Bismillahir Rohmanir Rohiym
Endi jonsiz narsalarni olib qaraylik. Misol uchun, yer. Uning ustki qatlami qimirlamasdan sokin turadi. Insonlar uning ustida bemalol yashaydilar. Bino, inshootlarini qurishadi. Aslida Alloh taolo yer yuzini shunga mos qilib yaratgan. Lekin ba’zan bu qonuniyat buzilib turadi. Vulqonlar otilib undan chiqqan lavalar hamma joyni vayron qiladi. Zilzilalar bo‘lib binolarni qulashiga sabab bo‘ladi. Olimlar qancha harakat qilishmasin bunday ofatlarni to‘xtatib tura olishmaydi. Qo‘llaridan kelgani silkinish darajasini aniqlash xolos.
Demak, ilm ham, qudrat ham yolg‘iz Alloh taolodan ekan. Buning barchasi qudrat faqatgina Allohning qo‘lida ekanini bilishimiz, din asri tugadi, ilm-fan zamoni keldi demasligimiz uchun.
Allohning qudrati mutlaq ekaniga atrof olamdan juda ko‘plab misollarni keltirishimiz mumkin. Mazlumlarga yordam beradigan ham, zolimlardan o‘ch oladigan ham Alloh taoloning O‘zidir.
Borliqdagi barcha narsa Allohning izmidadir. Borliqdagi qonunlarni yaratgan ham, xohlasa ularni o‘zgartiradigan ham Allohdir. Vaqti kelib borliqdagi barcha qonunlar buzuladi va yerda hayot tugaydi. Alloh taolo bunday marhamat qiladi:
﴿إِذَا السَّمَاءُ انْفَطَرَتْ وَإِذَا الْكَوَاكِبُ انْتَثَرَتْ وَإِذَا الْبِحَارُ فُجِّرَتْ وَإِذَا الْقُبُورُ بُعْثِرَتْ عَلِمَتْ نَفْسٌ مَا قَدَّمَتْ وَأَخَّرَتْ﴾
“Vaqtiki osmon yorilsa. Va vaqtiki yulduzlar sochilib ketsa. Va vaqtiki dengizlar portlatilsa. Va vaqtiki qabrlar ostin-ustun bo‘lsa. Har bir nimani muqaddam qildi-yu, nimani oxir qildi biladir” (Infitor surasi, 1-5 – oyatlar).
Qur’oni karimda qiyomat kuni bo‘ladigan holatlarni yoritgan oyatlar juda ko‘p. Ayrimlar bunday deydilar “Yaratganning qudrati mukammaldir. Shuning uchun borliqdagi qonuniyatlar million yillar o‘tsa-da, o‘zgarmasdan qolaveradi, bir soniya ham o‘zgarmasdan turadi”. Ularga aytadigan gapimiz shuki “Avvalo borliqqa yaxshilab nazar solinglar. Nahotki o‘tgan zamonlardan beri koinot, borliq o‘zgarmagan bo‘lsa?!
Yana ayrimlar esa borliqdagi qonuniyatlarni o‘zgaruvchan deb biladilar va buni Yaratganning qudrati erkinligi bilan izohlashga urinadilar. Ularga ham bu e’tiqodlari xato ekanligini bilishlari uchun atrofga boqishlari kifoya ekanligini eslatib qo‘ymoqchimiz.
Inson zulm ko‘rgan paytda qalbidan “Alloh bor, meni tashlab qo‘ymaydi” deya umid qiladi. Nega? Chunki hamma bir lahzada vaziyat Allohning izni ila o‘zgarishi mumkinligini yaxshi biladi.
Odatda inson sababiyat qonuniyatlari amal qilayotgan paytda Allohni kam eslaydi. Aslida hamma narsa Allohning izni ila sodir bo‘layotgan bo‘lsa ham bu narsani oddiy qabul qiladi. Biroq kutilmagan paytda ishlar bo‘lgandagina inson yaxshiroq tafakkur qilishni boshlaydi, yaratgan egasini eslaydi. Allohning borligiga atrofimizdagi narsalar orqali misollar keltirdik. Alloh taolo bunday marhamat qiladi:
﴿وَفِي أَنْفُسِكُمْ أَفَلَا تُبْصِرُونَ﴾
“O‘zingizda ham (mo‘jizalar bordir). Ko‘rmaysizlarmi” (Zoriyot surasi, 21-oyat).
Kishi o‘ziga nazar solsa, Lekin mo‘jizalarni ko‘rmasa unda ushbu oyatning ma’nosi nima? Bu endi keying bobga tegishli mavzu.
Shayx Muhammad Mutavalli Sha’roviy rahimahullohning
"Allohning borligiga aqliy dalillar" kitobidan
Shu yilning 7–11 noyabr kunlari O‘zbekistonning delegatsiyasi Saudiya Arabistonida bo‘lib o‘tadigan Haj xizmatlari xalqaro ko‘rgazmasi va konferensiyasida qatnashadi. Shuningdek, muborak safarni yuqori darajada o‘tkazish bilan bog‘liq vazifalar yuzasidan ikki tomonlama muzokaralar olib boriladi.
Mazkur delegatsiya tarkibidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining diniy-ma’rifiy masalalar bo‘yicha maslahatchisi Muzaffar Kamilov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Sodiqjon Toshboyev, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari, Vazirlar Mahkamasi mas’ul xodimi Orifxon Zakirov, “Haj” va “Umra” bo‘yicha attashe Shuhrat Amoniy hamda bir qator soha mutaxassislari o‘rin olgan.
Ushbu anjumanning asosiy o‘ziga xosligi — ziyoratchilarga xizmat ko‘rsatish sifatini yangi bosqichga olib chiqishdir. Xususan, tadbirda haj safarini tashkil etishda raqamli texnologiyalar, sun’iy intellekt imkoniyatlari va ilg‘or innovatsion loyihalar taqdimoti o‘tkazilishi kutilmoqda.
Safar davomida «Haj–2027» mavsumini yuqori saviyada va ko‘tarinki ruhda o‘tkazish maqsadida delegatsiyamiz tomonidan bir qator muhim vazifalar amalga oshiriladi:
Saudiya Arabistoni Haj va umra vazirligi rahbariyati bilan bo‘lajak mavsumga puxta hozirlik ko‘rish yuzasidan muzokaralar olib borish;
Bo‘lg‘usi hojilarimiz uchun mo‘ljallangan mehmonxonalar va transport xizmatlarining sifatini bevosita ko‘zdan kechirish;
Mino, Arafot va Muzdalifa vodiylarida ziyoratchilarga yaratiladigan shart-sharoitlar va xizmat ko‘rsatish holatini o‘rganish;
Haj jarayonlariga mas’ul bo‘lgan boshqa hamkor idoralar bilan o‘zaro aloqalarni muhokama qilish va mustahkamlash;
Haj safarini tashkil etishdagi muhim yo‘nalishlar bo‘yicha o‘quv-seminarlarida ishtirok etish.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati