Sayt test holatida ishlamoqda!
28 Iyun, 2026   |   13 Muharram, 1448

Toshkent shahri
Tong
03:06
Quyosh
04:52
Peshin
12:29
Asr
17:41
Shom
20:04
Xufton
21:46
Bismillah
28 Iyun, 2026, 13 Muharram, 1448

Salavot aytishning 40 ta foydasi

25.02.2026   13166   3 min.
Salavot aytishning 40 ta foydasi

ULUG‘ USTOZ ULAMOLARIMIZ bayon qilib berganlar: 

KALOMULLOHNING OYATI KARIMALARIDA XUDOIM TAOLO MARHAMAT QILADI: «Albatta, Alloh va Uning farishtalari Payg‘ambarga salavot ayturlar. Ey, mo‘minlar! Sizlar ham unga salavot va salom aytingiz!» (Ahzob surasi 33/56 oyat). 

JANOBI  PAYG‘AMBARIMIZ

ASULULLOH  SALLALLOHU  ALAYHI  VASALLAM

MЕHR-MURUVVAT  TARIQASIDA  MARHAMAT  QILADILAR:

 

*«Uch toifa kishining qo‘lga kiritgan narsasida baraka bo‘lmaydi va qayerda bo‘lsa ham xorlanadi:

– mening nomimni eshitganda salavoti sharif aytmagan;

– Ramazon oyiga hurmat ko‘rsatmagan;

– ota-onasi tirik bo‘la turib, ularni xursand qilmagan.

 

 

SALAVOT aytishning 40 ta  FOYDASI:

  1. Salavot aytishda Alloh taoloning amriga itoat, bo‘ysunish bor.
  2. Payg‘ambarimiz alayhissalomga Alloh taoloning salavot aytishi bilan o‘zaro muvofiqlik bor. Ikki salavotning farqi bo‘lsa ham.
  3. Maloikalar bilan muvofiqlikda salavot aytish bor.
  4. Bir marta salavoti evaziga salavot aytuvchiga Alloh taolodan o‘nta salavot hosil bo‘ladi.
  5. Banda salavot sabab o‘n darajaga ko‘tariladi.
  6. Salavot aytuvchiga o‘nta savob-hasanot yoziladi.
  7. Salavot aytuvchidan o‘nta gunohi o‘chiriladi.
  8. Salavot – duoning ijobat bo‘lishi sabablaridan biridir.
  9. Salavot aytuvchi Payg‘ambarimiz Muhammad mustafo sallallohu alayhi vasallamning shafoatlariga musharraf bo‘ladi.
  10. Salavot aytish – gunohlar mag‘firat qilinishi sabablaridan biridir.
  11. Ahamiyatli ishlarida salavot aytuvchi bandaga Alloh taolo kifoya qiladi.
  12. Salavot aytuvchi Qiyomat kuni Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallamga yaqin bo‘ladi.
  13. Mashaqqat vaqtida aytilgan salavot sadaqaning o‘rniga o‘tadi.
  14. Hojatlari salavot sababidan ravo bo‘ladi.
  15. Alloh va farishtalari salavot aytuvchi bandaga salavot yo‘llaydilar.
  16. Salavot aytuvchi salavot sababli poklanadi.
  17. O‘limidan avval u bandaga jannat xushxabari yetadi.
  18. Qiyomat kunidagi qo‘rqinch, xavotirlardan najot topadi, qutuladi.
  19. Bandaga unutib qo‘ygan narsasini yodiga tushiradi.
  20. Aytgan salavotiga Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam alik olib, javob qaytaradilar.
  21. Salavot aytishda banda hojatlarini so‘rashi bor.
  22. Salavot aytuvchi faqirlik-qashshoqlikdan saqlanadi.
  23. Salavot aytuvchi banda baxillikdan qutuladi.
  24. Salavot aytuvchi xor-zor bo‘lib, xo‘r bo‘lib qolishdan, duoibad kasofatidan omonda bo‘ladi.
  25. Salavot – aytuvchini jannat yo‘liga yo‘llanishi sababidir.
  26. Salavot aytishda Alloh taolodan Uning Habibiga maqtov so‘rash bor.
  27. Gapiradigan gaplari va boshqa so‘zlari komil bo‘ladi.
  28. Sirot ko‘prigida yorqin, ko‘pgina nurga musharraf bo‘ladi.
  29. Salavot aytuvchi jafodan, begonalikdan uzoq bo‘ladi .
  30. Salavot aytuvchi osmonlar-u yer ahli o‘rtasida Alloh taoloning maqtoviga sazovor bo‘ladi.
  31. Salavot aytish bilan banda barakot sohibi bo‘ladi.
  32. Salavot aytishda Alloh taoloning rahmatiga noil bo‘ladi.
  33. Salavot aytuvchida Rasululloh sallallohu alayhi vasallamga davomiy muhabbat bo‘ladi.
  34. Salavot aytuvchi Payg‘ambarimiz alayhissalomga suyukli bo‘ladi.
  35. Salavot – hidoyatga yo‘llab, qalbning hayoti sababidir.
  36. Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallamga salavot aytuvchining ismi ko‘rsatiladi.
  37. Sirot ko‘prigida sobitqadam bo‘ladi.
  38. Salavot aytuvchi Payg‘ambarimiz alayhissalomning ba’zi haqlarini ado qilgan bo‘ladi.
  39. Salavotda Alloh taoloni zikr qilish va Unga shukr qilish jamlangandir.
  40. Salavot – duodir!

    Ibrohimjon domla Inomov

Boshqa maqolalar

Otamdan qolgan saboqlar: Odamlarga ruhiyating kalitini berma

26.06.2026   10575   4 min.
Otamdan qolgan saboqlar: Odamlarga ruhiyating kalitini berma

May oyida saraton hayotimizga ruxsatsiz kirib keldi...

U otamning ko‘kragida boshlandi. Alloh u kishini rahmatiga olsin. Keyin kasallik suyaklariga ham tarqaldi.

Maydan dekabrgacha bo‘lgan olti oy davomida hayotim butunlay o‘zgardi. Doimiy tekshiruvlar, shifokor qabuli, kasalxonalar, eng yaxshi mutaxassislarni izlash va turli dori-darmonlar...

Bu olti oy davomida butun hayotim otamga g‘amxo‘rlik qilish atrofida aylandi.

Men otamning asta-sekin kuchsizlanib borayotganini ko‘rdim. Avvaliga hassa bilan yurardi. Keyin yurish moslamasi bilan. So‘ngra nogironlar aravachasiga o‘tirdi. Oxiri esa to‘shakka mixlanib qoldi.

Kuch-quvvat timsoli bo‘lgan otangizni shu ahvolda ko‘rish inson uchun eng og‘ir sinovlardan biri ekan.

Shu qiyin kunlarning birida kasalxonada meni hayratga solgan voqea yuz berdi.

Men otamning oldiga har kuni borardim. Ba’zan ishdan keyin, gohida esa uydan to‘g‘ri kasalxonaga kelardim. Shuning uchun kiyimlarim ham har xil bo‘lardi: rasmiy ham, oddiy ham.

Bir kuni shippakda bordim. Otam bilan biroz o‘tirdik. Keyin u kishi qahva so‘radi. Men oshxonaga tushdim.

Navbatda turganimda orqamdagi bir yigit meni boshdan-oyoq kuzatib turdi. Keyin:

— Siz televizorda chiqadigan odammisiz? deb so‘radi.

— Ba’zan, dedim.

U esa:

— Rostini aytsam, siz haqingizdagi fikrim o‘zgarib ketdi. Men sizni boshqacharoq tasavvur qilardim, — dedi.

— Nega? — dedim.

— Kasalxonaga shippak kiyib kelibsiz-ku, — dedi.

O‘sha paytda ruhiy holatim juda og‘ir edi. Bir necha oylik tashvishlardan charchagan edim.

Men unga:

— Otam saraton bilan kurashyapti. Siz esa menga poyabzal haqida gapiryapsizmi? — dedim.

Ichimda g‘azab qaynardi. Keyin o‘zimni bosib:

— Birodar, har bir gapning o‘z vaqti va joyi bo‘ladi. Ayniqsa kasalxonada. Bu yerdagi har bir insonning o‘z dardi bor, — dedim.

Voqea tugadi. Ammo mening ichimda tugamadi.

Qahvani olib, otamning oldiga qaytdim. Otam mening asabiyligimni darrov sezdi.

Hammasini aytib berdim.

Otam so‘zlarimni xotirjam tingladi va bunday dedi:

— Agar sen noto‘g‘ri ish qilmaganingga ishonching komil bo‘lsa, nega bir begona odamning gapi sening ruhiyatingga ta’sir qilishi kerak?

Men:

— Lekin uning gaplari meni qattiq ranjitdi, — dedim.

Otam biroz sukut saqlab:

— Nega uning sen haqingdagi fikri sen uchun shunchalik muhim? Sen ruhiyatingning kalitini uning qo‘liga topshirib qo‘yding. Odamlarga ruhiyatingning kalitini berma. Agar bersang, ular seni xohlaganicha boshqaradi, dedilar.

So‘ng qo‘shimcha qildi:

— Eng muhimi, sen o‘zingdan mamnun bo‘l.

Ruhiyatingning kalitini o‘zingda saqla. Uni hech kimga berma.

Biz qahvamizni ichishda davom etdik.

Men unga:

— Qani endi men ham sizdek xotirjam bo‘lishni o‘rgansam, — dedim.

U kishi jilmayib:

— Inshaalloh, o‘g‘lim. Agar xohlasang, albatta o‘rganasan, — dedilar.

Butun bu hikoyaning xulosasi bitta:

Ruhiyatingiz — uyingizdir. Uning kalitini hech qachon boshqalarga bermang.

Otam vafot etganlaridan keyin yana bir haqiqatni angladim:

Bu dunyoda ota o‘rnini bosadigan hech narsa yo‘q.

U haqda qancha she’r yozmang, qancha so‘z aytmang, baribir kam.

Otangiz tirik ekan, uni qadrlang. Duosini oling. Chunki qabr ustida to‘kilgan ko‘z yoshlar endi hech narsani o‘zgartirmaydi.


Davron NURMUHAMMAD