Shu yil 13 fevral kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Muhammadolim domla Muhammadsiddiqov Afg‘oniston Fanlar akademiyasi Tarjima markazi rahbari Azizulloh Shinvoriy boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.
Muloqot davomida Amudaryoning ikki sohilida yashayotgan qardosh xalqlarni azaldan yagona din, mushtarak tarix va ezgu maqsadlar birlashtirib kelayotgani, keyingi yillarda ushbu qo‘shnichilik munosabatlari yangi bosqichda mustahkamlanib borayotgani alohida qayd etildi. Xususan, davlatimiz Rahbari tomonidan Afg‘onistonda tinchlik va osuda hayotni qaror toptirishga qaratilgan xalqaro tashabbuslari bugun o‘z mevasini berayotgani, ikki davlat ulamolari o‘rtasidagi tashriflar esa o‘zaro aloqalarni yanada jipslashtirayotgani ta’kidlandi.
Shuningdek, mehmonlarga Diniy idoraning 80 yillik boy tarixi, Fatvo markazi faoliyati va yurtimizdagi diniy ta’lim tizimi haqida batafsil ma’lumot berildi.
O‘z navbatida, Azizulloh Shinvoriy O‘zbekistonga bo‘lgan yuksak ehtiromini izhor etib, bu zaminni nafaqat buyuk allomalar vatani, balki noyob ilmiy asarlar, muborak ziyorat va qadamjolar makoni sifatida qadrlashini bildirdi. Shuningdek, poytaxtimizda o‘tgan Burhonuddin Marg‘inoniy ilmiy merosiga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya doirasidagi uchrashuvlar ikki xalq ilm ahllari uchun g‘oyat manfaatli bo‘layotganini e’tirof etdi.
Uchrashuv yakunida tomonlar ilm-ma’rifat va Islom dini ravnaqi yo‘lida hamkorlikni izchil davom ettirishga kelishib oldilar. Martabali mehmonga O‘zbekiston musulmonlari idorasining esdalik hadyalari topshirildi.
Mazkur uchrashuvdan so‘ng martabali mehmonlar Hazrati imom majmuasi, xususan, Qaffol Shoshiy maqbarasini ziyorat qilish bilan birga Toshkent islom instituti faoliyati bilan yaqindan tanishildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Imom Buxoriy majmuasi nafaqat O‘zbekiston, balki butun islom olami uchun ulug‘ va muqaddas qadamjolardan biri hisoblanadi.
Hazrat Imom Buxoriydek buyuk muhaddis nomi bilan bog‘liq ushbu majmua bugun yurtimizning eng yirik ma’naviy va madaniy markazlaridan biriga aylangan. Har kuni minglab ziyoratchilar bu yerga kelib, ajdodlar merosi, ma’rifat va muqaddas tarix bilan yuzlashmoqda.
Majmua nafaqat ziyoratgoh, balki xalqimizning boy ma’naviy merosi, milliy me’morchiligi va islom sivilizatsiyasidagi o‘rnini namoyon etuvchi noyob madaniy ob’yektdir. Uni barpo etish uchun katta mehnat, yuksak mahorat va qimmatbaho qurilish materiallari sarf etilgan. Shu bois bu qutlug‘ maskanni asrab-avaylash har birimiz uchun muhim vazifadir.
Yaqinda Madaniy meros agentligi tomonidan ayrim ziyoratchilarning majmua hududida beparvo munosabatda bo‘layotgani haqida ma’lumot berildi. Ayrim holatlarda ustunlar, ayvonlar va muzey eksponatlariga ehtiyotsiz munosabatda bo‘lish, chiqindilarni duch kelgan joyga tashlash kabi holatlar kuzatilmoqda. Bu esa nafaqat ziyoratgoh ko‘rkiga, balki uning ma’naviy muhitiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Bu holat barchamizni sergaklikka chaqirishi kerak. Zero, muqaddas qadamjoga kelgan inson avvalo o‘zini munosib tutishi, tozalik va tartib-qoidalarga amal qilishi lozim. Chunki ziyoratgoh — oddiy sayrgoh emas. Bu yerda asrlar nafasi, buyuk ajdodlar ruhi va ma’rifat ziyosi mujassam.
Tozalik esa inson madaniyatining eng muhim ko‘rsatkichlaridan biri. Islom ta’limotida ham poklikka alohida ahamiyat berilgan. Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom “Tozalik — iymonning yarmidir”, deya ta’kidlaganlar. Demak, ziyoratgoh hududida ozodalikni saqlash nafaqat fuqarolik burch, balki ma’naviy mas’uliyat hamdir.
Ayniqsa, chet ellik mehmonlar O‘zbekiston haqidagi ilk taassurotni aynan shunday muqaddas maskanlar orqali oladi. Agar ziyoratgoh ozoda, tartibli va fayzli bo‘lsa, bu xalqimizning yuksak madaniyati va ma’naviyatini namoyon etadi. Aksincha, beparvolik va tartibsizlik mamlakatimiz nufuziga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Yosh avlodni ziyoratgoh madaniyati ruhida tarbiyalash ham muhim ahamiyatga ega. Bolalar kattalardan ibrat oladi. Agar ota-ona muqaddas joyda tartibga amal qilsa, ehtiyotkor bo‘lsa, farzand ham shu ruhda tarbiya topadi. Shu bois har bir inson o‘z harakati bilan boshqalarga namuna bo‘lishi kerak.
Imom Buxoriy majmuasi — millatimiz g‘ururi va ma’naviy boyligi. Uni asrash, tozaligini saqlash va ehtirom bilan munosabatda bo‘lish har bir insonning vijdoniy burchidir. Ziyoratgohlarga bo‘lgan munosabatimiz orqali biz o‘z madaniyatimiz, ma’naviyatimiz va ajdodlar merosiga bo‘lgan hurmatimizni namoyon etamiz.
Asliddin Mustafoyev, majmua axborot xizmati rahbari.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati