2026 yil 17 fevral kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi ulamolari hijriy 1447 yil Ramazon oyi hiloli ko‘rinmaganini ma’lum qiladi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Astronomiya institutining taqdim etgan ma’lumoti ham mazkur kuzatishlarni tasdiqladi. Shu bois, joriy yil 18 fevral kunini hijriy 1447 yil Sha’bon oyining o‘ttizinchi kuni, Ramazon oyining birinchi kuni esa shu yilning 19 fevral kuniga to‘g‘ri kelishi haqida qaror qabul qilindi.
Quyidagi aksar mamlakatlar ham Ramazon oyining birinchi kunini shu yilning 19 fevral kuni, deb e’lon qildi:
Misr Arab Respublikasi
Iordaniya
Suriya
Iroq
Eron
Turkiya
Qozog‘iston
Qirg‘iziston
Tojikiston
Turkmaniston
Ozarbayjon
Indoneziya
Bruney
Ummon
Singapur
Avstraliya
Yaponiya
Pokiston
Hindiston
Malayziya
Janubiy Koreya
Liviya Arab respublikasi
Rossiya Federatsiyasi
Bangladesh
Tunis
AQSH
Shuningdek, Yevropa fatvo va tadqiqotlar kengashi hamda Shimoliy Amerika hilol qo‘mitasi tomonidan joriy yil 19 fevral kunini Ramazon oyining birinchi kuni, deb e’lon qilindi. Yangi oy ko‘rilmagani sababli Sha’bon oyi 30 kunga to‘ldirildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
26 avgust kuni O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida “Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh, yangi kashfiyotlar” xalqaro mediaforumning “Asrlarni birlashtiruvchi meros. Islom sivilizatsiyasining ma’naviy mazmun-mohiyati” mavzusidagi uchinchi yalpi sessiyasi bo‘lib o‘tdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA.
Sessiya doirasida Qur’oni karim merosi, qadimiy qo‘lyozmalar, islom xattotligi, hujjatli kino hamda tarixiy manbalarni o‘rganishda sun’iy intellektdan foydalanishga bag‘ishlangan xalqaro loyihalar taqdim etildi.
Xususan, “114 Qur’on: islom olami xattotligining 114 durdonasi”, “Katta Langar Qur’oni: haqiqat va afsonalar”, “Allohning 99 ismi: Uning go‘zal ismlari orqali Yaratganni anglash”, “Sun’iy intellekt – qadimiy qo‘lyozmalarni o‘qishning raqamli kaliti” loyihalari hamda “Yagona tarixiy meros sahifalari” loyihasi doirasida yaratilgan “Masjid” hujjatli filmi namoyish etildi.
Xalqaro muhokamalarda Islom hamkorlik tashkiloti, shuningdek, Jazoir, O‘mon, Pokiston, Saudiya Arabistoni, Iroq, Mali va O‘zbekistonning yetakchi ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etib, islomofobiya va mavjud stereotiplarni bartaraf etishda medianing o‘rni haqida fikr almashdi.
Sessiya yakunida turli mamlakatlar va xattotlik maktablarining an’analarini birlashtiruvchi noyob Qur’oni karim nusxasini yaratish bo‘yicha Xattotlar umumjahon tanlovi e’lon qilindi.
Eslatib o‘tamiz, mazkur xalqaro mediaforumning asosiy tadbirlari O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazida o‘tkazilib, unda qariyb 50 mamlakatdan media va ekspert hamjamiyatining 300 nafarga yaqin vakili — media kompaniyalar, axborot agentliklari va telekanallar rahbarlari, jurnalistlar, prodyuserlar, olimlar hamda kreativ industriya mutaxassislari ishtirok etmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati