Fatvo markazi tomonidan yana bir qulay xizmat ishga tushirildi!
Endi Siz qayerda bo‘lmang — yurtimizning istalgan viloyatidami yoki chet elda musofirmisiz — Muborak Ramazon oyi saharlik va iftorlik vaqtlarini hamda kunlik namoz vaqtlarini aniq va ishonchli manbadan bilishingiz mumkin.
@fatvouz_taqvim_bot — aynan Siz turgan lokatsiya bo‘yicha Ramazon va namoz vaqtlarini aniq hisoblab beradigan maxsus telegram bot.
Telegram bot afzalliklari:
Fatvo markazi taqvim mezonlari asosida ishlaydi;
Lokatsiyani avtomatik aniqlaydi;
O‘z vaqtida foydali eslatmalar yuboradi;
Noaniq manbalardan foydalanishga hojat qolmaydi.
Bu qulaylik bilan Ramazoni karim va undan boshqa oylarda ham ibodatlaringiz yanada tartibli va barokatli bo‘ladi, inshaalloh.
Ushbu qulaylikni yaqinlaringizga ham ulashing: @fatvouz_taqvim_bot
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Kutubxonasi hamda Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi huzuridagi Respublika axborot-kutubxona markazi hamkorligida mutaxassislar uchun “Elektron kutubxona ma’lumotlar bazasini shakllantirish va foydalanish asoslari” mavzusida onlayn o‘quv kurslari tashkil etildi.
O‘quv mashg‘ulotlar davomida elektron kataloglar bilan ishlash, kutubxona fondlarini raqamlashtirish, noyob va qimmatli manabalarni saqlash, foydalanuvchilarga xizmat ko‘rsatish tizimini takomillashtirish hamda milliy va xorijiy ma’lumotlar bazalaridan foydalanish bo‘yicha muhim bilim va ko‘nikmalar berildi.
Shuningdek, sohada qabul qilingan yangi normativ-huquqiy hujjatlar hamda qonunchilikdagi so‘nggi yangiliklar bo‘yicha ishtirokchilar batafsil ma’lumotlarga ega bo‘ldilar.
O‘quv kurslari yakunida Respublika axborot-kutubxona markazi direktori Asqar Gaziyev tomonidan tinglovchilarga sertifikatlar topshirildi.
Mazkur tadbir axborot-resurs markazlari faoliyati samaradorligini oshirish va zamonaviy elektron kutubxona xizmatlarini rivojlantirishga xizmat qiladi.
O‘MI Kutubxona bo‘limi