Garchi ko‘rinsada senga masofa eng uzoq, Kelar U zot rahmati ko‘z yumishingdan tezroq.
Singilginam, albatta, qiyinchilikdan keyin yengillik, ko‘z yoshdan so‘ng tabassum bor va qorong‘u zulmatdan so‘ng tong otadi. Allohning izni ila tez orada g‘am bulutlari tarqaladi, qayg‘u zulmati yorishib ketadi, baxtsizlik nari ketadi va xafaliklar tugaydi.
Shuni bilingki, siz savobga erishasiz. Agar siz ona bo‘lsangiz farzandlaringizga go‘zal tarbiya berasiz hamda Islom yordamchilari, din xodimlari va millat qahramonlari bo‘lib yetishadi. Ular sajdalarida va sahar vaqtlarida haqqingizga duo qilishadi. Shunday ekan, sizning rahmdil ona bo‘lishingiz eng katta ne’matdir. Muhammad sollallohu alayhi vasallamning onalari bu dunyoga ulug‘ imom va yo‘lboshchini hadya etgan ayol ekani sizga faxr va sharaf uchun kifoya qiladi.
Sizning o‘zingiz kabi ayollar orasida yaxshi so‘z, go‘zal mav’iza va boshqa yaxshiliklar ila da’vatchi bo‘lish imkoningiz bor. Chunki ayol kishi o‘zining go‘zal xulqi va yaxshi amallari bilan ko‘plab xatiblar, ma’ruzachilar va mudarrislar qila olmaydigan ishlarni qilishi mumkin. Qanchadan-qancha mahallalarda birgina ayoldan din, ibo, go‘zal xulq, qo‘shnilarga yaxshilik qilish va eriga itoat etish kabi yaxshi amallar tarqalgan. Natijada, uning muattar hayot tarzi doim eslanadigan, insonlarga hikoya qilib beriladigan bo‘lgan va u ayollar uchun go‘zal namunaga aylangan.
Shu’lasi: Kun kelib, rayhonlar gul ochadi, mahzunlik yiroq ketadi va yupanch keladi.
Doktor Oiz al-Qarniyning
"Dunyodagi eng baxtli ayol" kitobidan
Bugungi jamiyatimizda odob-axloq jihatidan oqsoqliklar ko‘zga tashlanmoqda. Salom berish, yordamga muhtojlarni ko‘rganda ko‘maklashish, o‘zidan kattalarga hurmat ko‘rsatish kabi qadriyatlar kamayib borayotganini hech kim inkor qilmasa kerak. Holbuki, har bir ota-ona farzandining ilmli, solih va yetuk inson bo‘lib kamol topganini ko‘rishni orzu qiladi. Biroq “holva” degan bilan og‘iz shirin bo‘lmaydi. Ya’ni quruq orzu-havasning o‘zi kifoya qilmaydi. Balki doimiy va tartibli ta’lim-tarbiya ishiga kirishish lozim bo‘ladi. Bu borada jamiyatdagi insonlarni uch toifaga bo‘lish mumkin:
1. O‘zi ham amal qilib, farzandini ham ezgulikka yetaklaydiganlar. Bu tutum dunyo va oxirat saodatini ko‘zlagan mo‘minning yo‘li. Tarbiyada eng samarali omil ota-onaning shaxsiy namunasidir. Bolaga, avvalo, Allohni tanitish va solih amallar bilan o‘rnak bo‘lish lozim. Qur’oni karimda ta’kidlanganidek, iymon keltirib, ezgu amal qilganlarga dunyoda pokiza hayot, oxiratda esa abadiy jannat bashorati berilgan (Nahl surasi, 97-oyat).
2. O‘zi amal qilmay, farzandi tarbiyasiga mol-dunyo sarflaydiganlar. Unutmang, pul hamma narsani hal qilmaydi. Ota-onaning o‘zi diniy va axloqiy majburiyatlarni bajarmasa, pand-nasihatlari farzandga ta’sir qilmaydi. Oilaviy muhitda ota ta’minotga, ona tarbiyaga mas’ul bo‘lib, o‘zaro hurmat va hamjihatlik bo‘lishi shart.
Shuningdek, ota-onalarning behuda ishlar, masalan, telefonga ko‘p bog‘lanib qolishi tarbiyadagi eng katta bo‘shliqni yuzaga keltiradi. Farzand kamoloti uchun uning vaqtini to‘g‘ri taqsimlash, uyqu va dars tartibini doimiy nazoratda tutish, tartibni ushlash lozim. Eng muhimi, xulq ilmdan ustun turadi: xulqsiz berilgan ilm insonni zalolatga yetaklaydi, shu bois farzandga go‘zal axloqiy tarbiya berib, so‘ng ilm bilan ziynatlash kerak.
3. O‘zi ham amal qilmay, farzandini ham bunga chaqirmaydiganlar. Bu toifaning oqibati xatarlidir. Alloh taolo Toha surasida bunday marhamat qiladi: “Kim Mening zikrimdan yuz o‘girsa, albatta, uning uchun tang hayot bo‘lur...” (124-oyat). Mana shu oyatning o‘ziyoq kishini sergak torttirib, bu toifadan bo‘lib qolmaslikka undashi lozim.
Xulosa shuki, farzand qalbi va ruhiyati ildiz otishi kerak bo‘lgan daraxt ko‘chati kabidir. Uning ildizini iymon va taqvo mustahkamlaydi. Shunday ekan, kim farzandlari kamolini ko‘rishni istasa, amali va e’tiborini bilan shunga harakat qilsin. Alloh taolo barchamizni to‘g‘ri yo‘lda bardavom qilib, zurriyotlarimiz kamolini ko‘rsatsin.
Aziza RAHMATOVA,
Samarqand tumani bosh otinoyisi