Savol: Qushlarni bir biriga chatishtirib, qushning yangi turini kashf qilish joizmi? Hozirda xonaki va yovvoyi qushlarning ma’lum turini bir biriga chatishtirish orqali insonga yoqimli ovozda sayraydigan qush turi kashf qilinmoqda ekan. Kashf qilingan qush bepusht bo‘lar ekan.
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Alloh taolo yeru osmonlardagi barcha narsalarni insoniyat manfaati uchun yaratganini O‘z kalomida aytib o‘tgan. Josiya surasining 13-oyatida bunday deyilgan: “Va sizga osmonlardagi narsalarni va yerdagi narsalarni – hammasini O‘z tomonidan beminnat xizmatkor qilib qo‘ydi”.
Parrandalarni chatishtirishda shar’an monelik yo‘q. Hatto bundan bepusht parranda hosil bo‘lsa ham. Bu xuddi eshakni otga chatishtirib bepusht hayvon bo‘lgan xachir paydo qilishga o‘xshaydi. Ammo bu ish orqali qushga zarar va zulm qilish yoxud o‘sha qush tabiat uchun zarur bo‘lib, uning turi yo‘qolib kelishiga olib kelsa, nojoiz bo‘ladi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.
Misrning nufuzli ommaviy axborot vositalarida O‘zbekiston muftiysi, shayx Nuriddin Xoliqnazarning Muhammad alayhissalom tavallud topgan muqaddas Rabiul avval oyiga bag‘ishlangan turkum maqolalari chop etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Xususan, Misrning “Al Gomhuria” nashri sahifalarida Rabiul avval oyi musulmonlar qalbida alohida o‘rin tutishi va Ummaning Payg‘ambarimizga bo‘lgan cheksiz muhabbati tufayli bu oy an’anaviy ravishda “Mavlid oyi” deb atalishi haqidagi fikrlar keng yoritilgan. Materialda Muftiyning ushbu davrni yangi ma’naviy ko‘tarinkilik bilan kutib olish, uni “Nabaviy siyrat oyi” va “Ibratli ummat oyi”ga aylantirish, ibodat, axloq va madaniyat masalalarida Payg‘ambarimiz o‘gitlarini amaliy o‘zlashtirishga qaratilgan da’vati alohida ta’kidlangan.
“Ya7dosal2an” nashri ham Islom e’tiqodining ajralmas qismi va chin imonning asosiy sharti bo‘lgan Payg‘ambarimizga bo‘lgan muhabbat sabablari haqidagi metodologik masalani qayd etgan. Maqolada sahobalarning sadoqatiga oid tarixiy misollar va guvohliklar keltirilgan.
“Aldawlanews” resursida Islomni amaliy tushunishning oliy manbai sifatida Nabaviy siyratni o‘rganishning ahamiyati ko‘rib chiqilgan bo‘lib, unda shunchaki sanalarni yodlash o‘rniga har bir tarixiy voqeadan sabr, adolat va rahmat kabi hayotiy saboqlarni chiqarish zarurligi urg‘ulangan.
“Al Diplomacy” nashri esa Payg‘ambarimizga bo‘lgan chin muhabbatning uch asosiy belgisiga — siyrat haqida tafakkur qilish, sunnatga so‘zsiz ergashish va ruhlar shifosi hamda jamiyatda axloqni mustahkamlashning ma’naviy asosi bo‘lgan ko‘p salavot aytishga e’tibor qaratdi.
“Sada El Balad” rasmiy resursi O‘zbekiston muftiysining Rabiul avval oyini oilalar va ta’lim muassasalari uchun keng qamrovli tarbiyaviy loyihaga aylantirish tashabbusini yoritib, musulmonlarni ushbu oyni yuksak axloq va jipslikning oliy namunasiga ergashish yo‘lidagi yangi debochaga aylantirishga chaqirdi.
“Eldameer” axborot portali ham O‘zbekiston muftiysining asarlarini atroflicha taqdim etib, Rabiul avval oyining chuqur mazmuni va sunnatga ergashish orqali ma’naviy poklanishning muhimligiga e’tibor qaratdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati