Sayt test holatida ishlamoqda!
24 Avgust, 2026   |   11 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:16
Quyosh
05:41
Peshin
12:25
Asr
17:11
Shom
19:13
Xufton
20:34
Bismillah
24 Avgust, 2026, 11 Rabi`ul avval, 1448

Yaxshiliklar kushandasi

10.02.2026   10022   3 min.
Yaxshiliklar kushandasi

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Diniy yoki dunyoviy bo‘lsa-da, bir insonga berilgan ne’matning qo‘lidan ketishini istab hasad qilish dinimizda harom qilingan. 

Qur’oni karimda hasad haqida shunday marhamat qilinadi:

“Yoki Alloh odamlarga O‘z fazlidan bergan narsalarga hasad qilmoqdalarmi? Batahqiq, Ibrohim oilasiga kitobni, hikmatni va ulug‘ mulkni berganmiz-ku?!” (Niso, 54-oyat). 

Rasululloh sallollohu alayhi vasallam zamonida yashagan yahudiylar bugungilaridek barcha yaxshi narsalarga faqat o‘zlarini munosib ko‘rardilar.  Ular oxirzamon payg‘ambari kelishini bilardilar, ammo uni o‘zlaridan chiqadi, deb o‘ylardilar. O‘ylaganlaridek bo‘lmagandi, Rasululloh sallollohu alayhi vasallamni payg‘ambarlikka, musulmonlarni iymon va islomga loyiq ko‘rmadilar. Quraysh qabilasi va arablarni ulardan payg‘ambar chiqqani uchun yomon ko‘rdilar, hasad qildilar. Oyatu karima hasad – Allohning taqdiri va marhamatiga norozilik qilish, e’tiroz etishlik ekanini, bunga hech kimning haqi yo‘qligini ko‘rsatmoqda. Qur’oni karimda hasadgo‘yligi va g‘ayirligi bilan tilga olingan yahudiylarga o‘xshashni istamagan banda qalbini hasad va ko‘rolmaslikdan poklashi kerak.  

Hasad – yaxshiliklarni yeydi.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam bunday marhamat qiladilar: “Hasaddan saqlaninglar! Olov o‘tinni yeb bitiriganidek, hasad ham yaxshiliklarni yeb bitiradi” (Abu Dovud rivoyat qilgan). 

Allohga iymon keltirgan mo‘minning Uning taqdiri va ehsoniga ko‘nmasligi xayrsiz hissiyot. Bu tuyg‘u bo‘lgan qalbda iymon va taslimiyat bo‘lishi ishonarli emas. 

Hasadgo‘yning dini ham, dunyosi ham mahrumiyatga to‘ladi.

Olov uchun o‘tin va yog‘ochlarni kulga aylantirish qanchalik oson bo‘lsa, ko‘rolmaslik ham insonning yaxshiliklarini shunday yoqib ado qiladi. Chunki hasadgo‘y hasad qilgan kishisini g‘iybat qiladi, unga yomonliklar kelishini istaydi. Bu hasadgo‘yning mahrumiyati va zararini, hasad qilingan insonning esa ne’mat va savobini ortiradi. Hasadga moyil qalb vaqtida muolaja qilinmasa, oqibatda kishining iymoni ziyonga ketadi. Yaxshiliklar, xayr va hasanotning quvvati — iymonning kamoli, o‘zini yo‘qotishdan qattiq qo‘rqish kerak. Shuning uchun ham hasaddan qat’iy qaytariladi. 

Qur’oni karimda marhamat qilingan: “Mo‘min kishi tomonidan qilingan har bir yaxshi ish yomonliklarni ketkazadi” (Hud, 114-oyat) oyati karimasi yuqorida keltirilgan hadisni tasdiqlaydi. Hasadgo‘yni yaxshiliklarni ko‘rolmasligi badnom qiladi. Yomonliklarini o‘chiruvchi yaxshiliklaridan mahrum hasadgo‘yning holiga voy.

Hadis bizga nima o‘rgatadi?

1. Hasad — harom.
2. Hasad — hasadgo‘yning yaxshilik va savoblarini yeb bitiradi.
3. Allohning taqdiri va ehsoniga norozilik qilish — hasaddan zinhor tiyilish kerak. 
4. Musulmon taqdir ne’matlariga munosibdir.

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Xorazmda yangi o‘quv yili oldidan xayriya tadbiri o‘tkazildi

10.08.2026   31663   1 min.
Xorazmda yangi o‘quv yili oldidan xayriya tadbiri o‘tkazildi

Bugun, 10 avgust kuni Xorazm viloyati Urganch shahridagi «Oxun bobo» jome masjidida xayrli va saxovatpesha tadbir tashkil etildi.


O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi hamda yaqinlashib kelayotgan yangi o‘quv yili munosabati bilan Urganch shahar bosh imom-xatibi Hasanboy domla va saxovatpesha homiylar tashabbusi bilan boquvchisini yo‘qotgan hamda kam ta’minlangan oilalar holidan xabar olindi.


Tadbir doirasida maktab yoshidagi o‘quvchilarga yangi o‘quv yili uchun zarur bo‘lgan maktab formasi, sumka va to‘liq o‘quv qurollari to‘plamlari tantanali ravishda topshirildi.


Marosim yakunida yurtimiz tinchligi, xonadonlar fayzu barakasi va xayrli ishga hissa qo‘shgan barcha saxovatpesha insonlar haqiga ezgu duolar qilindi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi 
Matbuot xizmati

Xorazmda yangi o‘quv yili oldidan xayriya tadbiri o‘tkazildi
O'zbekiston yangiliklari