Bismillahir Rohmanir Rohiym
حدثنا ابن عفان العامري نا زيد بن الحباب عن المسعودي عن عون عن أبي فاختة مولى جعدة بن هبيرة المخزومي عن الأسود بن يزيد قال: قال لنا ابن مسعود: إذا صليتم على رسول الله فأحسنوا الصلاة عليه فإنكم لا تدرون لعل ذلك يعرض عليه“ قلنا: يا أبا عبد الرحمن فعلمنا قال: قولوا: اللهم اجعل صلاتك ورحمتك على سيد المسلمين وإمام المتقين وخاتم النبيين محمد عبدك ورسولك إمام الخير وقائد الخير رسول الرحمة اللهم ابعثه مقاما محمودا يغبطه به الأولون والآخرون اللهم صل على محمد وعلى آل محمد كما صليت على إبراهيم وآل إبراهيم إنك حميد مجيد وبارك على محمد وآل محمد كما باركت على إبراهيم وآل إبراهيم إنك حميد مجيد.
Asvad ibn Yazid roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Ibn Mas’ud roziyallohu anhu bizga: “Agar Rasulullohga salavot aytsangiz, salavotni chiroyli ayting. Chunki sizlar bilmaysiz, ehtimol o‘sha (salavot) u zotga yetkazilar” dedi.
Biz: “Ey Abu Abdurahmon, bizga o‘rgating” dedik.
U: “Allohim, musulmonlar sayyidi, taqvodorlar imomi, payg‘ambarlar oxirgisi, bandang va rasuling, yaxshilik imomi, yaxshilik rahbari va rahmat elchisi Muhammadga salavoting va rahmatingni nozil qil. Allohim, avvalgilar-u oxirgilar havas qiladigan maqomi Mahmudda qayta tiriltirgin. Allohim, Ibrohim va Ibrohimning oilasiga salavot yo‘llaganingdek, Muhammadga va Muhammadning oilasiga ham salavot yo‘llagin. Albatta, Sen maqtovga loyiq va ulug‘vor Zotsan. Ibrohim va Ibrohimning oilasiga barakot berganingdek, Muhammad va Muhammadning oilasiga ham barakot bergin. Albatta, Sen maqtovga loyiq va ulug‘vor Zotsan”.
Abu Said Haysam ibn Kulayb Shoshiyning
“Musnadi Shoshiy” asaridan
Davron NURMUHAMMAD tarjimasi
Bismillahir Rohmanir Rohiym
1. Nabiy sollallohu alayhi vasallamning davo izlashlari:
Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ehromdalik paytlarida boshlari qattiq og‘riganda qon oldirdilar” (Imom Buxoriy rivoyati).
Ali karramallohu vajhahu aytadilar: “Nabiy sollallohu alayhi vasallamni namoz o‘qiyotgan paytlarida chayon chaqib oldi. Namozni tugatganlaridan so‘ng: “Bu chayonga Allohning la’nati bo‘lsin! Namoz o‘quvchini ham, boshqani ham qo‘ymaydi”, dedilar. Keyin suv va tuzni u(yara)ning ustiga surta boshladilar va “Kafirun”, “Ixlos”, “Falaq” va “Nos” suralarini o‘qidilar” (Haysamiy, Tabaroniy rivoyati).
Abu Hurayra roziyallohu anhu aytadilar: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga vahiy nozil bo‘lsa, boshlari og‘rir edi. Shunda unga hina bog‘lardilar” (Haysamiy rivoyati).
Hishom ibn Urva ibn Zubayr aytadi: “Urva Oisha roziyallohu anhoga shunday der edi: “Ey onajon, men sizni fahmingizdan ajablanmayman. “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ayollariva Abu Bakrning qizi” deyman. Men arab kunlari(tarixi) haqidagi she’rlarni bilishingizdan ham ajablanmayman. Abu Bakrning qizi, eng bilimdon, yoki insonlarning eng bilimdoni deyman”. Lekin tibni bilishigizga hayratda qolaman. Uni qanday, qayerdan (bilgansiz). (Roviy) aytadi: Oisha onamiz uning yelkasiga qoqib: “Ey, Uriya Rasululloh sollallohu alayhi vasallam umrlarining so‘ngi paytida yoki umrlarining oxirida mening oldimda bemor bo‘lgandilar. U zotning oldilariga turli joylardan arab elchilari kelib turardi. U zot og‘irlashib qolardilar. Men muolaja qilardim. (tibni bilishim) Shu tufayli” dedilar (Imom Ahmad rivoyati).
Ushbu hadislar umumiy tarzda davolanish Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sunnatlari, tutgan yo‘llari ekanini ekanini ifodalaydi. U zot alayhissalomga bemorlik yetsa, Qur’on va duolar o‘qib o‘zlariga dam solish bilan birga shifoning zohiriy sabablarini ham qilganlar.
2. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam boshqalarni davolaganlari yoki dori ichishni tavsiya qilganlari:
Sa’d ibn Abu Vaqqos roziyallohu anhu aytadilar: “Qattiq kasal bo‘lib qolgan edim. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam meni ko‘rgani keldilar. Qo‘llarini ko‘kragim orasiga qo‘ygan edilar, yuragimda uni muzdek (taftini) his qildim. Shunda menga:“Sen yuragi kasal kishisan. Saqif inisi Horis ibn Kaldaning oldiga bor. U tabiblik qiladigan kishi. Ungabuyurgin, Madina ajvasi[1]dan yetti dona qurutilganini olib, danagi bilan urib (maydalab) so‘ngra uni surtsin”, dedilar (Imom Muslim rivoyati).
Jobir roziyallohu anhu aytadilar: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Ubay ibn Ka’bning oldiga tabibni jo‘natdilar. Tabib uning tomirini kesib, so‘ng uni kuydirdi (Imom Muslim rivoyati).
Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Ummu Salama Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan hijoma qildirish uchun ruxsat so‘radilar. Shunda Nabiy sollallohu alayhi vasallam unga Abu Tiybaga uni hijoma qilib qo‘yishini buyurdilar”. (Roviy) Aytadi: “O‘ylashimcha, u Ummu Salamaning emikdosh inilari yoki balog‘atga yetmagan bola bo‘lgan”(Imom Muslim rivoyati).
Ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Isitma jahannam(issiqlari)dan chiquvchidir. Uni suv bilan sovutinglar”,deganlar (Imom Muslim rivoyati).
Mazkur hadislar qalblar tabibi Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ummatlarini ruhiy tarbiya qilish bilan cheklanib qolmay, ularning tanalaridagi dardlarini ham davolaganlari va zarur tavsiyalarni berganlarini ko‘rsatadi. Yana boshqa ko‘plab hadisi shariflarda turli holatlarda bir necha sahobalar u zotning huzurlarida darlariga shifo topganlari bayon qilingan.
Muhammad Zarif Muhammad Olim o‘g‘lining
"Islomda salomatlik" kitobidan
[1]Madinadagi mevasi yumshoq sifatli xurmo daraxti.