Savol: Umraga borganda bir holatga guvoh bo‘ldim. Madinada ham, Makkai mukarramada, tavof va sa’ylarda ham ayrim er-xotinlar qo‘llarini ushlab yurishibdi. Ular orasida yoshi kattalar ham, yoshlar ham bor. Bu narsa ehromga ta’sir qilmaydimi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Ehromdagi er va xotin jinsiy yaqinlik va unga olib boruvchi amallardan saqlanishi lozim. Bu hukm oyati karima va hadisi shariflarga asoslangan. Ammo ehromdan tashqari vaqtda ruxsat beriladi.
Savolda aytilgandek, er va xotin bir-birlarini qo‘llarini ushlab yurishgani kuzatiladi. Chunki u yerlarda tumonat odam to‘plangani uchun bir-birini yo‘qotib qo‘yishdan qo‘rqishadi va shu bois qo‘llarini ushlab olishadi. Lekin bunday narsalarga hojat bo‘lmay, qo‘l ushlashib yurish yaxshi emas.
Chunki muqaddas makonlarga sayru sayohatga, tomosha qilishga borilmaydi, balki tavba-tazarru va Alloh taologa yanada qurbat hosil qilish, ulkan ajru-savoblarga erishish maqsadida boriladi. Ziyoratga otlanib turgan inson asosiy maqsadni unutib qo‘ymaslik lozim.
Ehromdalik vaqtida bunga ahamiyatli bo‘lish lozim. Chunki agar er va xotin ehromda bir-birlarining qo‘llarini ushlaganda shahvat, jinsiy yaqinlikka moyillik paydo bo‘lsa, jonliq so‘yish lozim bo‘ladi. Shahvatsiz ushlasa, jarima bo‘lmaydi.
Ulamolar mazkur masalaga bir qancha hadislar va oyati karimani dalil qilganlar. Alloh taoloning: “Haj ma’lum oylardir. Kimki ularda o‘ziga hajni farz qilsa, hajda shahvoniy narsalar, fisq va janjal yo‘qdir”, so‘zidagi “shahvoniy narsalar” deb tarjima qilingan so‘z oyatda “rafas” deb aytilgan. Bu so‘zning ba’zi tafsirlarida jinsiy yaqinlik va ushlash va o‘pish kabi unga olib boruvchi ishlar deyilgan. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.
Bugun, 15 sentyabr kuni Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev Boku shahrida bo‘lib o‘tayotgan Turkiy davlatlar muftiylari yig‘ilishi va xalqaro anjumanning nufuzli ishtirokchilarini qabul qildi.
Samimiy va do‘stona ruhda o‘tgan muloqotda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari Ozarbayjon yetakchisiga Davlatimiz Rahbarining samimiy salomi va ezgu tilaklarini yetkazdilar.
Uchrashuvda qardosh davlat Rahbari nutq so‘zlab, xalqaro anjumanlarning ahamiyatiga to‘xtaldi. Muloqot chog‘ida so‘nggi yillarda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi strategik sheriklik va do‘stona aloqalar yangi bosqichga ko‘tarilgani alohida e’tirof etildi.
Turkiy davlatlar yetakchilarining qat’iy siyosiy irodasi va sa’y-harakatlari natijasida ilm-fan, ta’lim, madaniy-gumanitar hamda diniy-ma’rifiy jabhalarda hamkorlik jadal sur’atlarda rivojlanayotgani ta’kidlandi. Bu ezgu sa’y-harakatlar Diniy idoralar rahbarlarining mushtarak maqsadlar yo‘lida birlashishi, xalqlarimiz o‘rtasidagi qardoshlik rishtalarini yanada mustahkamlash, tinchlik-osoyishtalikni asrash hamda zamonning dolzarb masalalari bo‘yicha mushtarak fatvo va bayonotlar qabul qilishda muhim poydevor bo‘layotgani qayd etildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati