Insoniyat yaralgandan beri barcha zamon va makonlarda bir necha ming yillar davomida, o‘zi uchun shifo izlab, turli usullarni qo‘llab ko‘rgan. Ilk davrlarda har bir inson o‘zi davolanishda oddiy vositalardan foydalangan. Vaqt o‘tishi bilan kasallikka muolaja qilishda tabiiy unsurlar orqali davolovchi tabiblar bilan bir qatorda serhgar, kohin va folbinlar ham shug‘ullanishgan.
Nabiy alayhissalom Payg‘ambar qilib yuborilganlaridan so‘ng shifo izlashda ham ummatlari uchun eng to‘g‘ri yo‘lni belgilab berdilar. Davolanuvchi va davolovchiga kerakli ko‘rsatmalarni berib, tib va duo bilan muolaja qilishni hadislari orqali ma’lum tartibga keltirdilar.
Dastlab, tibbiyot borasidagi dinimiz ko‘rsatmalariga nazar tashlab so‘ngra dam solish ya’ni, duo bilan muolaja qilish o‘rtasini muvofiq keluvchi jihatlarini o‘rganamiz.
Yuqorida o‘rganib chiqqanimizdek, Islom dinida har bir inson o‘z salomatligini saqlashi vojib hisoblanadi. Xuddi shuningdek, kasallikka yo‘liqqanda dardiga shifo bo‘ladigan omillardan foydalanib o‘ziga muolaja qilishi ham lozim. Agar inson o‘z salomatligiga e’tibor bermasligi tufayli jismi va ruhiga zarar yetadigan bo‘lsa, qattiq gunohkor bo‘ladi.
Alloh taolo bunday marhamat qiladi:
“Va o‘z qo‘llaringiz (baxilligingiz) bilan o‘zlaringizni halokatga tashlamangiz!” (Baqara surasi, 195-oyat).
Inson o‘z salomatligiga zarar yetkazadigan barcha narsalardan yiroq bo‘lishi va sog‘ligini saqlashi shariat talabi ekani barcha mo‘tabar manbalarda ta’kidlangan.
Xususan, hadisi sharifda bunday deyiladi:
عن أبي الدردى رضي الله عنه أن النبي صلى الله عليه و سلم قال إن الله أنزل الداء و الدواء و جعل لكل داء دواء فتداووا و لا تداووا بمحرم
Abu Dardo roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Albatta, Alloh dardni ham davoni ham tushurgan va har bir dardga davosini qo‘ygan. Shunday ekan davolaninglar. Harom bilan davolanmanglar” (Imom Abu Dovud rivoyati).
Usoma ibn Sharik aytadi: “Sahobalar: Yo Rasululloh, davolanaylik-mi?” deyishdi. U zot: “Ha, Allohning bandalari davolaninglar. Albatta, Alloh taolo biror dardni qo‘ygan bo‘lsa, uning davosini ham qo‘ygan. Lekin bir dard bundan mustasno”, dedilar. Ular:“Yo, Rasululloh u qaysi dard?” deyishgan edi. U zot: “Keksalik”, dedilar (Imom Termiziy rivoyati).
Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi.Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Albatta, Alloh biror kasallikni tushirgan bo‘lsa, u bilan birga davosini ham tushirgan. Uni bilmagan kishi (shifosida) johil bo‘libdi. Uni bilgan kishi (shifodan) xabardor bo‘libdi”, deganlar (Imom Ibn Hibbon rivoyati).
Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Har bir dardning davosi bor. Agar kasallikning davosi unga yetsa, Alloh azza va jallaning izni bilan tuzaladi”, dedilar (Imom Muslim rivoyati).
Doktor Nasimiy aytadi: “Yuqorida sanab o‘tilganlar va ular kabi boshqa hadislarning barchasida tibbiyotni tasdiqlangan. Shuningdek, kasallikka qarshi kurashishga va shifo sabablarini o‘rganishga targ‘ib qilingan. Nabiy sollallohu alayhi vasallamning: “Uni bilmagan kishi (shifosida) johil bo‘libdi. Uni bilgan kishi (shifodan) xabardor bo‘libdi”, degan so‘zlari barcha musulmon tabiblarni, shifokorlarni izlanishlar olib borib, kasalliklarga davo bo‘ladigan dori-darmonlarni kashf qilish va avvalgisidan ko‘ra samaralirog‘i borasidaizlanishga undaydi.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallamning “Har bir dardning davosi bordir” degan so‘zlari esa, o‘zida har qanday kasallikni his qilgan bemorga tuzalishi uchun ishonch va ruhan quvvat bag‘ishlaydi. Bemorda kasallikdan keyingi asoratlar borasidagi yomon o‘y-xayollarni ketkazib, uning a’zolaridagi Alloh taoloning izni bilan tezda shifo topishiga yordam beradigan immunitet tizimini kuchaytiradi.
Nabiy alayhissalom hadisda darddan tuzalishlik uchun kerakli dorini qo‘llash lozimligiga ishora qilib, “Agar kasallikning davosi unga yetsa, Alloh azza va jallaning izni bilan tuzaladi”, dedilar. Bu kasallikka kerakli dori-darmonlarni qo‘llashga targ‘ibdir. Chunki og‘ir dardga oddiy dori kor qilmaganidek, o‘ta kuchli dori boshqa dardlarni keltirib chiqaradi”.
Islom dini ko‘rsatmasiga ko‘ra, kasalliklarga muolaja qiluvchi kishilar tabiblar bo‘ladimi yoki meditsina xodimlarimi o‘z kasblariga doir diniy bilimlardan ham xabardor bo‘lishlari lozim. Nabiy sollallohu alayhi vasallam bu borada ham qilgan tavsiyalari va ko‘rsatmalari – shariat ko‘rsatmasidir. Kasalliklarga shifo izlab dori-darmonlarni qo‘llash qadarga imon keltirish va tavakkul haqiqatiga aslo zid kelmaydi. Zero, Nabiy sollallohu alayhi vasallam o‘zlari davolanganlar va boshqalarni ham ba’zi muolaja yoki tavsiyalari bilan davolaganlar.
Muhammad Zarif Muhammad Olim o‘g‘lining
"Islomda salomatlik" kitobidan
Mustaqilligimizning 35 yilligi munosabati bilan yurtimizda tinchlik, mehr-oqibat, saxovat va insonparvarlik kabi yuksak qadriyatlarni keng targ‘ib etishga qaratilgan xayrli tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan,13 avgust kuni Xorazm viloyati bosh imom-xatibi Xayrulla domla Abdullayev boshchiligida tuman bosh imom-xatiblari, otinoyilar, «Haj–2026» ziyoratidan qaytgan hoji otalar va hoji onalar hamda mahalla faollari ishtirokida Urganch shahridagi «Oxun bobo» jome masjidida sayyor yig‘ilish o‘tkazildi. Tadbirda Xorazm viloyati hokimi o‘rinbosari R.Sobitov ishtirok etdi. Tadbir doirasida «Mustaqillik shukuhi» shiori ostida Urganch shahridagi boquvchisini yo‘qotgan, yetim, nochor va kam ta’minlangan oilalardan 100 nafariga VAQF jamoat fondi viloyat bo‘limi bilan hamkorlikda moddiy yordamlar ko‘rsatildi. Bu xayrli amal orqali ehtiyojmand oilalar holidan xabar olinib, ularga moddiy ko‘mak va samimiy mehr-e’tibor ulashildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Xorazm viloyati vakilligi matbuot xizmati