Muhtaram Prezident!
Siz Janobi Oliylarini va Siz orqali butun xalqimizni muqaddas Ramazon oyi kirib kelgani munosabati bilan O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar Kengashi a’zolari nomidan samimiy muborakbod etamiz.
Vatan ravnaqi, xalqimiz farovonligi va yurt obodligi yo‘lida tunu kun qilayotgan fidokorona mehnatlaringizga Yaratganning o‘zi madadkor bo‘lsin, ulkan zafarlar ato etsin!
Bugun mamlakatimizda kechayotgan islohotlar jarayonida diniy-ma’rifiy sohaga, milliy qadriyatlarimizni tiklashga qaratilayotgan alohida e’tiboringiz yurtdoshlarimiz qalbida shukronalik tuyg‘usini mustahkamlamoqda.
Tajriba va kuzatishlarimizdan ma’lumki, dunyoning kamdan-kam mamlakatlarida Ramazon oyini munosib o‘tkazish bo‘yicha Davlat Rahbari darajasida alohida qaror qabul qilinadi.
Sizning tashabbusingiz bilan qabul qilinayotgan bunday hujjatlar mazkur oyni yuksak insoniy fazilatlar, saxovat va mehr-muruvvat ayyomiga aylantirmoqda.
«Inson qadri uchun!» tamoyili asosida olib borilayotgan ishlaringizning yaqqol tasdig‘i sifatida, joriy yilning 16 fevral kuni Ramazon oyida ehtiyojmand aholini ijtimoiy himoya qilish masalalariga bag‘ishlab o‘tkazilgan yig‘ilishdagi tarixiy qarorlaringizni alohida e’tirof etamiz.
Ramazon oyi arafasida «Vaqf» xayriya jamoat fondiga 750 milliard so‘m hamda Ijtimoiy himoya milliy agentligi orqali 300 milliard so‘m mablag‘ ajratilishi – davlatchiligimiz tarixida misli ko‘rilmagan muruvvat namunasi bo‘ldi.
Sizning ushbu tarixiy qaroringiz zamirida buyuk muhaddis bobomiz Imom Buxoriy rivoyat qilgan: «Amallar niyatlarga qarab e’tiborlidir», degan muborak hadisi sharifdagi xolis va sof niyatlarning ulug‘ hikmati mujassamdir.
Xalq manfaati yo‘lidagi bu g‘amxo‘rlik tufayli minglab oilalarning mushkuli oson bo‘lib, millionlab dillar quvonchga to‘lishi, qancha nogironligi, kasalligi bor kishilarning davolanish va jarrohlik amaliyoti xarajati qoplab berilishi, shubhasiz, yurtimizga fayzu baraka olib keladi.
Siz Janobi Oliylari tashabbuskori bo‘layotgan bunday xayrli amallar xalqaro hamjamiyat va dunyo ulamolari tomonidan ham yuqori baholanmoqda.
Muborak hadisi shariflarda keltirilishicha, “Alloh taolo uchun eng maqbul amal – mo‘minning qalbiga quvonch kiritishdir”.
Ulamolar Allohning nazarida bo‘lgan insonlar qalbiga farah bag‘ishlashni Yaratganni rozi qilish bilan qiyoslaganlar hamda siniq ko‘ngillarni ko‘tarish, mahzun dillarga umid berish va insonlarning og‘irini yengil qilish ilohiy muhabbatga sabab bo‘lishini alohida ta’kidlaganlar.
Yurtimizdagi 2000 dan ziyod masjidlarda Xatmi Qur’onlarning tizimli tashkil etilishi, diniy-ma’rifiy sohadagi keng ko‘lamli islohotlar, jumladan, Imom Buxoriy yodgorlik majmuasi va Islom sivilizatsiyasi markazining barpo etilishi Sizning islom ma’rifatiga qo‘shayotgan bebaho hissangiz ifodasidir.
Muhtaram Prezident!
Sizdek adolatli, xalqparvar va yuksak e’tiqodli Yurtboshini Allohning O‘zi yetkazgan.
Sizni muborak oy bilan yana bir bor qutlab, Sizga mustahkam sog‘lik, oilaviy baxt va mas’uliyatli faoliyatingizda muvaffaqiyatlar tilaymiz. Xonadoningizdan tinchlik-osoyishtalik, fayzu baraka arimasin.
Alloh taolo Sizdek vatanparvar, el-yurt dardi bilan yashaydigan farzandni tarbiya qilgan marhum Miromon Ota va Ma’rifatxon Onalarimizning oxiratlarini obod, qabrlarini nurga to‘ldirsin.
Sizning rahnamoligingizda amalga oshirilayotgan har bir xayrli va savobli amallarning ajru mukofotini ularning pok ruhlariga yetkazsin. Alloh taolo ularni O‘z rahmatiga olsin, jannatlarini maskan qilsin, Sizga esa ularning duolari soyasida yanada ulkan xizmatlar qilishni nasib etsin.
Yaratgan ushbu muborak kunlarda jonajon O‘zbekistonimizni o‘z panohida asrasin, ezgu niyatlarimiz ijobatini bersin.
Yuksak hurmat va ehtirom ila,
Shayx Nuriddin Xoliqnazar
Shayx Abdulaziz Mansur
Rahmatullo qori Obidov
Homidjon domla Ishmatbekov
Zayniddin domla Eshonqulov
Shayx Rahmatulla Termiziy
Rahimberdi domla Rahmonov
Shayx Alijon qori Haydarov
Ismoil Muhammad Sodiq
Maxammadbobur domla Yuldashev
Muhammadamin domla Alixonov
Foziljon qori Ubaydullayev
Muhammadayubxon domla Homidov
Habibulloh qori Abdurazzoqov
Abulqosim qori Karimov
Isroiljon qori Ismoiljonov
G‘ulomjon domla Xolboyev
Abduqahhor Yunusov
Doniyor Ikramov
Abdulloh Samatov
Xayrullo Abdullayev
Jobir Elov
Mehmon Jabborov
Habibullo Zokirov
Ahmadxon Alimov
Mirzamaqsud Alimov
Temur Atoyev
Ubaydulloh Abdullayev
Rasuljon Abdullayev
Rahmatulloh Usmonov
Baxramaddin Razov
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
O‘zbekiston musulmonlari idorasi hamda Birlashgan Arab Amirliklari Islom ishlari va vaqflar bosh boshqarmasi hamkorligida o‘zbekistonlik imom-xatiblar uchun BAAda malaka oshirish o‘quvlari boshlandi. Bu haqda mazkur jarayonda ishtirok etayotgan Masjidlar bilan ishlash bo‘limi xabar berdi.
Mazkur o‘quv kurslarining asosiy maqsadi ikki qardosh mamlakat diniy soha vakillari o‘rtasida o‘zaro tajriba almashish, ilg‘or ma’rifiy yondashuvlar, zamonaviy ish usullari hamda dolzarb diniy-ijtimoiy masalalar yuzasidan fikr almashishdan iboratdir.
Safar doirasida bo‘lib o‘tgan navbatdagi ilmiy-amaliy mashg‘ulot davlatchilik asoslari, bag‘rikenglik madaniyati va zamonaviy diniy-ijtimoiy yondashuvlar mavzusiga bag‘ishlandi. Unda BAAning taraqqiyot yo‘li, qonun ustuvorligi va jamiyat barqarorligida «vasatiyya» (mo‘tadillik) tamoyilining o‘rni muhimligi ta’kidlandi. 200 dan ortiq millat va elat vakillari tinch-totuv istiqomat qilayotgan ushbu mamlakatda inson qadri va o‘zaro hurmat asosiy mezon ekaniga urg‘u berildi.
O‘z navbatida, BAA tomoni O‘zbekistonning boy sivilizatsiyasi va dunyo tamadduniga ulkan hissa qo‘shgan buyuk allomalarimiz merosini yuksak ehtirom bilan tilga oldi.
Malaka oshirish jarayonida ishtirokchilar masjidlar faoliyatini tashkil etish, jamiyatda ma’naviy muhitni mustahkamlash, xususan, ma’ruza va suhbatlarni zamonaviy axborot texnologiyalari — interaktiv taqdimotlar va proyektorlar orqali ko‘rgazmali yetkazish bo‘yicha ilg‘or amaliyotlar bilan yaqindan tanishmoqdalar.
Tadbir davomida BAA rahbariyatining global miqyosdagi insonparvarlik va xayriya tashabbuslari ham alohida e’tirof etilib, ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish va diniy soha xodimlarining kasbiy salohiyatini oshirishga qaratilgan mazkur manfaatli safarni tashkil etgan mutasaddilarga samimiy minnatdorlik bildirildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati