Aytishlaricha, Molik ibn Nabiyning ayoliga uylanishiga bir sabab bo‘lgan.
U doim kutubxonaga borib turardi va ma’lum bir kitoblarni izlab so‘rardi.
Unga: “Bu kitoblar bir qizga foydalanishga berilgan”, deb javob berishardi.
Molik ibn Nabiy o‘sha qizni surishtirib topdi va (yoqtirib qolib) unga uylandi. U jismga uylanishdan oldin aqlga uylandi (ya’ni uning aqli zakovati, bilimini avvalgi o‘ringa qo‘ydi).
Shu yilning 7–11 noyabr kunlari O‘zbekistonning delegatsiyasi Saudiya Arabistonida bo‘lib o‘tadigan Haj xizmatlari xalqaro ko‘rgazmasi va konferensiyasida qatnashadi. Shuningdek, muborak safarni yuqori darajada o‘tkazish bilan bog‘liq vazifalar yuzasidan ikki tomonlama muzokaralar olib boriladi.
Mazkur delegatsiya tarkibidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining diniy-ma’rifiy masalalar bo‘yicha maslahatchisi Muzaffar Kamilov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Sodiqjon Toshboyev, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari, Vazirlar Mahkamasi mas’ul xodimi Orifxon Zakirov, “Haj” va “Umra” bo‘yicha attashe Shuhrat Amoniy hamda bir qator soha mutaxassislari o‘rin olgan.
Ushbu anjumanning asosiy o‘ziga xosligi — ziyoratchilarga xizmat ko‘rsatish sifatini yangi bosqichga olib chiqishdir. Xususan, tadbirda haj safarini tashkil etishda raqamli texnologiyalar, sun’iy intellekt imkoniyatlari va ilg‘or innovatsion loyihalar taqdimoti o‘tkazilishi kutilmoqda.
Safar davomida «Haj–2027» mavsumini yuqori saviyada va ko‘tarinki ruhda o‘tkazish maqsadida delegatsiyamiz tomonidan bir qator muhim vazifalar amalga oshiriladi:
Saudiya Arabistoni Haj va umra vazirligi rahbariyati bilan bo‘lajak mavsumga puxta hozirlik ko‘rish yuzasidan muzokaralar olib borish;
Bo‘lg‘usi hojilarimiz uchun mo‘ljallangan mehmonxonalar va transport xizmatlarining sifatini bevosita ko‘zdan kechirish;
Mino, Arafot va Muzdalifa vodiylarida ziyoratchilarga yaratiladigan shart-sharoitlar va xizmat ko‘rsatish holatini o‘rganish;
Haj jarayonlariga mas’ul bo‘lgan boshqa hamkor idoralar bilan o‘zaro aloqalarni muhokama qilish va mustahkamlash;
Haj safarini tashkil etishdagi muhim yo‘nalishlar bo‘yicha o‘quv-seminarlarida ishtirok etish.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati