Birinchi gul: Xushbo‘y gullari va mevali shoxlari bor xurmo daraxti kabi bo‘ling.
Ikkinchi gul: Insonlarning ayblarini oshkor qilish va ularni to‘plashga vaqtingiz bo‘lmasin.
Uchinchi gul: Agar Alloh siz bilan birga bo‘lsa kimdan qo‘rqasiz? Agar U zot sizga qarshi bo‘lsa kimdan umid qilasiz?
To‘rtinchi gul: Hasad inson tanasini yemiradi, rashkning ko‘payishi esa to‘xtatib bo‘lmas olov kabidir.
Beshinchi gul: Bugun tayyorlaning, zaxira yig‘ing. Chunki ertangi kun sizning mulkingiz emas.
Oltinchi gul: Janjal va bekorchiliklardan uzoqlashing.
Yettinchi gul: Xulqingiz ila chiroyli bog‘u bo‘stonlardan ham go‘zal bo‘ling.
Sakkizinchi gul: Yaxshilikni yoying, shunda siz u ila insonlarning eng baxtlisiga aylanasiz.
To‘qqizinchi gul: Insonlarni ularni yaratgan Zotga, hasadni o‘limga qoldiring va dushmanlaringizni unuting.
O‘ninchi gul: Harom ishlarning lazzatidan keyin nadomat, hasrat va azob kelishini unutmang.
Doktor Oiz al-Qarniyning
"Dunyodagi eng baxtli ayol" kitobidan
Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida Samarqand shahrida tashkil etilayotgan Imom Moturidiy innovatsion muzeyi ekspozitsiyasini takomillashtirish masalalariga bag‘ishlangan ilmiy-ijodiy guruhning navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur tadbirda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari, ilmiy-ijodiy guruh rahbari Davronbek Maxsudov, Markaz direktori Komiljon Shermuxamedov, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov,Toshkent islom instituti rektori Uyg‘un domla G‘afurov hamda guruh a’zolari bevosita va masafaviy tarzda ishtirok etdi.
Yig‘ilishda muzeyni tashkil etish ishlarining bugungi holati, ekspozitsiya materiallarining mazmun-mohiyati va ilmiy asoslari atroflicha muhokama qilindi. Unda Turkiyaning «Outdoor Factory» kompaniyasi vakillari tomonidan ekspozitsiyaning joriy holati hamda muzeyga joylashtirilishi rejalashtirilgan materiallar taqdimoti o‘tkazildi.
Tadbir davomida Toshkent islom instituti rektori Uyg‘un G‘afurov so‘zga chiqib, buyuk ajdodlarimizning ilmiy-ma’naviy merosini o‘rganish, asrab-avaylash va xalqaro miqyosda targ‘ib etish borasida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlarga to‘xtalib o‘tdi. Xususan, so‘nggi yillarda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Samarqanddagi Imom Buxoriy majmuasi va innovatsion muzeyi kabi yirik loyihalar amalga oshirilayotgani milliy va diniy-ma’naviy merosimizni dunyoga tanitishda muhim ahamiyat kasb etayotganini ta’kidladi.
Shu bilan birga, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining jahondagi eng yirik Islom sivilizatsiyasi muzeyi sifatida Ginnessning rekordlar kitobiga kiritilgani — mamlakatimizning tarixiy va madaniy merosini xalqaro miqyosda namoyon etish borasidagi sa’y-harakatlarining yuksak e’tirofi ekani qayd etildi.
Notiq o‘z so‘zida Samarqand shahrida Imom Moturidiy innovatsion muzeyining tashkil etilishi ham ushbu ezgu tashabbuslarning mantiqiy davomi ekanini, bu esa buyuk mutafakkirning ilmiy merosini zamonaviy usullar orqali keng jamoatchilikka yetkazishga xizmat qilishini alohida aytib o‘tdi.
Muloqot jarayonida ekspozitsiya materiallarini tashrif buyuruvchilarga zamonaviy va interaktiv shakllarda taqdim etish, muzeydagi izoh va yozuvlarning ilmiy aniqligi, tili hamda uslubini takomillashtirish yuzasidan muhim takliflar bildirildi.
Tadbir yakunida bildirilgan fikr va takliflar umumlashtirilib, muzey ekspozitsiyasining ilmiy-ma’rifiy mazmunini yanada boyitish bo‘yicha galdagi muhim vazifalar belgilab olindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati