Bismillahir Rohmanir Rohiym
Ka’ba binosining mustahkamligini ta’minlash uchun unga qo‘shimcha tom qurilgan bo‘lib, u ichki va tashqi tomlardan iborat. Ushbu ikki tom orasidagi masofa bir metrdan ortiqni tashkil etadi.
Tashqaridan qaraganda yoki Ka’ba ichiga kirib, shiftga qaralsa, tom bir qavatdek tuyuladi. Ka’baning yuqorisiga chiqgach, tomning ikki qavatdan iborat ekanligi bilinadi.
Ka’badagi ichki shift va tashqi tomlar asosan yog‘ochdan ishlangan. Tashqi tom Birmadan keltirilgan 49 dona Tik (teak) daraxti yog‘ochidan tayyorlangan. Har ikki tom maxsus yelim bilan mahkamlangan bo‘lib, bu ularning butunligiga zarar yetkazmasligini ta’minlaydi.

Tik yog‘ochi dunyodagi eng qattiq va chidamli yog‘ochlardan biri hisoblanadi. Uning tarkibida tabiiy moylar ko‘p bo‘lgani uchun u namlikka, chirishga va turli hasharotlarga (masalan, termitlarga) nihoyatda bardoshlidir. Chidamliligi tufayli undan asosan kemasozlikda, qimmatbaho mebellar yasashda va tarixiy obidalarning tom qismlarini qurishda foydalaniladi. Asosan Janubiy va Janubiy-Sharqiy Osiyoda (Hindiston, Indoneziya, Myanma/Birma) o‘sadi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Ka’baning ichki tom qismi tarix davomida 100 martadan ortiq ta’mirlangan. Ilk ta’mirlash ishlari Payg‘ambarimiz Muhammad alayhisslomning oxirgi haj safarlaridan qaytganlaridan so‘ng, ba’zi toshlar tushib ketganda amalga oshirilgan. Toshlar yog‘och bilan almashtirilgan.
Keyinchalik, Xalifa Umar ibn Xattob davrida ham binoni yanada mustahkamlash choralari ko‘rilgan va ushbu davrda mustahkam xom ashyolar ishlatilgani manbalarda qayd etiladi.
Har yili Makkada kuchli yomg‘irlar mavsumi boshlanganda, bir guruh mutaxassis ustalar Ka’ba tomini ko‘zdan kechiradilar. Agar yomg‘ir suvi tomdagi kichik tirqishlardan ichkariga sizib kirsa, inshootning o‘sha qismini qayta ta’mirlaydilar.
TII Hadis va islom tarixi fanlari kafedrasi
katta o‘qituvchisi Po‘latxon Kattayev
«Vaqf» xayriya jamoat fondi Farg‘ona viloyati filialining fidoyi xodimlari va volontyorlari tomonidan saxovatpesha xalqimiz tomonidan qilingan xayr-ehsonlar ezgu maqsadlar yo‘lida sarflanmoqda.
Navbatdagi xayriya tadbiri doirasida Uchko‘prik tumanida yashovchi, jigar sirrozi kasalligiga chalingan og‘ir bemor Kazakov Ilyosjon Yoqubovichning holidan xabar olinib, unga jarrohlik amaliyoti xarajatlari uchun 132 million 500 ming so‘m miqdorida xayriya mablag‘i, oziq-ovqat mahsulotlari jamlanmasi, Mus'haf va boshqa ehsonlar topshirildi.
Bugun bemorlar va ehtiyojmand insonlarga ko‘rsatilayotgan bunday ko‘mak — xalqimizning mehr-oqibati, saxovati va hamjihatligining yorqin ifodasidir.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati