Bismillahir Rohmanir Rohiym
O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi Diniy idora tizimida ko‘p yillar mehnat qilgan ulamo Rustamjon domla Rahmatullohzodaning vafoti munosabati bilan chuqur ta’ziya izhor etadi.
Alloh taolo marhum ulamoni O‘z mag‘firatiga olsin, imonlarini salomat qilsin, solih amallarini o‘zlariga hamroh etsin. Oxiratlarini obod etib, joylarini Firdavs jannatlaridan qilsin!
Alloh taolo marhum ustozning din rivoji, Vatan ravnaqi yo‘lida qilgan xizmatlarini husni qabul qilib, barcha solih amallarini sadaqai joriya o‘laroq maqbul aylasin, chekkan dardlarini barcha sahvu xatolariga kafforat qilib, O‘zining rahmatiga olsin.
Ma’lumot o‘rnida, Rustamjon domla Rahmatullohzoda Toshkent Islom institutida tahsil olgan. Marhum ulamo uzoq yillik faoliyati davomida O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari idorasida bosh kotib, tarjimon, Toshkent, Jizzax va Sirdaryo viloyatlari jome masjidlarida imom-xatib hamda Toshkent Islom instituti, "Ko‘kaldosh" o‘rta maxsus islom bilim yurtida o‘qituvchi vazifalarida xizmat qilgan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi, ulamolari, imom-domlalari va o‘qituvchi-mudarrislari nomidan marhum ulamoning barcha yaqinlariga hamdardlik bildiramiz.
Innaa lillaahi va innaa ilayhi roji’uun.
«Musibat yetganda «Albatta, biz Allohnikimiz va albatta, biz Unga qaytuvchimiz», degan sabrlilarga xushxabar bering».
Janoza namozi bugun, 11 fevral kuni peshin namozidan so‘ng "Shayx Zayniddin" (https://yandex.uz/maps/-/CHRAQUna)(Ko‘kcha) jome masjidida o‘qiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
«Vaqf» xayriya jamoat fondi Farg‘ona viloyati filialining fidoyi xodimlari va volontyorlari tomonidan saxovatpesha xalqimiz tomonidan qilingan xayr-ehsonlar ezgu maqsadlar yo‘lida sarflanmoqda.
Navbatdagi xayriya tadbiri doirasida Uchko‘prik tumanida yashovchi, jigar sirrozi kasalligiga chalingan og‘ir bemor Kazakov Ilyosjon Yoqubovichning holidan xabar olinib, unga jarrohlik amaliyoti xarajatlari uchun 132 million 500 ming so‘m miqdorida xayriya mablag‘i, oziq-ovqat mahsulotlari jamlanmasi, Mus'haf va boshqa ehsonlar topshirildi.
Bugun bemorlar va ehtiyojmand insonlarga ko‘rsatilayotgan bunday ko‘mak — xalqimizning mehr-oqibati, saxovati va hamjihatligining yorqin ifodasidir.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati