Birinchi gul: Xushbo‘y gullari va mevali shoxlari bor xurmo daraxti kabi bo‘ling.
Ikkinchi gul: Insonlarning ayblarini oshkor qilish va ularni to‘plashga vaqtingiz bo‘lmasin.
Uchinchi gul: Agar Alloh siz bilan birga bo‘lsa kimdan qo‘rqasiz? Agar U zot sizga qarshi bo‘lsa kimdan umid qilasiz?
To‘rtinchi gul: Hasad inson tanasini yemiradi, rashkning ko‘payishi esa to‘xtatib bo‘lmas olov kabidir.
Beshinchi gul: Bugun tayyorlaning, zaxira yig‘ing. Chunki ertangi kun sizning mulkingiz emas.
Oltinchi gul: Janjal va bekorchiliklardan uzoqlashing.
Yettinchi gul: Xulqingiz ila chiroyli bog‘u bo‘stonlardan ham go‘zal bo‘ling.
Sakkizinchi gul: Yaxshilikni yoying, shunda siz u ila insonlarning eng baxtlisiga aylanasiz.
To‘qqizinchi gul: Insonlarni ularni yaratgan Zotga, hasadni o‘limga qoldiring va dushmanlaringizni unuting.
O‘ninchi gul: Harom ishlarning lazzatidan keyin nadomat, hasrat va azob kelishini unutmang.
Doktor Oiz al-Qarniyning
"Dunyodagi eng baxtli ayol" kitobidan
Da’vo: Mazhab ushlash fitnaga sabab bo‘ladi.
Raddiya: Bu fikr tashqi jihatdan birlikka chaqiriqdek ko‘rinsa-da, ilmiy jihatdan masalaga soddalashtirilgan va tarixiy tajribaga zid yondashuvdir.
Avvalo, mazhab degani Qur’on va sunnatdan mustaqil din emas. Mazhab – Qur’on va sunnatni tushunish metodologiyasi. Xususan, Abu Hanifa asos solgan hanafiy maktabi Qur’on va sunnat matnlarini usuliy qoidalar asosida istinbot qilish tizimidir.
Demak, mazhab tafarruq emas, balki tartibli fiqhiy tafakkur shaklidir.
Ikkinchidan, tarixiy tajriba shuni ko‘rsatadiki, musulmon jamiyatlarida to‘rtta fiqhiy maktabning mavjudligi fitna emas, balki ilmiy xilma-xillik sifatida qabul qilingan. Fitna asosan mazhablar mavjudligidan emas, balki jaholat va mutaassiblikdan kelib chiqqan. Ilmiy maktabning o‘zi emas, balki uni noto‘g‘ri tushunish muammo tug‘diradi.
Uchinchidan, “mazhabsizlik birlik keltiradi” degan g‘oya amaliyotda aksini ko‘rsatdi. Har kim matnni o‘z fahmiga ko‘ra talqin qila boshlaganda, yagona mezon yo‘qoladi va natijada ko‘plab mustaqil, bir-birini inkor qiluvchi qarashlar paydo bo‘ladi. Bu esa birlashuv emas, balki parokandalikni kuchaytiradi. Usulsiz ijtihod fitnaga yaqinroq.
Aqidaviy va fiqhiy muvozanat nuqtayi nazaridan Abu Mansur Moturidiy an’anasi shuni ko‘rsatadiki, dinni tushunishda ilmiy mezon zarur. Mezonsiz “to‘g‘ridan to‘g‘ri Qur’on va sunnatga ergashish” shiori amalda subyektiv talqinlarga yo‘l ochadi. Tarixda aynan shunday yondashuvlar bir-birini “Ahli sunna emas” deb chiqarishgacha olib borgan.
Shuni ham unutmaslik kerakki, sahobalar davridayoq fiqhiy ixtilof mavjud edi. Lekin bu ixtilof ummatni bo‘lmagan. Chunki u usul asosida edi. Mazhablar ana shu sahoba va tobeinlar merosining tizimlashtirilgan shaklidir.
Xulosa qilib aytganda, mazhabning o‘zi fitna emas. Fitna – ilmiy mezonsizlik, jaholat va takfiriy ruhiyatdir. Mazhab esa asrlar davomida ummatni tartibga solgan, fiqhiy birlikni saqlagan institutdir. Shuning uchun “mazhab ushlash fitna” degan umumiy hukm ilmiy asosga ega emas va tarixiy tajribaga zid xulosadir.
O‘tkirbek Sobirov
O‘zbekiston musulmonlari idorasi bo‘lim boshlig‘i,
Toshkent islom instituti o‘qituvchisi