Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Diniy yoki dunyoviy bo‘lsa-da, bir insonga berilgan ne’matning qo‘lidan ketishini istab hasad qilish dinimizda harom qilingan.
Qur’oni karimda hasad haqida shunday marhamat qilinadi:
“Yoki Alloh odamlarga O‘z fazlidan bergan narsalarga hasad qilmoqdalarmi? Batahqiq, Ibrohim oilasiga kitobni, hikmatni va ulug‘ mulkni berganmiz-ku?!” (Niso, 54-oyat).
Rasululloh sallollohu alayhi vasallam zamonida yashagan yahudiylar bugungilaridek barcha yaxshi narsalarga faqat o‘zlarini munosib ko‘rardilar. Ular oxirzamon payg‘ambari kelishini bilardilar, ammo uni o‘zlaridan chiqadi, deb o‘ylardilar. O‘ylaganlaridek bo‘lmagandi, Rasululloh sallollohu alayhi vasallamni payg‘ambarlikka, musulmonlarni iymon va islomga loyiq ko‘rmadilar. Quraysh qabilasi va arablarni ulardan payg‘ambar chiqqani uchun yomon ko‘rdilar, hasad qildilar. Oyatu karima hasad – Allohning taqdiri va marhamatiga norozilik qilish, e’tiroz etishlik ekanini, bunga hech kimning haqi yo‘qligini ko‘rsatmoqda. Qur’oni karimda hasadgo‘yligi va g‘ayirligi bilan tilga olingan yahudiylarga o‘xshashni istamagan banda qalbini hasad va ko‘rolmaslikdan poklashi kerak.
Hasad – yaxshiliklarni yeydi.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam bunday marhamat qiladilar: “Hasaddan saqlaninglar! Olov o‘tinni yeb bitiriganidek, hasad ham yaxshiliklarni yeb bitiradi” (Abu Dovud rivoyat qilgan).
Allohga iymon keltirgan mo‘minning Uning taqdiri va ehsoniga ko‘nmasligi xayrsiz hissiyot. Bu tuyg‘u bo‘lgan qalbda iymon va taslimiyat bo‘lishi ishonarli emas.
Hasadgo‘yning dini ham, dunyosi ham mahrumiyatga to‘ladi.
Olov uchun o‘tin va yog‘ochlarni kulga aylantirish qanchalik oson bo‘lsa, ko‘rolmaslik ham insonning yaxshiliklarini shunday yoqib ado qiladi. Chunki hasadgo‘y hasad qilgan kishisini g‘iybat qiladi, unga yomonliklar kelishini istaydi. Bu hasadgo‘yning mahrumiyati va zararini, hasad qilingan insonning esa ne’mat va savobini ortiradi. Hasadga moyil qalb vaqtida muolaja qilinmasa, oqibatda kishining iymoni ziyonga ketadi. Yaxshiliklar, xayr va hasanotning quvvati — iymonning kamoli, o‘zini yo‘qotishdan qattiq qo‘rqish kerak. Shuning uchun ham hasaddan qat’iy qaytariladi.
Qur’oni karimda marhamat qilingan: “Mo‘min kishi tomonidan qilingan har bir yaxshi ish yomonliklarni ketkazadi” (Hud, 114-oyat) oyati karimasi yuqorida keltirilgan hadisni tasdiqlaydi. Hasadgo‘yni yaxshiliklarni ko‘rolmasligi badnom qiladi. Yomonliklarini o‘chiruvchi yaxshiliklaridan mahrum hasadgo‘yning holiga voy.
Hadis bizga nima o‘rgatadi?
1. Hasad — harom.
2. Hasad — hasadgo‘yning yaxshilik va savoblarini yeb bitiradi.
3. Allohning taqdiri va ehsoniga norozilik qilish — hasaddan zinhor tiyilish kerak.
4. Musulmon taqdir ne’matlariga munosibdir.
Mustaqilligimizning 35 yilligi munosabati bilan Farg‘ona viloyatidagi diniy soha vakillari ishtirokida “Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” shiori ostida “Zakovat” intellektual o‘yini hamda stol tennisi bo‘yicha musobaqaning viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad diniy soha xodimlarining intellektual salohiyatini yuksaltirish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish hamda ular o‘rtasida o‘zaro hamjihatlik muhitini yanada mustahkamlashdan iboratdir. Ko‘tarinki ruh va do‘stona muhitda o‘tgan bellashuvlarda ishtirokchilar bilim, tafakkur va chaqqonlik borasida o‘z mahoratlarini namoyon etdi.
Qizg‘in va murosasiz bahslar yakuniga ko‘ra g‘oliblar aniqlandi.
“Zakovat” intellektual o‘yini natijalari:
1-o‘rin — Marg‘ilon shahri jamoasi;
2-o‘rin — Oltiariq tumani jamoasi;
3-o‘rin — Farg‘ona shahri jamoasi.
Stol tennisi musobaqasi natijalari:
1-o‘rin — Sarvar Rahmonzoda («Eshonbobo» jome masjidi imom noibi);
2-o‘rin — Muhammadyunus Mirzarahimov («Sulaymonbek hoji» jome masjidi imom noibi);
3-o‘rin — Muhammadyusufxo‘ja Saidxo‘jayev («Abu Muso al-Ash’ariy» jome masjidi imom noibi).
Tadbir yakunida g‘olib va sovrindorlarga tashkilotchilar tomonidan diplom hamda qimmatbaho esdalik sovg‘alari topshirildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasining
Farg‘ona viloyati vakilligi
Matbuot xizmati