Muborak Ramazon oyida insonparvarlik, o‘zaro hurmat va mehr-oqibat, kam ta’minlangan va ehtiyojmand shaxslar, yordamga muhtoj oilalarga e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatish maqsadida bir qator amaliy chora-tadbirlar belgilab olingani e’tiborga molik.
Jumladan, respublikadagi 8 ming 992 ta mahallada “yettilik” tavsiyasi asosida hamda Ijtimoiy himoya milliy agentligi bilan birgalikda 100 ming nafar nogironligi bo‘lgan, yakka-yolg‘iz, boquvchisini yo‘qotgan va ijtimoiy reyestrga kiritilgan fuqarolarning manzilli ro‘yxati shakllantirildi.
Ro‘yxatga kiritilgan fuqarolar tarkibi asosan ehtiyojmand ayollar, boquvchisini yo‘qotganlar, yakka-yolg‘izlar, nogironligi bo‘lgan shaxslar, ijtimoiy reyestrdagi fuqarolar, “Yoshlar daftari”da ro‘yxatda turganlardan iborat ekani e’tiborli.

Mazkur fuqarolarga davlat ko‘magi sifatida 100 ming dona Ramazon sovg‘alari tayyorlandi. Har bir sovg‘ada 10 turdagi oziq-ovqat mahsulotlari jamlangan (un, o‘simlik yog‘i, guruch, shakar, makaron, grechka, xurmo, pechene, qora choy, ichimlik suvi).
Transport vazirligi bilan birgalikda oziq-ovqat mahsulotlari markazlashgan holda hududlarga yetkazilib, hududiy omborlarga joylashtirilmoqda.
Tuman (shahar) hokimlari boshchiligida, tegishli mutasaddilar ishtirokida ishchi guruhlar shakllantirilib, mahsulotlar mahallalarda “yettilik” a’zolari va faollar tomonidan ehtiyojmand oilalarga manzilli yetkazilishiga e’tibor qaratiladi.
Aytish kerakki, respublika bo‘yicha (oila soni, mahsulot turi va miqdori kesimida) yagona hisobot yuritiladi.
Ramazon oyida barcha mahallalarda ehtiyojmand oilalar xonadonlarida mahalla raislari tomonidan iftorlik dasturxonlari tashkil etiladi. Unga jami 629 ming nafardan ortiq obro‘-e’tiborga ega nuroniylar, ko‘cha (uy) boshilar, ijtimoiy daftar va “Ijtimoiy reyestr”dagi fuqarolar jalb etiladi.

Iftorliklarda diniy ulamolar tomonidan mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, shukronalik hissini oshirish va ma’naviy qadriyatlar haqida ma’ruzalar qilinadi.
Har bir mahalladan 5 nafardan, jami 45 ming nafardan ortiq kambag‘al oilalarning uy-joylari hashar yo‘li bilan ta’mirlanadi. Har bir mahalladan 10 nafardan, jami 100 mingga yaqin kambag‘al oilalarning tomorqalariga sabzavot, poliz, kartoshka va boshqa turdagi ekinlar ekiladi.
20 ming nafar ehtiyojmand oila a’zolarining muqaddas qadamjolar va ziyoratgohlarga sayohatlari tashkil etiladi. Barcha mahallalarda kayvoni va hoji onaxonlar ishtirokida sumalak sayllari o‘tkaziladi.
Mazkur xayriya va ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarni O‘zbekiston mahallalari uyushmasi mas’ulligida barcha mahallalarda yuqori saviyada tashkil etish va o‘tkazish choralari ko‘riladi.
N.Usmonova, O‘zA
Bismillahir Rohmanir Rohiym
﴿رَبِّ أَوْزِعْنِي أَنْ أَشْكُرَ نِعْمَتَكَ الَّتِي أَنْعَمْتَ عَلَيَّ وَعَلَى وَالِدَيَّ وَأَنْ أَعْمَلَ صَالِحًا تَرْضَاهُ وَأَدْخِلْنِي بِرَحْمَتِكَ فِي عِبَادِكَ الصَّالِحِينَ﴾
O‘qilishi: Robbi avzi’niy an ashkura ni’matakal-latiy an’amta ’alayya va ’alaa vaalidayya va an a’mala solihan tarzohu va adxilniy bi rohmatika fiy ’ibaadikas-soolihiyn.
Ma’nosi: Robbim! Menga va ota-onamga in’om etgan ne’matingga shukr qilishga va O‘zing rozi bo‘ladigan yaxshi amallarnigina qilishga meni muvaffaq etgin va meni O‘z fazling bilan solih bandalaring qatoriga kiritgin! (Naml surasi, 19-oyat).
﴿وَالَّذِينَ يَقُولُونَ رَبَّنَا هَبْ لَنَا مِنْ أَزْوَاجِنَا وَذُرِّيَّاتِنَا قُرَّةَ أَعْيُنٍ وَاجْعَلْنَا لِلْمُتَّقِينَ إِمَامًا﴾
O‘qilishi: Robbana hablana min azvajina va zurriyyaatina qurrota a’yunin vaj’alna lil-muttaqiyna imama.
Ma’nosi: Robbimiz ayollarimizdan va zurriyotlarimizdan bizga ko‘z quvonchini baxsh et va bizni taqvodorlarga peshvo qilgin! (Furqon surasi, 74-oyat).
﴿رَبِّ هَب لي حُكمًا وَأَلحِقني بِالصّالِحينَ واجعَل لي لِسانَ صِدقٍ فِي الآخِرينَ واجعَلني مِن وَرَثَةِ جَنَّةِ النَّعيم﴾
O‘qilishi: Robbi habliy hukman va alhiqniy bis-solihiyn vaj’al liy lisaana sidqin fil-aaxiriyn vaj’alniy min varasati jannatin-na’iym.
Ma’nosi: Robbim, menga hikmat hadya et va meni solihlarga qo‘shgin. Va menga keyin kelguvchilar ichida sodiq maqtovlar bo‘ladigan qilgin. Va meni na’iym jannati vorislaridan qilgin.
Davron NURMUHAMMAD