsa katta gunohi uchun kafforot bo‘lishi, mabodo vafot etsa, bu – Allohning xohishi: xohlasa azoblashi, xohlasa kechishi bayon etilgan.
Aqida ilmining yetuk bilimdoni Abul Hasan Ash’ariy aytadilar: “Men ahli qibladan birortasini kofirga chiqarmayman. Chunki ularning barchalari yolg‘iz ma’budga ibodat qiladilar”. Xulosa o‘rnida shuni aytish mumkinki, o‘zga insonni kofir deyish, unga jahannamda abadiy qolasan, deyishga teng gapdir. Buning ustiga jamiyat kishilari orasida uning o‘rnini o‘z bilganicha belgilab berish demakdir. Alloh taolo barchamizga o‘z dinimizni yaxshi anglab yetishimizni, oshkora va maxfiy fitnalarning barchasidan asrashini so‘raymiz.
Sayfiddin Boboqulov,
Mir Arab oliy madrasasi talabasi
Insonga mehr ko‘rsatish, muhtojning holidan xabar olish, bemorga tasalli berish va ehtiyojmandlarga ko‘mak qo‘lini cho‘zish xalqimiz ma’naviyatining azaliy fazilatlaridandir. Islom ta’limotida ham saxovat, mehr-oqibat va inson qadrini ulug‘lash eng ulug‘ amallardan biri sifatida e’tirof etilgan. Chunki bir insonning ko‘nglini ko‘tarish, uning qalbiga umid va ishonch bag‘ishlash jamiyatda mehr-muhabbat, hamjihatlik va totuvlikni mustahkamlaydi.
Shu ezgu qadriyatlarni hayotga tatbiq etish, aholining ehtiyojmand qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash va yurtdoshlarimiz qalbida mehr-shafqat tuyg‘ularini yanada kuchaytirish maqsadida 2026 yil 13 avgust kuni Samarqand viloyati Urgut tumanida keng ko‘lamli ma’naviy-ma’rifiy hamda xayr-saxovat tadbirlari o‘tkazildi.
Mazkur xayrli tadbirlarda Samarqand viloyati bosh imom-xatibi vazifasini vaqtincha bajaruvchi Nursultonxon domla Abdumannonov, viloyat bosh imom-xatibi o‘rinbosari Xayrullo domla Sattarov, VAQF xayriya jamoat fondi Samarqand viloyati filiali rahbari Yoqubjon domla Mansurov, uning o‘rinbosari A.Sultonov, shahar va tuman bosh imom-xatiblari, «Haj–2026» ziyoratchilari, mahalla faollari va nuroniylar ishtirok etdilar.
O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan ushbu xayrli aksiya doirasida ijtimoiy himoyaga muhtoj, kam ta’minlangan va boquvchisidan ayrilgan 300 ta oila holidan xabar olindi. Ularning xonadonlariga tashrif buyurilib, turmush sharoitlari o‘rganildi, oilalarga zarur oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berildi.
Tashriflar davomida bemor va keksalarning holidan xabar olinib, ular bilan samimiy suhbatlar o‘tkazildi. Ularning haqqiga shifo, xonadonlariga fayzu baraka, yurtimizga tinchlik-xotirjamlik tilab duolar qilindi. Zero, muhtojning ko‘nglini ko‘tarish va uni yolg‘iz emasligini his ettirish ham insonparvarlikning yuksak ko‘rinishidir.
Shu bilan birga, hayotida turli ijtimoiy qiyinchiliklarga duch kelgan hamda yot g‘oyalar ta’siriga tushib qolish xavfi mavjud bo‘lgan ayrim fuqarolar bilan yakka tartibda muloqotlar tashkil etildi. Suhbatlarda sof e’tiqod, oila muqaddasligi, farzand tarbiyasi, halol mehnat, Vatanga sadoqat, milliy va diniy qadriyatlarga hurmat, shuningdek, turli buzg‘unchi g‘oyalarga nisbatan ma’naviy immunitetni mustahkamlash masalalari hayotiy misollar asosida tushuntirildi.
Tadbirlar doirasida Urgut tumanidagi jome masjidlarda peshin namozidan so‘ng ma’naviy-ma’rifiy uchrashuvlar ham o‘tkazildi. Ularda mehr-oqibat, qo‘ni-qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlash, yoshlarni milliy va diniy qadriyatlarga sodiqlik ruhida tarbiyalash, oila tinchligini asrash, jamiyatda o‘zaro hurmat va ahillik muhitini qaror toptirish kabi dolzarb mavzular atroflicha yoritildi.
Uchrashuvlar yakunida mamlakatimiz tinchligi, xalqimiz farovonligi, Vatanimiz ravnaqi va yosh avlodning ilmli, odobli hamda vatanparvar insonlar bo‘lib voyaga yetishi haqida xayrli duolar qilindi.
Bugun yurtimizda inson qadrini ulug‘lash, aholining ehtiyojmand qatlamlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, jamiyatda mehr-saxovat va o‘zaro g‘amxo‘rlik muhitini qaror toptirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Urgut tumanida o‘tkazilgan mazkur xayrli tadbirlar ham ana shu ezgu maqsadlarga xizmat qilib, aholi o‘rtasida hamjihatlik, bag‘rikenglik va insonparvarlik tuyg‘ularini yanada mustahkamladi.
Mehr bor joyda ishonch, saxovat bor joyda baraka, inson qadri ulug‘langan jamiyatda esa tinchlik va farovonlik qaror topadi. Ana shunday ezgu amallar xalqimiz o‘rtasidagi birdamlik rishtalarini mustahkamlab, yurtimizning yanada obod va fayzli bo‘lishiga xizmat qiladi.
Samarqand viloyati vakilligi matbuot xizmati