Muborak Ramazon oyida Dubaydagi “Union Coop” gipermarketlari tarmog'i 10 000 dona mahsulot narxini 75 foizga pasaytiradi. Chegirmalar, “Russkiye Emiratie” matbuoti xabariga ko'ra, eng iste'mol talab oziq-ovqat va nooziq-ovqat mahsulotlariga nisbatan qo'llaniladi. Chakana sotuvchilarning ta'kidlashicha, chegirmalar mahsulot sifatiga ta'sir qilmaydi.
Shuningdek, Birlashgan Arab Amirliklari aholisi Ramazon oyida bir qator o'zgarishlarni kutishmoqda. Avvalo, davlat va xususiy sektor xodimlarining ish kuni ikki soatga qisqartiriladi. Ushbu qoida barcha din vakillariga taalluqlidir va bu ish haqining kamayishiga olib kelmaydi. Maktab o'quvchilari ham qisqartirilgan jadvalda o'qishadi: dushanbadan payshanbagacha soat 08:00 dan 13:00 gacha, juma kunlari esa soat 8:00 dan 11:30 gacha. Ro'zadorlar uchun jismoniy tarbiya va suzish darslari bekor qilinadi, musiqa darslari cholg'u asboblaridan foydalanmasdan o'tkaziladi. O'qituvchilar ham uy vazifasini kamaytiradi. Supermarket va oziq-ovqat do'konlari odatdagidan biroz uzaytirilgan vaqt tartibida ishlaydi. Ko'pgina tamaddixonalar ro'za kunlari ish vaqtini saharlikgacha uzaytiradi.
Birlashgan Arab Amirliklari Astronomiya jamiyati raisi Ibrohim al-Jarvonning ma'lumotlariga ko'ra, mamlakatda Ramazon bu yilning 23 martida boshlanib, Ramazon Hayiti 21 aprel', juma kuni bo'lishi kutilmoqda. Shunday qilib, Ramazon 29 kun davom etadi.
Ramazon oyi ro'zasini tutishning o'rtacha davomiyligi 14 soatni tashkil etib, ro'zadorlar Ramazon oyining boshida 13 soat 30 daqiqa, oxirgi haftasida esa deyarli 14 soat 13 daqiqa ro'za tutadilar.
O'MI Matbuot xizmati
Iroqning “Azzaman” gazetasida “O‘zbekiston mustaqilligining o‘ttiz besh yilligi: Davlat barpo etishdan Uchinchi Renessans sari” nomli maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Maqolada ta’kidlanishicha, O‘zbekistonning mustaqillik yillarida bosib o‘tgan taraqqiyot yo‘li, amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlar hamda mamlakatning xalqaro maydondagi nufuzi tobora yuksalib bormoqda.
1991 yilda qo‘lga kiritilgan mustaqillik O‘zbekiston xalqi hayotida tarixiy burilish yasab, milliy davlatchilik asoslarini shakllantirish, iqtisodiy taraqqiyot poydevorini yaratish va ijtimoiy barqarorlikni ta’minlash jarayonini boshlab berdi.
2016 yildan boshlab Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida mamlakatda “Yangi O‘zbekiston” tamoyili asosida keng qamrovli islohotlar amalga oshirilmoqda. Ushbu jarayonda O‘zbekiston Markaziy Osiyoda izchil va muvozanatli rivojlanish yo‘lidan borayotgan davlat sifatida e’tirof etilmoqda.
Muallif O‘zbekistonda so‘nggi yillarda iqtisodiyotni liberallashtirish, investitsiyalarni jalb etish, savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, infratuzilmani modernizatsiya qilish, raqamlashtirish va tadbirkorlik muhitini yaxshilash borasida amalga oshirilgan chora-tadbirlarga e’tibor qaratgan.
Maqolada aholini ijtimoiy himoya qilish tizimini takomillashtirish, ta’lim va sog‘liqni saqlash xizmatlari sifatini oshirish, yoshlar hamda xotin-qizlarning jamiyatdagi faolligini kuchaytirishga qaratilgan islohotlar haqida ham alohida fikr yuritilgan.
Nashrda Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan “Uchinchi Renessans” g‘oyasi O‘zbekiston taraqqiyotining muhim strategik yo‘nalishlaridan biri sifatida baholangan. Unda Xorazmiy, Beruniy, Ibn Sino, Imom Buxoriy va Imom Termiziy kabi buyuk allomalar yetishib chiqqan yurt bugungi kunda ilm-fan, innovatsiya, texnologiya va inson kapitalini rivojlantirish orqali yangi uyg‘onish davrini yaratishga intilayotgani qayd etilgan.
Iroq matbuoti O‘zbekistonning islom sivilizatsiyasi tarixidagi o‘rniga ham to‘xtalib, mamlakatda boy ilmiy-ma’rifiy merosni o‘rganish va targ‘ib qilishga qaratilgan loyihalar amalga oshirilayotganini ta’kidlagan. Jumladan, Toshkent shahrida bunyod etilgan Islom sivilizatsiyasi markazi Movarounnahr allomalarining jahon tamadduniga qo‘shgan ulkan hissasini namoyish etuvchi muhim ilmiy-madaniy maskan sifatida qayd etilgan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati