#xabar #masjid #xatm
Joriy yil Ramazon oyida yurtimizdagi 2101 ta masjidda taroveh namozi, shundan 1 762 dan ziyodida 27 kun davomida Qur’oni karim xatm qilinadi. Buning uchun mazkur masjidlarga 3,6 mingdan ortiq xushovoz qorilar jalb etiladi.
Taroveh namozining fazilati haqida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: "Kim Ramazon oyida iymon bilan savob umidida (tarovehda) qoim bo‘lsa, avvalgi gunohlari kechiriladi" (Imom Buxoriy).
Demak, ushbu muborak oyni g‘animat bilib, Haq taolo roziligi uchun kunduzlari ro‘zador bo‘lib, oqshomlari taroveh namozlaridagi xatmi Qur’onlarda bardavom bo‘lsak, gunohlarimiz kechirilib, ulkan ajru savoblarga ega bo‘lamiz, insha Alloh.
Eslatib o‘tamiz, yurtimiz masjidlarida taroveh namozi bugun, 18 fevral, chorshanba kuni xufton namozidan keyin boshlanadi.
#taroveh #namoz #masjid #2026
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
#xushxabar #taqdirlov #otinoyi
Ulug‘ ayyom — Ramazon hayiti arafasida yurtimizda ma’naviy-axloqiy muhitni mustahkamlash, xotin-qizlar orasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish va oilalar mustahkamligini ta’minlash yo‘lida xizmat qilayotgan bir guruh soha vakillari davlatimizning yuksak mukofotlari bilan taqdirlandilar.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining "Mahalla tizimi xodimlari kuni munosabati bilan bir guruh yurtdoshlarimizni mukofotlash to‘g‘risida"gi farmoniga ko‘ra ko‘plab fidoyi va mehnatkash hamyurtlarimiz qatori Toshkent shahar bosh imom-xatibining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha yordamchisi, bosh otinoyisi Zulayho Saatova II darajali "Sog‘lom avlod uchun" ordeni bilan, Surxondaryo viloyati bosh imom-xatibining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha yordamchisi, bosh otinoyisi Hosiyat Qasimova "Shuhrat" medali bilan mukofotlandilar.
Ushbu yuksak mukofot bosh otinoyilarimizning ma’rifat tarqatish, ayollar orasidagi ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirish va yosh avlod tarbiyasiga qo‘shayotgan beqiyos hissalarining munosib e’tirofidir.
Darhaqiqat, inson qadri ulug‘langan yurtda mehnat va sadoqat hech qachon e’tibordan chetda qolmaydi.
Yuksak mukofot egalariga ushbu muborak kunlardagi katta yutuq bilan muborakbod etamiz!
Alloh taolo bu mukofotni xayrli va bardavom qilsin, el-yurt xizmatida charchamaydigan g‘ayrat-shijoatlariga baraka bersin. Bayram va mukofot muborak bo‘lsin!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati