#xabar #musobaqa #final
Uzoq kutilgan final o‘yini bo‘lib o‘tdi. “O‘zbekiston musulmonlari idorasi kubogi” voleybol musobaqasi yakuniy uchrashuvida Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti va Qashqadaryo vakilligi jamoalari o‘zaro bellashdi. Ikki jamoa ham ushbu musobaqaga jiddiy tayyorgarlik ko‘rib kelishgani yaqqol sezilib turdi.
Final o‘yinini taniqli futbol sharhlovchisi Mirzahakim To‘xtamirzayev sharhlab bordi.
Murosasiz kechgan o‘yinni sport shaydolari olqishlar ila kuzatib borishdi. Unda Qashqadaryo viloyati vakilligi jamoasi 2:0 hisobida ustun kelishdi. Shunday qilib, musobaqa yakuniga ko‘ra:
1-o‘rin: Qashqadaryo viloyati vakilligi jamoasi.
2-o‘rin: Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti jamoasi.
3-o‘rin: Navoiy viloyati vakilligi jamoasiga nasib etdi.
Musobaqadan so‘ng taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari, O‘zbekiston Respublikasi Sport vaziri maslahatchisi Sharifjon Mo‘minjonov, O‘zbekiston voleybol federatsiyasi bosh kotibi Farhod Alimov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita boshqarma boshlig‘i Muhiddin Hakimov va bir qator mutasaddilar bosh kubokni final o‘yini g‘olibi Qashqadaryo viloyati jamoasiga tantanali tarzda topshirdilar.
Shuningdek, g‘olib jamoa a’zolarining har biriga birinchi o‘rin medali va noutbuk taqdim etildi.
Qoraqalpog‘iston jamoasiga esa ikkinchi o‘rin medali va zamonaviy televizor, Navoiy jamoasiga uchinchi o‘rin medali va planshet topshirildi.
Shuningdek, sportning voleybol va shaxmat turlari bo‘yicha o‘tkazilgan "O‘zbekiston musulmonlari idorasi kubogi" musobaqalarining eng yaxshi uyinchisi nominatsiyasi g‘olibi deb Namangan viloyati vakilligi jamoasi tarkibida o‘ynagan Muxtorjon domla Yunusov topildi. Unga diplom va umra yo‘llanmasi taqdim etildi.
Alloh taolo g‘olib jamoalarga mukofotlarni muborak aylasin, do‘stlik va hamjihatlikka xizmat qiluvchi bunday musobaqalar davomli bo‘lsin!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Qashqadaryo viloyati Shahrisabz tumanidagi «Oq masjid» jome masjidining yangi binosi poydevoriga ilk g‘isht qo‘yish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Xayrli tadbirda O‘zbekiston musulmonlari idorasining Qashqadaryo viloyatidagi vakili, viloyat bosh imom-xatibi Rahmatillo domla Usmonov, tuman imom-xatiblari, mahalla faollari va ko‘p sonli namozxonlar ishtirok etdi.
Yig‘ilganlar mazkur ezgu tashabbusning bardavom bo‘lishini, qurilish ishlarining ko‘ngildagidek, bexatar va tez fursatlarda yakunlanishini tilab, Alloh taolodan xayr-baraka so‘rab duolar qildilar.
Ta’kidlanganidek, yangi bino qad rostlashi natijasida hudud aholisi va masjid qavmi uchun yanada keng, qulay va zamonaviy sharoitlar yaratiladi.
Shuningdek, masjid qurilishiga xolis hissa qo‘shayotgan barcha saxovatpesha yurtdoshlarimiz hamda quruvchi-mutaxassislar haqqiga ezgu duolar qilindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati