Tashrif doirasida Mir Arab oliy madrasasi, Mir Arab o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi hamda Jo‘ybori Kalon ayol-qizlar islom ta’lim muassasasi pedagog-o‘qituvchilari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazildi.
Yig‘ilishda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi birinchi o‘rinbosari Davronbek Maxsudov hamda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2025 yil 26 dekabr kuni Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan Murojaatnomasida belgilangan ustuvor vazifalarning mazmuni va ahamiyatiga atroflicha to‘xtalib o‘tdilar.
Shuningdek, diniy ta’lim tizimini yanada takomillashtirish, ta’lim sifati va ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, mavjud muammolar hamda ularning yechimlari yuzasidan fikr almashildi.
Yig‘ilish davomida ta’lim muassasalarida olib borilayotgan ilmiy-tadqiqot ishlari, ilmiy faoliyat samaradorligini oshirish, ilmiy izlanishlarni amaliyot bilan uyg‘unlashtirish masalalari bo‘yicha qator taklif va tavsiyalar bildirildi.
Yig‘ilish yakunida ta’lim muassasalari faoliyatini yanada rivojlantirish, kadrlar tayyorlash sifatini oshirish hamda ilmiy salohiyatni mustahkamlash bo‘yicha kelgusida amalga oshiriladigan ustuvor vazifalar belgilab olindi.
Mirarab.uz
Toshkent islom institutida “May – Hadis ilmlari fan oyligi” munosabati bilan ulug‘ muhaddis Imom Muhammadning “Muvatto” asarini o‘qib tugatgan talabalarga ijoza berish va “Xatmi kutub” tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Mazkur xayrli an’ana doirasida “Hadis va islom tarixi fanlari” kafedrasi katta o‘qituvchilari Rahmatulloh Maxsuxonov hamda Mansur Jambilov boshchiligida magistratura va bakalavriat bosqichi talabalari ushbu bebaho asarni to‘liq xatm qildilar.
Institut mas’ullari va O‘zbekiston musulmonlari idorasi vakillari ishtirok etgan tadbirda ustozlar tomonidan xatmi kutub qilishning fazilati, Imom Muhammadning hadis ilmida tutgan yuksak o‘rni va Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlariga muhabbatli bo‘lish mas’uliyati alohida ta’kidlandi.
Tadbir yakunida ustozlar talabalarga hadis rivoyat qilish uchun rasmiy ijoza (silsila) va sertifikatlarni topshirib, ularning haqqiga xayrli duolar qilishdi. Shuningdek, talabalarga ushbu bebaho asarni o‘rgatgan fidoyi ustozlar institut rahbariyati tomonidan tashakkurnoma va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandilar.
Toshkent islom instituti
Matbuot xizmati