Bismillahir Rohmanir Rohiym
Umringizni behuda muhabbat intiqomi va yaxshiligi yo‘q janjallarga sarf qilmang.
Salomatligingiz, baxtingiz, uyqu va farog‘atingiz evaziga mol-mulk yig‘ishga intilmang.
Vaqtingizni insonlarning xatolarini qidirish va ularni g‘iybat qilish bilan o‘tkazib, o‘zingizni unutib qo‘ymang.
Nafs rohatlari va u xohlagan barcha narsani berishga sho‘ng‘ib ketmang.
Bekorchilar bilan vaqtingizni o‘tkazib, behuda ishlarga qimmatli umr ne’matini sarflab yubormang.
Badaningiz badbo‘y bo‘lishiga, uyingiz tartibsiz qolishiga yo‘l qo‘ymang.
Harom ichimliklar, tamaki va turli xil yomon narsalardan butunlay uzoqlashing.
O‘tib ketgan ko‘ngilsizlik va musibatlar hamda sodir bo‘lgan xatolarni eslamang.
Oxiratingiz, u uchun amal qilish va u kun kelishini aslo unutmang.
Mol-mulkingizni harom amallar, bekorchi ishlar va ibodatda kamchiliklarga olib boradigan narsalarga sarf qilmang.
Doktor Oiz Qarniyning
"Dunyodagi eng baxtli ayol" kitobidan
Bugun, 25 sentyabr kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari Andijon viloyatiga xizmat safari davomida juma namozini Asaka shahridagi “Ahmadali Mahdum” jome masjidida ado etdilar.
Muftiy hazratlari namozdan oldin jamoatga ilmning qadri, ta’lim-tarbiya beruvchi ustozlarning maqomi hamda vaqtni g‘animat bilish haqida manfaatli ma’ruza qilib berdilar.
Darhaqiqat, bugun yurtimizda barcha imkoniyat bor. Shunday ekan, ilm o‘rganib, ustozlarni, ota-onani, bu shart-sharoitlarni qadrlab, vaqtdan unumli foydalanish lozim.
Ma’ruzada aytilganidek, oqil inson Alloh taolo bergan fursatni to‘g‘ri tasarruf qiladi. Har kunini dunyosi va oxirati uchun foydali bo‘lgan ishlarga sarflaydi. Zero, vaqt ortga qaytmaydi, umr qayta berilmaydi. Shunday ekan, Alloh bergan bu qimmatli vaqtni ilm-ma’rifat o‘rganishga, uni boshqalarga o‘rgatishga sarflagan kishi yuksak darajalarga erishadi.
Shuningdek, Muftiy hazratlari Davlatimiz Rahbarining Andijon viloyatiga safari, xalq farovonligi yo‘lida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, bunyodkorlik ishlariga ham urg‘u qaratdilar. Bunday tarixiy yutuqlar “Inson qadri uchun” tamoyilining amaldagi ifodasi ekani, zero dinimiz ham inson qadrini oliy sanashini ta’kidladilar.
Yakunda Alloh taolo barcha ustoz va murabbiylar mehnatiga ulkan ajrlar berishini, ularning ilmidan bahramand bo‘layotganlar dinimiz va millatimizga foydali insonlar bo‘lib yetishishini so‘rab duolar qilindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati