#xabar #musobaqa #kubog
Poytaxtimizdagi Jar sport majmuasida sportning voleybol va shaxmat turlari bo‘yicha “O‘zbekiston musulmonlari idorasi kubogi” musobaqasi Respublika bosqichining final o‘yinlari boshlandi.
Ochilish marosimida O‘zbekiston musulmonlari idorasi, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekiston Respublikasi sport vazirligi rahbariyati, O‘zbekiston voleybol va shaxmat federatsiyasi mas’ul xodimlari, hakamlar, viloyat bosh imom-xatiblari, OAV vakillari, muxlislar ishtirok etdi.
Musobaqa avvalida O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi yangradi.
Tadbirda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari ishtirokchilarni final bahslariga chiqqanlari bilan muborakbod etib, davlatimiz Rahbari tashabbusi bilan sportga berilayotgan e’tibor, erishilayotgan natijalar, o‘tkazilayotgan mana shunday musobaqalar diniy soha xodimlari o‘rtasidagi hamjihatlikni yanada mustahkamlashi, do‘stlik va mehr-oqibat tuyg‘ularini yanada oshirishga xizmat qilishini alohida ta’kidladilar.
Shundan so‘ng Samarqand va Navoiy jamoalarining uchinchi o‘rin uchun bellashuviga start berildi. Undan keyin Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Qashqadaryo viloyati jamoalari o‘rtasida final bahslari boshlanadi.
Bizni kuzatishda davom eting.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Joriy yilning 16 sentyabr kuni Qashqadaryo viloyatida «Inson qadri ulug‘langan yurtda mehr va e’tibor har bir xonadonga kirib boradi» shiori ostida xayrli tadbir o‘tkazildi.
Mazkur tashabbusga Qashqadaryo viloyati hokimi o‘rinbosari Farhod Kushakov hamda O‘zbekiston musulmonlari idorasining viloyatdagi vakili, bosh imom-xatib Rahmatillo domla Usmonov boshchilik qildi.
Tadbir doirasida shahar va tuman bosh imom-xatiblari hududlardagi ijtimoiy himoyaga muhtoj, boquvchisini yo‘qotgan va bemor fuqarolarning xonadonlariga tashrif buyurdilar.
Samimiy muloqotlar davomida fuqarolarning hol-ahvoli va ehtiyojlari o‘rganilib, ularga ma’naviy dalda berildi. Xonadon egalariga bayramona kayfiyat ulashish maqsadida oziq-ovqat mahsulotlari, ehson va sovg‘a-salomlar topshirildi.
Shuningdek, imom-xatiblar yurtdoshlarimiz bilan oila mustahkamligi, o‘zaro mehr-oqibat, sabr-qanoat hamda saxovatning fazilatlari haqida diniy-ma’rifiy suhbatlar olib bordilar. Bu kabi xayriya tadbirlari jamiyatda hamjihatlik muhitini yanada mustahkamlashga, odamlar qalbida ertangi kunga ishonch uyg‘otishga xizmat qilmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Qashqadaryo viloyati vakilligi
Matbuot xizmati