O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi “Vaqf” xayriya jamoat fondi ko‘p yillardan buyon Saudiya podshohligi bilan hamkorlik qilib kelmoqda. Bu hamkorlik natijasida Saudiya tomoni, xususan Podshoh Salmon ko‘mak va xayriya ishlari markazi ramazon oyi munosabati bilan O‘zbekistondagi ehtiyojmand aholi qatlami uchun xurmo va boshqa oziq-ovqat mahsulotlari, Qur’on kitoblari hadya qilishi an’ana tusini olgan.
Ushbu ezgu amal bu yil ham davom etib, oziq-ovqat mahsulotlari solingan 6150 dona quti hozirlandi. Kecha, 2 fevral kuni ushbu xayriya mahsulotlari qabul qilib olinib, o‘z egalariga topshirildi.
Tadbirda Saudiya Arabistonining mamlakatimizdagi favqulodda va muxtor elchisi Sa’d ibn Nosir Abu Haymad, Podshoh Salmon ko‘mak va xayriya ishlari markazining O‘zbekistondagi koordinatori Nosir as-Subay’iy, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov, “Vaqf” xayriya jamoat fondi rahbari vazifasini bajaruvchi Jahongir Salamov, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Tadbir davomida Saudiya tomoni xayriya ishida qatnashayotganidan mamnun ekanligini bildirib, oziq-ovqat mahsulotlarning haqiqiy haqdorlarga yetkazib berilishida ko‘mak berayotgan barcha tashkilotchilarga o‘z minnatdorligini bildirdi. Shundan so‘ng xayriya mahsulotlarini topshirish ishlariga start berildi.
Ta’kidlash kerakki, xayriya qilingan mahsulotlar respublika bo‘ylab taqsimlanib, tez kunlarda Ijtimoiy himoya milliy agentligining joylardagi boshqarmalari va fond filiallari orqali ehtiyojmand, kam ta’minlangan oilalarga, o‘zgalar parvarishiga muhtoj nogironligi bor xonadonlarga tarqatiladi.
Ramazon oyi kirib kelishi bilan kam ta’minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj kishilarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan tadbirlar ko‘lami yanada kuchaytiriladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Mustaqilligimizning 35 yilligi shukuhi kezib yurgan shu kunlarda Namanganda ehtiyojmand va ko‘makka muhtoj oilalar holidan xabar olinmoqda.
“Mehr-saxovat” ma’rifiy tadbiri doirasida soha xodimlari shahardagi 125 ta xonadonga tashrif buyurib, ularga moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatdilar. “Vaqf” xayriya jamoat fondi hamda saxovatpesha yurtdoshlarimiz hamkorligida ko‘rsatilgan ushbu ko‘mak ko‘ngillarga iliqlik, yuzlarga tabassum ulashdi.
Dildan kechgan samimiy suhbatlar va ko‘tarilgan duolar yurtimizda mehr-oqibat, hamjihatlik rishtalarini yanada mustahkamladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati