Agar biror kishi “Hazrat, Alloh taoloning bandalariga muhabbatining biror dalili bormi?” deb so‘rasa, ya’ni Alloh taolo bandalariga mehribondir, karamlidir, lekin muhabbatli ekanligiga biror dalil bormi? Bunga ulamolar ko‘plab dalillarni keltirganlar. Misol uchun, barcha birdek tushunadigan oddiy misol: “Agar bandada muhabbat bo‘lsa, u o‘z mahbubiga qancha ko‘p yaxshilik qilsa ham uni oz deb biladi. Qachonki mahbubidan biror arzimas va oz tuhfa olsa ham uni qadrli va juda ko‘p deb biladi. Bunday holat Alloh taolo va banda orasida ham uchrashi Qur’oni karimda bayon etilgan. Alloh taolo bandalariga dunyoda minglab, balki undan-da ziyoda ne’matlar bilan siylagan bo‘lsa ham, lekin Qur’oni karimda bunday deyiladi:
﴿قُلْ مَتَاعُ الدُّنْيَا قَلِيلٌ﴾
«Sen: “Dunyoning matohi oz” deb ayt» (Niso surasi, 77-oyat).
Mahbub tarafidan bo‘lgani uchun bandalar qisqa umrlarida o‘z hojatlaridan ortib, Alloh taoloni yod qilsalar, ibodatni to‘kis ado etsalar, murodlariga erishadilar. Alloh taolo bunday marhamat qiladi:
﴿يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آمَنُوا اذْكُرُوا اللَّهَ ذِكْرًا كَثِيرًا﴾
«Ey, imon keltirganlar! Allohni ko‘p zikr qilinglar» (Ahzob surasi, 41-oyat).
Subhanalloh! Mahbubidan bo‘lgan amalni ko‘p deb, o‘zi bergan ne’matlarini oz deb marhamat qilyapti. Bu Alloh taoloning o‘z bandalariga bo‘lgan muhabbatining dalilidir.
Yana Qur’oni majidda Alloh taolo o‘z muhabbatini izhor qilib marhamat qiladi:
﴿اللَّهُ وَلِيُّ الَّذِينَ ءَامَنُو﴾
«Alloh imon keltirganlarning do‘stidir» (Baqara surasi, 257-oyat).
Subhanalloh! Qanday baxt va saodat, Alloh taoloning marhamatiki, bir so‘z bilan Buyuk Robbimizga imon keltirganlarga O‘zining muhabbatini e’lon qilyapti.
"Ilohiy ishq" kitobidan
Nodir Odinayev tarjimasi
Bugun, 14 sentyabr kuni Boku shahrida Turkiy davlatlar muftiylari kengashining navbatdagi VII yig‘ilishi o‘z ishini boshladi.
Anjumanda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari, Kavkaz musulmonlari idorasi raisi, Shayxulislom Allohshukur Poshshozoda, Turkiya Diyonat ishlari boshqarmasi raisi Safi Arpagush, Qozog‘iston musulmonlari diniy boshqarmasi raisi, bosh muftiy Navro‘zbay hoji Tag‘anuli, Qirg‘iziston musulmonlari diniy nazorati raisi, muftiy Abdulaziz qori Zakirov hamda boshqa qardosh va xorijiy davlatlar ulamolaridan iborat nufuzli delegatsiyalar ishtirok etmoqda.
Yalpi majlisda nutq so‘zlagan muftiylar o‘z ma’ruzalarida quyidagi ustuvor yo‘nalishlarga alohida e’tibor qaratmoqdalar:
– Kengash qoshidagi Fatvo hay’ati faoliyatini rivojlantirish, ummat uchun zarur qo‘shma fatvolar ishlab chiqish va zamonaviy masalalarga shar’iy yechim topish;
– diniy ta’lim muassasalarida ustoz va talabalar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, ilmiy-uslubiy loyihalarni amalga oshirish;
– ekstremizm, terrorizm, takfirchilik, islomofobiya va mazhablararo nizo qo‘zg‘ash kabi tahdidlarga qarshi yakdil ma’rifiy kurashni kuchaytirish.
Shuningdek, Ulamolar diniy-ma’rifiy sohadagi ana shunday hamkorlik butun Turkiy dunyo birdamligini mustahkamlashga xizmat qilishini ta’kidladilar.
Anjuman davom etmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati