Alloh taolo aytadi: “Binosini Allohga bo‘lgan taqvo va Uning roziligi asosida qurgan kimsa yaxshimi yoki binosini yemirilayotgan jar yoqasini asos qilib qurib u bilan birga jahannam o‘tiga qulagan kimsa yaxshimi? Va Alloh zolim qavmlarni hidoyat qilmas” (Tavba surasi, 109-oyat).
Islomiy xonadon taqvo ustiga bino qilingan bo‘ladi. Uning ustunlari Allohga taqvo qilish, solih amallar va Allohning amriga bo‘ysunish bo‘ladi.
Alloh taolo aytadi: “Ey iymon keltirganlar! O‘zingizni va ahli ayolingizni yoqilg‘isi odamlaru toshdan bo‘lgan o‘tdan saqlang. Uning tepasida qo‘pol, darg‘azab farishtalar bo‘lib, ular Allohning amriga isyon qilmaslar va nimaga buyurilsalar, shuni qilurlar” (Tahrim surasi, 6-oyat).
Xonadon omonat va mas’uliyatdir. Har bir oila boshlig‘i bu omonatni munosib saqlashi va ishonchli mas’ul bo‘lishi lozim.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Har biringiz boshliqsiz va har biringiz raiyati (qo‘l ostidagilari haqida) dan so‘raluvchisiz”.
Xonadonni boshqarish – ahlini namozga buyurish bilan bo‘ladi. Alloh taolo Ismoil alayhissalom haqlarida bunday marhamat qiladi: “U ahlini namozga va zakotga buyurar edi va Robbi nazdida rozi bo‘lgan edi” (Maryam surasi, 55-oyat).
Xonadon eng muhtoj bo‘ladigan narsa bu ahli-oilani tarbiyasi bilan shug‘ullanadigan yaxshi, solih ota va mo‘mina onadir.
Alloh taolo aytadi: “Albatta, Alloh sizlarga omonatlarni o‘z ahliga erishtirishni va agar odamlar orasida hukm qilsangiz, adolat ila hukm qilishni amr qiladir. Alloh sizlarga qanday ham yaxshi va’z qilur! Albatta, Alloh eshituvchi va ko‘ruvchi Zotdir” (Niso surasi, 58-oyat).
Albatta, omonatlarning eng kattasi xonadon va ularni to‘g‘ri tarbiya qilish omonatidir. Islomiy xonadon Ramazonda zikr, tilovat va taqvo uzra yashaydi. Ular taomlanishda, ichkariyu tashqarida, uyg‘oqligu uyquda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlariga amal qilishadi.
Bugungi kunda ko‘plab xonadonlar musiqaga o‘rganishdi. Shu sababdan bu xonadon ahllarining qalblari buzildi, kelajaklarini zoye qilishdi va kuch-quvvatlari parchalanib ketdi. Ko‘plab xonadonlarga behuda narsalar kirishi bilan undan sakinat, zikr, odob va viqor chiqib ketdi.
Alloh taolo aytadi: “Odamlar orasida ilmsiz ravishda Allohning yo‘lidan adashtirish uchun va u(yo‘l)ni istehzo qilish uchun behuda so‘zni sotib oladigan kimsalar ham bor. Ana o‘shalarga o‘zlariga xorlovchi azob bordir” (Luqmon surasi, 6-oyat).
Islomiy oila bekorchi va safsatalardan uzoq bo‘lib, Allohni zikr qilib uyg‘onadi hamda Uning zikri ila uyquga ketadi. Alloh taolo aytadi: “Ular behuda narsalardan yuz o‘girguvchilardir” (Mo‘minun surasi, 3-oyat).
Islomiy oila Alloh taolodan hayo qiladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Ey, insonlar! Allohdan haqiqiy hayo qilinglar! Allohdan haqiqiy hayo qilish boshni va u o‘z ichiga olgan narsa (ko‘z, quloq, va og‘iz kabi)larni hamda qorinni va u o‘z ichiga olgan narsa (farj, qo‘l-oyoq va qalb kabi)larni (haromdan) saqlamog‘ingdir. Kim chirigan suyak (bo‘lish)ni o‘ylasa hayot va dunyoning ziynatini tark etadi”.
Oila ko‘plab muhim ishlarga muhtoj bo‘ladi. Ularning eng katta va keraklilari besh vaqt namozni to‘liq va mukammal ado etish, Qur’oni karimni tilovat qilish, doimo Allohning zikrida bo‘lish hamda katta va kichik sunnatlarni tiriltirishdir. Shuningdek, ular behuda narsalar va yomon ishlarni xonadondan yo‘qotishga va ulardan chetlashishga ham muhtoj bo‘lishadi.
Alloh taolo aytadi: «Albatta, “Robbimiz Alloh” degan, so‘ngra mustaqiym bo‘lganlarning ustilaridan farishtalar: “Qo‘rqmanglar, mahzun ham bo‘lmanglar, o‘zingizga va’da qilingan jannat xushxabarini qabul qilinglar”… (deydilar)» (Fussilat surasi, 30-oyat).
Boshqa bir oyatda esa Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “Alloh iymon keltirganlarni bu dunyo hayotida ham, oxiratda ham sobit so‘z ila sobitqadam qilur. Alloh zolimlarni zalolatga ketkazur. Alloh xohlaganini qilur” (Ibrohim surasi, 27-oyat).
Ramazon oyi musulmon xonadoniga o‘zgacha ruh va xotirjamlik kiritadi. Xonadon ahlini tunlari qoim bo‘lish uchun uyg‘otadi, kunduzlari ro‘za tutmoqqa chorlaydi va Alloh taoloni zikr qilishga targ‘ib qiladi. Alloh taolo aytadi: “Albatta, Allohning kitobini tilovat qiladiganlar, namozni to‘kis ado etib, Biz ularga rizq qilib bergan narsalardan maxfiy va oshkora infoq qilganlar, hargiz kasodga uchramaydigan tijoratdan umidvor bo‘lurlar. Chunki U zot ularga ajrlarini to‘liq qilib berur va O‘z fazlidan ziyoda ham qilur. Albatta, U o‘ta mag‘firatli va o‘ta shukr qilguvchidir” (Fotir surasi, 29-30-oyatlar).
Yo, rahmlilar Rahmlisi, biz Sendan xonadonimizni iymon nuri, hikmat va sakinat ila to‘ldirishingni so‘raymiz!
Doktor Oiz al-Qarniyning
"Ro‘zadorlar uchun darslar" kitobidan
“Shahid” so‘zi “hozir”, “guvoh”, “o‘z bilganlari haqida xabar beruvchi” ma’nolarini ifodalaydi. Shuningdek, “Shahid” Alloh taoloning ismlaridan biri bo‘lib, “guvohligi ishonchli, har doim hozir bo‘luvchi Zot” degan ma’nolarni anglatadi.
“Shahid” so‘zi umumiy tarzda Allohning yo‘lida halok bo‘lgan shaxsga nisbatan ishlatiladi.
Shahidlik – Allohning roziligi yo‘lida jonini fido qilgan, iymon-e’tiqodi va nomusini saqlash yo‘lida zolim dushman qo‘lida qatl qilingan kishilarga Alloh tomonidan beriladigan darajadir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hadislarida vabodan, ichki kasalliklardan, fojiali falokatdan vafot etganlarni ham shahidlik darajasini topishi xabar berilgan.
Islom dinida shahidlarning martabasi va ularning maqomi alohida qadrlanadi. Biroq ayrim kimsalar shahidlikni urush-janjallar maydonida o‘lgan odam bilan chegaralab qo‘yib, xato tasavvurga ega bo‘lib yurishadi. Zotan, jangu jadalda o‘lish shahidlikka shart qilingan emas!
Ba’zilar esa o‘z-o‘zini o‘ldirib, portlatib yuborishni ham shahidlik deb odamlarni aldaydilar. O‘z-o‘zini o‘ldirish shahidlik emas. Aslida, bu ikki holatsiz ham inson shahidlik martabasiga ega bo‘lishi mumkin. Zero, Habibimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamdan kelgan hadisi sharifda quyidagilarni ko‘rishimiz mumkin.
Sahl ibn Hunayf roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Kim Allohdan sidqidildan shahidlikni so‘rasa, garchi ko‘rpasida o‘lsa ham, Alloh uni shahidlar martabasiga yetkazadi”, dedilar (Imom Muslim, Imom Abu Dovud, Imom Termiziy rivoyati).
Imom Termiziy keltirgan rivoyatda: “Kim Allohdan Uning yo‘lida sodiqlik ila, chin qalbdan qatl bo‘lishni so‘rasa, Alloh unga shahidning ajrini beradi”, deyilgan.
Niyatni xolis qilib, jamiyatdan ajralmagan holda, ota-onasi bag‘rida, oilasi davrasida, do‘stu yorlari bilan birgalikda, vataniga xizmat qilib yurib ham shahidlik martabasiga ega bo‘lib, obro‘-e’tibor va yorug‘ yuz bilan dunyodan o‘tayotgan tabarruk shahid zotlar juda ko‘p. Shulardan o‘rnak olishimiz lozim bo‘ladi.
Shahidlik haqida bir qancha shar’iy hukmlar, fatvolar, bayonotlar mavjud.
Avvalo, shuni bilish lozimki, shahidlar ikki xil bo‘ladi:
1. “Shahidi a’lo” – “oliy darajadagi shahid”. Vatan uchun bo‘lgan jangu jadalda, dushmanlar bilan bo‘lgan urushda, Allohning kalimasini oliy qilish uchun bo‘layotgan jihodda o‘lganlar. Shuningdek, o‘z yurtida, o‘z oilasida tinchlik-osoyishtalikda hayot kechirayotganida birov zulm qilib yoki oilasini himoya qilish natijasida qasddan tig‘li asbob (pichoq, bolta, o‘q) bilan o‘ldirib ketsa, u “shahidi a’lo” – “oliy darajadagi shahid” bo‘ladi.
2. “Shahidi hukmiy” – “shahid bo‘lgan deb hukm qilingan”. Jangu jadalda tig‘li asbob (pichoq, bolta, o‘q) bilan yaralanib, urush maydonidan chiqarilgandan keyin o‘lganlar. Bu holatda kasalxonaga olib borilsa, dori-darmon yoki taom yeb-ichsa, namoz vaqti bo‘lganini bilsa, vasiyat qilsa, ana undan keyin vafot qilsa, “shahidi hukmiy” bo‘ladi.
Shuningdek, o‘z yurtida, o‘z oilasida tinchlik-osoyishtalikda hayot kechirayotganida birov tomonidan zulm qilib, qasddan tosh va tayoq (tig‘siz narsalar) kabilar bilan qatl etilganlar yoki bo‘g‘ib o‘ldirib ketilganlar ham “shahidi hukmiy” hisoblanadi.
Taniqli hanafiy olimi Ibn Obidin rahimahulloh “Raddul muhtor”da keltirishicha, gunoh sababli o‘lgan kimsa shahid, deb hukm qilinmaydi. Gunoh oqibatida vafot qilgan odam shahid hisoblanmaydi.
Masalan, nohaq odam o‘ldirayotib, uni ham o‘ldirishsa, u shahid bo‘lmaydi. Begunoh odamlarni o‘ldirib yurgan kimsa jangda o‘ldirilsa, u shahid hisoblanmaydi. Bu xuddi o‘g‘rilik qilayotib, yiqilib o‘lgan kimsaga o‘xshaydi. Aroq ichaverib-ichaverib, aroqqa yorilib o‘lsa, u ham shahid bo‘lmaydi. Birov zino sababli homilador bo‘lib, bola tug‘ayotib o‘lsa, shahid bo‘ldi, deb hukm qilinmaydi. Bu Imom Ramliy rahimahullohning ham qarashidir (Ibn Obidin. “Raddul muhtor”).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam marhamat qilganlaridek quyidagi kishilar shahidlik maqomiga ega bo‘ladilar. Ammo bular ichida o‘zini o‘zi portlatgan, o‘zgani o‘ldirganlar yo‘q.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Vaboga yo‘liqib o‘lish, suvga cho‘kib o‘lish, qorin og‘rig‘i bilan o‘lish, olovga kuyib o‘lish, ayollar nifos paytida, ya’ni bola tug‘ayotganida o‘lishi ummatimning shahidligidir!” (Imom Suyutiy “Jome’ as-sag‘ir”).
Yoki beshta shahidlikni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam quyidagicha sanaganlar: “Alloh yo‘lida yurganida o‘ldirilgan kimsa shahiddir, qorin og‘rig‘i bilan o‘lgan kimsa shahiddir, o‘latga yo‘liqib o‘lgan shahiddir, suvga g‘arq bo‘lib o‘lgan shahiddir, ayollar tug‘ayotganida o‘lsa shahiddir” (Imom Tabaroniy rivoyati).
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam shahidlikning yetti turini ham sanaganlar. Ular orasida ham o‘zini o‘zi o‘ldirish yo‘q, musulmonlarni o‘ldirish ham yo‘q: “Shahidlik Alloh yo‘lida yurganda o‘ldirilishdan tashqari yettitadir. O‘latga yo‘liqib o‘lgan shahiddir; qorin og‘rig‘i bilan o‘lgan kishi shahiddir; g‘arq bo‘lib o‘lgan kishi shahiddir; vayronagarlikda qolib ketgan (masalan, zilzilada) kishi shahiddir; zotiljam kasalidan o‘lgan kishi shahiddir; olovda kuyib o‘lgan kishi shahiddir; tug‘ayotib o‘lgan ayol shahiddir” (Imom Nasoiy, Imom Tabaroniy rivoyati).
Xullas, “Durrul muxtor” va “Raddul muhtor” asarlarida quyidagilarni shahidlar qatorida bo‘lishi sanab o‘tilgan:
⏺ Zotiljam kasaliga yo‘liqib vafot etganlar.
⏺ Ilm talabida yurganda o‘lganlar.
⏺ Dushman bilan kurashib o‘lganlar.
⏺ G‘arq bo‘lganlar.
⏺ Olovda kuyib, tasodifan o‘t ichida qolib o‘lganlar (o‘zini yoqqanlar emas).
⏺ Musofirchilikda qiynalib o‘lganlar.
⏺ Devor ostida, zilzilada qolganlar.
⏺ Qorin og‘riq bilan o‘lganlar.
⏺ Bola tug‘ib, nifos qoni ko‘rayotgan ayollar.
⏺ Juma kechasi vafot topganlar.
⏺ Sil kasalidan o‘lganlar.
⏺ Qattiq isitma ta’sirida vafot topganlar.
⏺ Oilasi, mol-dunyosi va qonini himoya qilayotib o‘lganlar.
⏺ Gunoh bo‘lmagan kuchli ishq-muhabbat oqibatida o‘lganlar.
⏺ Yirtqich va vahshiy hayvon yorgani va shoxlagani oqibatida o‘lganlar.
⏺ Podshohning zulmiga uchrab, nohaq qamalgani sababli qamoqda o‘lganlar.
⏺ Zolimlar urib-urib o‘ldirib qo‘yganlar.
⏺ Chayon yoki ilon chaqib o‘lganlar.
⏺ Xolis muazzinlik qilib vafot topganlar.
⏺ To‘g‘riso‘z va halol savdogar bo‘lib vafot topganlar.
⏺ Oilasini ta’minlash maqsadida halol kasb-kor qilib yurganida vafot topganlar.
⏺ Qayt qilish kasaliga mubtalo bo‘lib, kuchli qayt qilaverish oqibatida qiynalib vafot topganlar.
⏺ Eriga rashk qilaverib, bu rashkiga sabr qilib vafot topgan ayollar.
⏺ Har kuni: “Allohumma, barik liy fil-mavti va fiyma ba’d al-mavti!” (“Allohim, menga o‘lganimda ham, o‘lgandan keyin ham baraka ber!”) deb 25 marta aytib yurganlar.
⏺ Har kuni “zuho” – choshgoh namozini o‘qishni odat qilganlar.
⏺ Ramazonda to‘liq va har oy 3 kun ro‘za tutishni odat qilganlar.
⏺ Uyda ham, safrada ham, har kuni vitr namozini kanda qilmaganlar.
⏺ Fisqu-fasod ko‘paygan zamonlarda sunnatlarni mahkam tutganlar.
⏺ Kasal va bemor bo‘lganida 40 marta “Laa ilaha illa anta! Subhanaka, inniy kuntu minaz-zolimiyn” (“Sendan o‘zga iloh yo‘q! Sen juda ham poksan! Men esa o‘zimga zulm qiluvchilardanman!”) deyishni odat qilganlar.
⏺ Vabo, o‘lat kabi kasalliklardan o‘lganlar.
Demak, musulmon banda Alloh taoloning rahmatidan noumid bo‘lishi kerak emas. Inson o‘z uyida, o‘z to‘shagida jon bersa ham, shahidlik maqomiga muyassar bo‘laveradi. Allohning marhamati keng, bandasiga shahidlik maqomini berib ham oxiratdagi martabasini yuksak qilaveradi. Yuqorida ta’kidlanganidek, inson nohaq odam o‘ldirish bilan yoki o‘z-o‘zini qurbon qilish bilan shahid bo‘la olmaydi.
O‘tkirbek Sobirov
O‘zbekiston musulmonlari idorasi mas’ul xodimi
Toshkent islom instituti o‘qituvchisi