Hurmatli Prezidentimizning «Ramazon – mehr-muruvvat, ahillik va shukronalik oyi» degan ezgu g‘oyasi asosida Toshkent viloyatida ehtiyojmand, boquvchisini yo‘qotgan oilalarga iftorlik dasturxonlari yozilyapti.
Bu xayrli ishda diniy soha xodimlari bilan birga davlat va jamoat tashkilotlari vakillari ham faol qatnashyapti.
Chinoz tumani imomlari tashabbusi bilan hududdagi 40 ta mahallada ehtiyojmand xonadon ahllari uchun iftorlik dasturxonlari yozildi.
* * *
Qibray tumani «Hoji Turob o‘g‘li hoji Abdulloh» jome masjidi imom-xatibi Bahodir domla Toshkent davlat Agrar universiteti rahbariyati, professor-o‘qituvchilari, Bobur nomidagi mahalla raisi, faollar bilan birgalikda mazkur mahallada yashovchi boquvchisini yo‘qotgan oilaga iftorlik qilib berishdi.
* * *
Parkent tumani «Beshkappa» masjidi imom-xatibi Mirshavkat domla To‘ychiyev muhtoj bir oilaga iftorlik tashkil qildi.
* * *
Ohangaron tumani «Sanam» mahallasida yashovchi ehtiyojmand oilaga Toshkent viloyati suv ta’minoti AJ mas’ullari Ohangaron tuman imomlari bilan birgalikda ixcham va samimiy iftorlik dasturxoni yozildi.
* * *
Olmaliq shahar «Hilol» masjidi imom noibi Murtazoxon domla Abdullaxonov «Ko‘rpasoy» mahallasida yashovchi boquvchisini yo‘qotgan xonadon uchun iftorlik dasturxoni yozib, ularning ko‘nglini ko‘tardi.
Shahardagi «Ramazoni sharif» masjidi imom noibi Muhriddin domla Ismoilov Abdulla Avloniy nomidagi mahallada yashovchi jismoniy imkoniyati cheklangan fuqaroga homiylar ko‘magida iftorlik uchun zarur mahsulotlarni yetkazib berdi.
* * *
Quyi Chirchiq tumani «Paxtazor» mahallasida tumandagi 34 ta mahallada yashovchi ehtiyojmand xonadonlar uchun iftorlik dasturxonlari yozilib, saxovat va hamjihatlik muhiti yanada mustahkamlandi.
* * *
Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi xodimlari hamda tuman bosh imom-xatibi Farhod domla Qoraboyev Oqqo‘rg‘on tumani «Qo‘rg‘ontepa» mahallasida istiqomat qiluvchi II guruh nogironi, boquvchisiz va ijtimoiy himoyaga muhtoj bir fuqaroga iftorlik tashkil etishdi.
* * *
Bunday misollarni yana ko‘plab keltirish mumkin.
Alloh taolo ehsonlarni qabul aylasin!
Toshkent viloyati vakilligi
Matbuot xizmati
Buyuk Britaniyaning London shahrida muqaddas Ramazon oyi munosabati bilan vatandoshlar ishtirokida ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar ko‘tarinki ruhda tashkil etilmoqda.
Jumladan, London shahrining Beksley hududida Al-Xorazmiy markazi tomonidan tashkil etilgan tadbirda 80 ga yaqin vatandoshimiz ishtirok etdi. Dastlab iftorlik dasturxoni yozilib, so‘ng taroveh namozi ado etildi.
Iftorlik va taroveh namozi orasida “Islom insoniylik dinidir” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy suhbat bo‘lib o‘tdi. Ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga javoblar berildi.
Shuningdek, London shahrining Janubiy Vudford hududida joylashgan Central Asia Community (Markaziy Osiyo jamoasi)da ham iftorlik tadbiri o‘tkazildi. Unda 250 nafarga yaqin vatandosh qatnashdi. Yig‘inda “Islom – tinchlik va go‘zal axloq dini” mavzusida ma’ruza qilib berildi.
Suhbat va ma’ruzalar Toshkent shahridagi “Imom Termiziy” masjidi imom-xatibi Yahyo domla Abdurahmonov tomonidan olib borilmoqda. Taroveh namozlarida Qur’oni karim xatmi ham ado etilmoqda.
Bunday ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarni birlashtirib, ulardagi vatanparvarlik hissini oshirishga, o‘zaro mehr-oqibat, hamjihatlik muhitini yanada oshirishga xizmat qilmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati