Bismillahir Rohmanir Rohiym
Daraxt shoxiga qo‘ngan mitti chumchuq mayus holatda, boshini egib o‘tirardi. Oradan necha kunlar o‘tsada chumchuq sayramas, hatto yon-atrofga ham qaramasdi.
Farishtalar hayratda qolishdi va Allohdan so‘rashdi: “Nega bu chumchuq jim bo‘lib qoldi?”.
Alloh: “Uning qalbida nima yashiringanini faqat Men bilaman”, deb javob berdi.
Oshkoru maxfiy ishlarni bilib turuvchi Zot – Alloh taolo: “Qalbingga nima ozor beryapti?” deb so‘radi.
Farishtalar ham chumchuqning javobini intizorlik ila kutishdi.
Chumchuq titroq ovoz va mahzunlik bilan: “Mening bitta kichkina uyam bor edi. Charchasam u yerga dam olish uchun qaytardim. Sovuq bo‘lganda isinib olardim. Hech kimga ozor bermasdim. Bu keng dunyoga kichik bir uyim sig‘madi. To‘satdan bo‘ron kelib, uni vayron qildi. Men uysiz qoldim”, dediyu boshqa gapira olmadi.
Oraga jimlik cho‘kdi. Farishtalar ham jim bo‘lib, Alloh taoloning javobini kutardilar.
Shunda Alloh: “Ey chumchuq, sen mening qulim emasmisan?” dedi.
“Ha, men Sening qulingman”, dedi chumchuq.
“Unda nega rahmatimdan norozisan? Taqdirimga taslim bo‘lmaysan?” deb marhamat qildi Alloh taolo.
Shundan so‘ng Alloh chumchuqning ini nega buzilganining hikmatini bildirdi.
“Sen uyangda dam olayotganingda, ilon yemish qidirib, sening iningga qarab kelayotgan edi. Shunda seni xavfdan qutqarish uchun shamolga bo‘ron qo‘zg‘ashni buyurdim. Uyang vayron bo‘ldi, lekin hayoting saqlanib qolindi”.
Chumchuqning ko‘zlaridan yosh oqdi. Allohning rahmatidan hayratda qolgan chumchuq: “Kechir, Allohim, meni kechir, Robbim”, deya oldi faqat.
Banda ko‘pincha Alloh taoloning hikmatini anglab yetmaydi. Inson yo‘qotgan narsa jazo emas, balki mukofot bo‘lishi ham mumkin. Sinovlar – yashirin rahmatdir. Allohning tanlovi biznikidan yaxshi va Uning rahmati cheksiz hamda har bir narsani qamrab olgan.
Allohim, bizni taqdiringga taslim bo‘luvchi, ne’matlaringga shukr qiluvchi, hikmatlaringni tafakkur etadigan bandalaringdan qilgin.
Davron NURMUHAMMAD
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutining 55 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan respublika ilmiy-amaliy anjumani bo‘lib o‘tdi, xabar bermoqda iccu.uz.
«Dolzarb aqidaviy va zamonaviy fiqhiy masalalar» mavzusida o‘tkazilgan respublika ilmiy-amaliy anjumanida ma’lum qilinishicha, 2017 yildan buyon 5300 dan ortiq «xatmul kutub» (muayyan diniy-ilmiy asarni ustoz rahbarligida boshidan oxirigacha o‘qish, uning mazmunini o‘rganish va sharhlash) amalga oshirilgan, klassik islomiy manbalarni to‘liq o‘qish va ijoza berish an’analari qayta tiklangan, hanafiy fiqhi bo‘yicha magistratura yo‘nalishi tashkil etilgan.
Shuningdek, anjumanda diniy ta’lim tizimidagi ushbu natijalar ma’lum qilinib, zamonaviy aqidaviy va fiqhiy masalalarga ilmiy asoslangan yechimlar ishlab chiqish, tadqiqotlarni kengaytirish hamda yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash istiqbollari muhokama qilindi.
Unda O‘zbekiston musulmonlari idorasi, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, Islom sivilizatsiyasi markazi va xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari vakillari, diniy ta’lim muassasalari rahbarlari, ulamolar, professor-o‘qituvchilar, tadqiqotchilar hamda imom-xatiblar ishtirok etdi.
Anjumanning yalpi majlisida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar, Toshkent islom instituti rektori Uyg‘un G‘afurov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Davronbek Maxsudov, «Muftiy Boboxonovlar» jamg‘armasi direktori Jamoliddin Boboxonov va boshqalar ma’ruza qildi.
Notiqlar institutning tashkil topish tarixi, diniy ta’lim rivojiga qo‘shgan hissasi, ushbu dargohda faoliyat yuritgan ulamolarning ilmiy merosi hamda mutaxassislar tayyorlash tajribasiga to‘xtaldi.
«5300 dan ortiq xatmul kutub amalga oshirildi»
Toshkent islom instituti rektori Uyg‘un G‘afurov muassasaning yarim asrdan ortiq faoliyati davomida shakllangan ta’lim an’analari va so‘nggi yillarda joriy etilgan ilmiy yo‘nalishlar haqida ma’lumot berdi.
«2017 yildan boshlab qadimiy an’analarimiz, madrasalarimizning ta’lim berish usullari orqali mo‘tabar ustozlarimiz va allomalarimizning kitoblarini o‘qitish, “Sahih al-Buxoriy”, “Sunan at-Termiziy”, Imom Moturidiyning kitoblari, Burhoniddin Marg‘inoniyning “Hidoya”si va boshqa asosiy islom ilmlari manbalarini to‘liq o‘qish, xatmul kutub va yakunda ijoza berish tizimi qayta tiklandi. Bugungi kunga qadar 5300 dan ortiq xatmul kutub amalga oshirildi», — dedi Uyg‘un G‘afurov.
Rektor institutda hanafiy fiqhi bo‘yicha magistratura tashkil etilgani, moturidiylik aqidasi, tafsir va hadis ilmlari yo‘nalishlarida mutaxassislar tayyorlanayotganini ham qayd etdi.
Kelgusida ushbu yo‘nalishlarda doktorantura tashkil etish rejalashtirilmoqda. Bu esa klassik islomiy ilmlarni chuqur tadqiq qilish va ilmiy kadrlar tayyorlash imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan.
Murakkab tarixiy sharoitda shakllangan ilmiy dargoh
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi bosh ilmiy xodimi Zohidulla Munavvarov Toshkent islom institutining tashkil topish sharoiti va diniy ta’lim tarixidagi o‘rniga e’tibor qaratdi.
Olimning ta’kidlashicha, institut murakkab tarixiy davrda faoliyat boshlagan bo‘lsa-da, nafaqat O‘zbekiston, balki sobiq Sovet Ittifoqi hududidagi musulmon jamoalari uchun diniy mutaxassislar tayyorlashda muhim vazifani bajargan.
«Shunga qaramasdan, institut yarim asr davomida minglab ham diniy ilmlarni yaxshi biladigan, ham bugungi tushunchadagi akademik tahsil olgan, ya’ni diniy va dunyoviy bilimlarni o‘zaro uyg‘unlashtirgan ko‘p sonli mutaxassislar tayyorladi. Ular siyosiy-ijtimoiy barqarorlik, ma’naviy-ma’rifiy yo‘nalishdagi jarayonlarga o‘zining hayotbaxsh, bunyodkor ta’sirini ko‘rsatib kelmoqda. Mamlakatda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar institutning ilmiy va ta’limiy imkoniyatlarini kengaytirmoqda, ayni paytda mutaxassislar tayyorlash borasidagi mas’uliyatini ham oshirmoqda», — dedi Zohidulla Munavvarov.
Zamonaviy aqidaviy masalalarga ilmiy yondashuv
Anjumanning ilmiy dasturi ikki sho‘ba doirasida davom etdi.
«Dolzarb aqidaviy masalalar va ularning ilmiy yechimlari» mavzusidagi birinchi sho‘bada Saidafzal Saydjalolov, Abdulaziz Yaxshilikov, Davronbek Abduqodirov va Botirjon Abdullayev ma’ruzalar bilan qatnashdi.
Muhokamalarda sunniylik manbalarida raddiyaga oid qarashlar, zamonaviy e’tiqodiy masalalar hamda Abu Rayhon Beruniyning ilmiy merosida aks etgan diniy qarashlarga oid tadqiqotlar taqdim etildi.
Ma’ruzachilar tarixiy diniy manbalarni ilmiy asosda o‘rganish, ulardagi qarashlarni tadqiq etish va bugungi kunda yuzaga kelayotgan e’tiqodiy masalalarni tahlil qilishning ahamiyatiga to‘xtaldi.
Fiqhiy masalalar: an’anaviy manbalar va amaliy yechimlar
«Zamonaviy fiqhiy masalalar: yangi muammolar va amaliy yechimlar» deb nomlangan ikkinchi sho‘bada Abduvohid Ahmadaliyev, Muhammadmuso Nabijonov, Alijon Ravshanov, Abdulahad Sodiqov, Akmaljon G‘aniyev, Soyibjon Jo‘rayev, Xurshida Usmanova, Sanjar Berdiyev va Sirojiddin Shodmonov o‘z tadqiqotlarini taqdim etdi.
Unda hanafiy mazhabi ulamolarining fiqhiy yondashuvlari, Qur’on va sunnatni talqin qilish masalalari hamda zamonaviy hayotda yuzaga kelayotgan fiqhiy muammolar muhokama qilindi.
Ishtirokchilar an’anaviy manbalarni chuqur tahlil qilish, ilmiy asoslangan xulosalar ishlab chiqish va diniy ta’limda tadqiqot natijalaridan samarali foydalanish masalalari yuzasidan fikr almashdi.
Ilmiy tavsiyalar va maxsus to‘plam tayyorlanadi
Anjumanning yakuniy qismida Toshkent islom institutining 55 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan maqolalar tanlovi g‘oliblari hamda Rossiya Federatsiyasining Qozon shahrida tashkil etilgan IV xalqaro olimpiadada sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritgan talabalar taqdirlandi.
Anjuman yakunida dolzarb aqidaviy va zamonaviy fiqhiy masalalar yuzasidan ilmiy asoslangan tavsiyalar ishlab chiqish hamda saralangan maqolalarni maxsus ilmiy to‘plam shaklida nashr etish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutining 55 yilligiga bag‘ishlangan anjuman diniy ta’limning tarixiy tajribasini sarhisob qilish bilan birga, klassik islomiy manbalarni chuqur tadqiq etish, zamonaviy aqidaviy va fiqhiy masalalarni ilmiy o‘rganish hamda yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash istiqbollarini belgilashga xizmat qildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati