Mulohaza
Yaqinda bir maqolani tahrir qilayotib, unda ulug‘ tobein Vahb ibn Munabbihning ismi “Vahb ibn Munabbah” deb yozilganiga guvoh bo‘ldim. Shunda ikkilanib, haqiqatan shundaymikin, deya an’anaviy va elektron manbalarni ko‘zdan kechirdim.
Imom Shamsiddin Zahabiyning “Siyarul a’lom an-nubalo” kitobida Abu Abdulloh Vahb ibn Munabbih ibn Komil ibn Sij ibn Ziy Kibor Abnoviy Yamaniy Zimoriy San’oniy deb yozilgan ekan. Shuningdek, vikipediyaning arab, turk, ingliz va rus tillaridagi havolalarida ham allomaning ismi shunday berilgan. Lekin o‘zbek tilidagi ayrim internet saytlarida “Vahb ibn Munabbah” deb yozilgan. Hatto ona tilimizda chop etilayotgan ba’zi kitoblarda ham shunday.
Aslida buyuk tobeinning asl ism-sharifi Vahb ibn Munabbihdir.
Alloma hijriy 34 yili Yamanda tavallud topgan. U oldingi payg‘ambarlar, olimlar haqida kitoblar yozgan, “Anbiyolar qissasi”, “Axyor (yaxshi inson)lar qissasi” kabi kitoblar muallifi.
Buyuk tobein hijriy 110 yili Yamanning San’o shahrida vafot etgan. Alloma haqida Imom Ibn Kasir “al-Bidoya van-nihoya” kitobida ma’lumotlar keltirgan.
* * *
Ayrim zamondosh ulamolarning ismlari ham har xil yozilgan. Masalan, 96 yoshli misrlik ulamo, Dunyo musulmon olimlari uyushmasi sobiq rahbari ismi ba’zi kitoblarda, internet saytlarida “Yusuf Qarzoviy” deb berilgan bo‘lsa, ayrimlarida “Yusuf Qarazoviy” shaklida yozilgan. Arab, turk va ingliz tillaridagi vikipediyalar (https://ar.wikipedia.org/wiki, https://en.wikipedia.org/wiki, https://tr.wikipedia.org/wiki)da Yusuf Abdulloh Qarazoviy deb berilgan. Aslida ham shunday bo‘lishi kerak.
* * *
O‘zbek kitobxonlariga go‘zal asarlari bilan yaxshi tanish bo‘lgan zamondosh ulamolardan biri Muhammad Rotib Nobulsiyning ism-sharifi ba’zan “Noblusiy”, “Noblisiy” kabi har xil yoziladi. Suriyalik 88 yoshli olimning asl ism-sharifi Muhammad Rotib Nobulsiydir.
Ko‘pchilik Imom Doroniy bilan Imom Dorimiyni almashtirib qo‘yadi. Aslida ikkalasi boshqa-boshqa olimlar bo‘lib, biri Damashq yaqinidagi Doron qishlog‘ida tug‘ilgan tasavvuf olimi, biri esa Samarqandda tug‘ilgan muhaddis allomadir.
Imom Doroniyning to‘liq ismi Abu Sulaymon Abdurahmon ibn Ahmad ibn Atiyya Insiy Doroniy bo‘lib, u hijriy 140 yilda Damashq yaqinidagi Doron qishlog‘ida tug‘ilgan va hijriy 215 yilda vafot etgan tasavvuf ulamolaridan bo‘lgan. Hazrat Alisher Navoiy alloma haqida “Nasoyimul muhabbat” asarida ma’lumot keltirgan.
Imom Dorimiyning to‘liq ismi Hofizul kabir Abu Muhammad Abdulloh ibn Abdurrahmon ibn Fazl ibn Bahrom ibn Abdusamad Tamimiy Samarqandiy Dorimiy bo‘lib, u hijriy 182 yilda Samarqand shahrida dunyoga kelgan.
Imom Dorimiyning eng mashhur kitobi “Sunani Dorimiy”dir. Alloma hadis ilmi bilan chegaralanib qolgani yo‘q, balki tafsir, fiqh kabi ilmlarda ham yetuk olimlardan edi. U zot “Bisavmi mustahoza val mutahayyira” deb nomlangan fiqh kitobi muallifidir. Qur’oni karimning ba’zi juzlariga tafsir ham yozgan. Lekin tafsir bizgacha yetib kelmagan.
* * *
“Ismlar ham atamalar kabi grammatik qurilishda til qonunlariga bo‘ysunadi” degan qoidaga ko‘ra, arabcha bo‘lgan “Oisha” va “Xadiyja” kabi ismlar o‘zbek tilida “Oysha”, “Xadicha” deb til me’yorlariga rioya qilingan holda yozilishi tavsiya etiladi.
Xulosa shuki, o‘zbek o‘quvchilarga qulaylik yaratish hamda bosma va elektron nashrlarda, ommaviy axborot vositalarida diniy atamalarning har xil yozilishi oldini olish maqsadida tarixiy manbalarda kelgan ismlar, joylar, asarlar nomlarining alohida imlo lug‘ati tuzilsa, ayni muddao bo‘lardi.
Tolibjon NIZOM
Hayotda ko‘pincha to‘g‘ri yo‘nalish emas, balki tezlashish o‘rgatiladi. Tezroq yurish, tezroq yetib borish, hamma narsani tezroq bajarish... Lekin hech kim to‘xtab: “Bunchalik shoshilishdan maqsad nima?” deb so‘ramaydi. Inson tinimsiz harakatda bo‘lishni erishish, tabiiy hayot tarzi deb o‘ylab, sarflanayotgan umri evaziga aslida nimaga erishayotgani haqida o‘ylamay qo‘yadi.
Ba’zan yo‘lni yo‘qotdik, deb o‘ylaymiz. Holbuki, yo‘qoladigan narsa yo‘l emas, balki to‘g‘ri yo‘nalishdir. Bu yo‘nalish xaritadagi chiziqlar yoki telefondagi yo‘l ko‘rsatkich emas, balki Alloh taolo borlig‘imizga jo qilgan ichki yo‘naltirgich, ya’ni fitratimizdir.
Bu ichki yo‘naltirgich ba’zan to‘g‘ri tomonni ko‘rsatmayotgandek tuyuladi. Dunyo tashvishlari, nafs istaklari ko‘payib ketganida, u sarson bo‘ladi yo qotib qoladi. Shunda biz uni buzildi deb o‘ylaymiz. Lekin fitrat buzilmaydi, shunchaki biz unga ahamiyat bermay qo‘ygan bo‘lamiz. Ba’zilar bu yo‘naltirgichni boshqalarning qo‘liga berib qo‘yadi...
Yo‘nalishini yo‘qotgan odam to‘g‘ri yo‘lga qaytishi kerak. Bu qaytish shunchaki bir manzilga qaytib borishmas, balki ichki dunyomizdagi tarqoqlikni jamlash, fitratimizga qaytishdir. Shunda inson dunyoning “hammasiga erishish” vasvasasidan xalos bo‘ladi. O‘tmishdagi xato va sinovlardan ibrat oladi, ammo ularni o‘ziga og‘ir yuk qilib olmaydi. Boshqalardan va hayotdan juda ko‘p narsa kutishni to‘xtatadi...
Haqiqiy xotirjamlik – hamma narsa mukammal bo‘lishi deganimas. Inson o‘z harakat doirasi chegarasiga yetganida Allohning qazo va qadariga rozi bo‘lsa xotirjamlik topadi. Bu loqaydlik emas.
Musulmon kishi ham xursand bo‘ladi, qayg‘uradi, boshqalar kabi yashaydi. Lekin u o‘tkinchi tuyg‘ular, orzu-havaslar aro sarson bo‘lib qolmaydi. Chunki dunyodagi har bir holat vaqtinchalik sinov ekanini yaxshi anglaydi.
Inson o‘zligiga qaytganida boshqalarning yukini yelkasiga olishga urinmaydi. Yordam beradi, lekin har kim o‘z qismati va qilmishi uchun o‘zi mas’ul ekanini tushunadi. Boshqalarning aybiga qaramay, o‘z xatolarini tuzatish bilan band bo‘ladi. Muhimi, har ishida shoshqaloqlik qilmaydi. Chunki oxiratga va ma’naviy kamolotga eltuvchi yo‘lni shoshib bosib o‘tib bo‘lmasligini biladi.
Aytilganidek: “Kim o‘zini tanisa, Rabbini taniydi”. Bu martabaga erishgan qalb esa hech qachon adashmaydi.
Abdulatif ABDULLOH