#xabar #muftiy #juma #masjid
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari bugun, 13 fevral kuni juma namozini poytaxtimizning Bektemir tumanida qayta qurilib, foydalanishga topshirilgan "Abduqodir hoji ota" (avvalgi nomi "Xuton") jome masjidida ado etdilar.
Muftiy hazratlari juma namozidan oldin jamoatga Qur’onda ta’kidlangan ikki ulug‘ amal – zikr va salavot aytishning fazilatlari haqida ma’rifiy suhbat qilib berdilar.
Darhaqiqat, inson turli yumushlar bilan ovora bo‘lib, ba’zan ruhiy tarbiyadan, qalbiga ozuqa bo‘ladigan amallardan uzilib qoladi. Holbuki, zikr va salavotlar qalbni sayqallab, musaffo va nurli qiladi.
Ma’ruzada aytilganidek, Alloh taolo Qur’oni karimning o‘n olti joyida zikrga buyurgan: “Bas, Meni yod etingiz, (Men ham) sizlarni yod eturman. Menga shukr qilingiz, noshukrchilik qilmangiz!” (Baqara surasi, 152-oyat). Demak, zikrning eng katta foydasi – bandaning gunohlari afv etilishiga, Robbi ham uni yod etishiga sabab bo‘ladi.
Ammo ba’zi insonlar “zikr qilishim kerak ekan” deya kundalik kasbu kor qilishdan ham o‘zlarini tortib, ahli oilasini tang ahvolga tushirib qo‘yganlarini eshitib qolamiz. Bu xato tushuncha bo‘lib, aslida ishlab turib ham qalbni zikr bilan mashg‘ul qilish mumkin. Bahouddin Naqshband hazrat: “Diling Allohda, qo‘ling ishda bo‘lsin”, deganida shunga dalolat etganlar.
Shuningdek, salavot ham yaxshiliklar vasilasi, Allohning roziligiga olib boruvchi, ko‘plab ajr-savoblar eshigidir. Salavot aytishning nechog‘lik ulug‘ amal ekani Qur’oni karimda ta’kidlangan: “Albatta, Alloh va Uning farishtalari Payg‘ambarga salavot ayturlar. Ey, mo‘minlar! (Sizlar ham) unga salavot va salom aytingiz!” (Ahzob surasi, 56-oyat).
Zero, Payg‘ambar alayhissalom bunday marhamat qilganlar: “Menga salavot aytinglar, chunki qayerda bo‘lsangiz ham salavotlaringiz menga yetib keladi” (Imom Abu Dovud rivoyati).
Manfaatli ma’ruza so‘ngida barcha mo‘min-musulmonlar Allohning zikri va Payg‘ambar alayhissalomga salavot aytishda peshqadam bo‘lishini so‘rab duolar qilindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati