Sayt test holatida ishlamoqda!
17 Iyul, 2026   |   3 Safar, 1448

Toshkent shahri
Tong
03:24
Quyosh
04:59
Peshin
12:34
Asr
17:40
Shom
19:58
Xufton
21:30
Bismillah
17 Iyul, 2026, 3 Safar, 1448

Ro‘zadorlarni ruhlantirish

10.02.2026   14855   5 min.
Ro‘zadorlarni ruhlantirish

Ro‘zadorlar uchun ularni ruhlantiruvchi xos kuylar va ularga ehtirom ko‘rsatuvchi qo‘shiqlar bor. Ular insonlarning Alloh taoloni takbir, tahlil va istig‘forlar ila eng ko‘p zikr qiladiganlari bo‘lishadi. Agar kun uzayib ketsa zikrlar ila uni qisqartirishadi, ularga ochlik alam bersa zikrlar uning haroratini kesadi. Ular zikrlar bilan lazzat va tasbehlari bilan saodat ichida bo‘ladilar. Ular Alloh taolo: “Bas, Meni eslangiz, sizni eslayman” (Baqara surasi, 152-oyat) degani kabi Uni eslaydilar va Alloh ularni eslaydi.

Alloh taoloning: “Qasamki, agar shukr qilsangiz, albatta, sizga ziyoda qilurman” (Ibrohim surasi, 7-oyat), oyatiga amal qilib, Unga shukr qiladilar va Alloh ularga ziyoda qilib beradi.

Ro‘zadorlar Alloh taoloni o‘tirgan, turganlarida ham, yotganlarida ham zikr qiladilar. Haqiqiy ro‘zadorlarning qalblari zikr ila orom topadi, ruhlari Allohning muhabbati ila baxtiyor bo‘ladi va nafslari Allohga bo‘lgan shavq ila rohatlanadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Robbisini zikr qiladigan va Uni zikr qilmaydiganning misoli, go‘yoki tirik va o‘likning misoli kabidir”, deganlar.

Ne ajabki, hayotda yeb-ichishni, yashashni biladigan, ammo zikrni bilmaydigan qancha-qancha “tirik” o‘liklar bor. Ular tirik, ammo haqiqiy tiriklikni anglamaydilar.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Mufarridlar o‘zib ketdi…” . Sahobalar roziyallohu anhum: “Mufarridlar kim yo, Rasululloh?” deb so‘rashdi. U zot alayhissalom: “Alloh taoloni ko‘p zikr qiluvchi erkaklar va ayollar”, dedilar.

Zikr qiluvchi ro‘zador insonlarning yaxshiliklarga eng yaqini, jannatga eng tezi va do‘zaxdan eng uzog‘idir. Uning hisob daftarlari yaxshiliklar bilan to‘lgan bo‘ladi.

Bir kishi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan uni mahkam tutib bajaradigan amal haqida so‘radi. U zot alayhissalom: “Tiling Allohning zikridan doimo nam (yangi) bo‘lib tursin”, dedilar.

Bu qanchalar go‘zal ta’rif! Ro‘zador Allohni doimo eslab turib qanday och qolishi va Unga tasbeh ayta turib qanday chanqashi mumkin?!

Alloh taoloni ko‘p zikr qiluvchilar har nafas chiqishi, lablar bir-biriga tegishi va lahzalar almashishi miqdoricha zikr qiladigan kishilardir. Ularning qilgan zikrlari ila hisob daftarlariga ulkan ajr va mukofotlar bitiladi. Ba’zi xatokorlar zikrdan yuz o‘girgan vaqtlarida ularni tashvishlar halok qiladi, g‘amlar o‘rab oladi va mahzunliklar ketma-ket kelaveradi. Ularda dori bor edi, lekin ular uni qabul qilishmadi, ularda muolaja vositasi bor edi, ammo ular buni bilishmadi. Alloh taolo aytadi: “Ayo, Allohning zikri ila qalblar orom topmasmi?”.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim Subhanallohi va bihamdihi desa unga jannatda bir xurmo ekiladi”, deganlar. Qancha-qancha ekilishi mumkin bo‘lgan xurmolar g‘aflat bosgan uyqu va befoyda o‘yin-kulgular bilan o‘tib ketdi?...

Xato tomon boshlovchiga rahm qilasan-u, o‘zinga shafqat yo‘q,
Isrofga meni undaysan-u bilmaysan, u umring qilganin yo‘q.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Albatta, Subhanallohi, valhamdulillahi va laa ilaha illallohu vallohu akbar, deb aytishim men uchun ustiga quyosh chiqqan narsalar (butun dunyo)dan yaxshiroqdir”.

Dunyo nima? Uning oltinu kumushlari nima? Qaysi narsa uni behuda o‘tkazish bo‘ladi? Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shu tariqa dunyoni o‘lchar va yuqoridagi bir kalimaga quyosh chiqqan bir kun tenglasha olmaydi deb baholar edilar. Kim butun vaqtini ushbu qimmatbaho kalimalar ila to‘ldirsa Qiyomat kuni nur, shodiyona va xursandchilik qilib topadi.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Malik(Robb)ingiz huzurida amallaringizning eng yaxshisi va eng kattasi, oltin va kumushni infoq qilishdan yaxshiroq hamda sizlar dushmaningizga yo‘liqib siz ularning bo‘yniga (qilich) urishingiz, ular sizning bo‘yningizga urishidan xayrliroq bo‘lgan (narsa) ning xabarini beraymi?” dedilar. Sahobalar roziyallohu anhum: “Ha, yo Rasululloh!” deyishdi. U zot alayhissalom: “Alloh taoloning zikri”, dedilar.

Solih insonlar bomdod namozini o‘qib bo‘lganlaridan so‘ng kun chiqquniga qadar zikr qilishardi. Ularning ba’zilari Qur’on o‘qib, qalblarini nurga, hisob daftarlarini esa ajrga to‘ldirar edilar. Butunlay xatoga yo‘l qo‘ygan kishi – Ramazonni Robbisini zikr qilmasdan, vaqtini Mavlosiga tasbeh aytishga sarflamasdan o‘tkazgan kishidir. Umrining daqiqayu soniyalarining qadriga yetadigan va ularni g‘animat biladigan insonlar bormi?

 

Doktor Oiz al-Qarniyning
"Ro‘zadorlar uchun darslar" kitobidan

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Qur’on va tajvid kurslari xodimlari uchun navbatdagi onlayn dars

16.07.2026   2323   1 min.
Qur’on va tajvid kurslari xodimlari uchun navbatdagi onlayn dars

O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari tashabbusi bilan respublikamizdagi “Qur’oni karim va tajvid” o‘quv kurslari faoliyatini yanada takomillashtirish borasida tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.


Ana shunday xayrli ishlarning uzviy davomi sifatida Diniy idoraning “Qur’on va tajvidni o‘rgatish” bo‘limi tomonidan o‘quv kurslari o‘qituvchilari hamda mas’ul xodimlari uchun silsilaviy onlayn darslar muntazam tashkil etib kelinmoqda. 


Bugun, 16 iyul kuni navbatdagi masofaviy dars mashg‘uloti bo‘lib o‘tdi. «Zoom» platformasi orqali tashkil etilgan ushbu darsda bo‘lim boshlig‘i Shayx Ali Fayzulloh Maxdum “Qur’oni karim shafoati” kitobi asosida ilmiy-ma’rifiy ma’ruza qildi.


E’tiborli jihati, mazkur silsilaviy darslarda faol ishtirok etgan va dasturlarni muvaffaqiyatli o‘zlashtirgan tinglovchilarga kelgusida ushbu kitob bo‘yicha maxsus ijoza (ruxsatnoma) berilishi rejalashtirilgan.


Bu kabi tizimli darslar diyorimizda muqaddas Qur’on ilmlarini keng yoyish hamda ustoz va murabbiylarning kasbiy mahoratini oshirishda muhim poydevor bo‘lib xizmat qilmoqda. 

 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi

Matbuot xizmati

Qur’on va tajvid kurslari xodimlari uchun navbatdagi onlayn dars Qur’on va tajvid kurslari xodimlari uchun navbatdagi onlayn dars
O'zbekiston yangiliklari