Islom ta’limotida kasallik faqat jismoniy holat emas, balki tarbiya, poklanish va ilohiy rahmatning bir ko‘rinishi sifatida talqin qilinadi. Muhammad sollallohu alayhi va sallam kasallikka duchor bo‘lgan kishilarga tasalli berar, uni yomonlashdan qaytarar va bu holatning ma’naviy hikmatlarini bayon qilib berar edilar. Quyidagi rivoyat ham aynan shu haqiqatni ochib beradi.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Ummu Saib roziyallohu anhoni kasallik paytida ziyorat qildilar. Uni qaltirab turgan holda ko‘rib:
– "Ey Ummu Saib, sizga nima bo‘ldi, nega titrayapsiz?" – dedilar.
– U: Isitma! Alloh uni barakali qilmasin! (kasallikka la’nat bo‘lsin), – dedi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
– "Ey Ummu Saib, isitmani so‘kmang. Chunki u Bani Odamning gunohlarini, xuddi bosqon temirning zangini ketkazgandek, ketkazadi", dedilar.
So‘ng Rasululloh sollallohu alayhi vasallam kasallikning ilohiy hikmatlarini bayon qilib, shunday dedilar...-
– "Albatta, Alloh taolo bandasini kasallik bilan uch holatdan biri uchun sinovdan o‘tkazadi:
Agar bandaning gunohlari bo‘lsa, Alloh ularni kechirishni iroda qilsa;
Agar bandasini O‘zidan uzoqlashganini ko‘rib, uni O‘ziga yaqinlashtirishni xohlasa;
Yoki bandaning jannatda u uchun tayyorlangan joyi bo‘lib, qilmagan amallari o‘sha tayyorlangan joyga yetmay turganda, Alloh uni o‘sha maqomga yetkazishni iroda qilsa".
Demak, kasallikda sabr qilgandan keyin bandaning oldida faqat yaxshilik bor: u tavbaga keladi, ibodatda sobit bo‘ladi va Allohga nisbatan go‘zal gumon bilan yashaydi.
Alloh taolo nihoyatda rahmlidir, bandalaridan azobni daf etuvchidir va U bizga onalarimizdan ham ko‘ra rahmliroqdir. Shuning uchun dardni Yaratganga arz qiling, Unga hamd bilan yuzlaning va qalblaringizni istig‘for bilan poklang.
Ushbu rivoyatdan anglashiladiki, Islomda kasallik jazolash vositasi emas, balki bandani tarbiyalovchi, uni gunohlardan poklovchi va Allohga yaqinlashtiruvchi rahmat eshigidir. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam kasallikni yomonlashdan qaytarib, undagi ilohiy hikmatlarni ochib berdilar. Chunki mo‘min kishi uchun kasallik sabr, tavba va ibodat bilan qarshi olinsa, yuksalish va daraja oshishiga sabab bo‘ladi.
Shuningdek, bu hadis bandaga har qanday holatda ham Alloh haqida go‘zal gumonda bo‘lish, dardini Unga arz qilish va qalbini istig‘for bilan poklash lozimligini o‘rgatadi. Zero, Alloh taolo bandalariga nihoyatda rahmli bo‘lib, U kasallik orqali ham O‘z qulining oxiratini obod qilishni iroda qiladi.
Demak, mo‘min inson uchun muhim bo‘lgan narsa kasallikning o‘zi emas, balki unga qanday munosabatda bo‘lishidir. Sabr, shukr va ixlos bilan qarshi olingan har bir sinov oxir-oqibat bandani Alloh roziligiga yetaklaydi.
Adham Sharqoviyning kitobi asosida
TII magistratura talabasi
Saidburxon FAZLIDDINOV tayyorlandi.
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Bog‘iylik arab tilidagi “bag‘yun” (بغي) so‘zidan olingan bo‘lib, arab tilidan tarjima qilinganda tilamoq, qasd qilmoq, jabrlamoq, zulm qilmoq, buzuqlik, axloqsizlik[1] kabi ma’nolarni anglatadi.
Bog‘iy esa باغي)) zulmkor, tajovuzkor va sulhni buzuvchi, shuningdek, podshoh (rahbar)ga qarshi chiquvchi, qaroqchilik, yo‘lto‘sarlik qilib, birovning moli hamda joniga qasd qiluvchi ma’nosi bildiradi[2].
Qur’oni karimda bag‘iy/bag‘aa (بغي/بَغَى) so‘zi bir necha xil ma’noni ifodalab kelgan. Jumladan «A’rof» surasining 33-oyatida “nohaq tajovuzkorlik”[3] ma’nosini anglatgan bo‘lsa, «Qosos» surasining 76-oyatida esa “takabburlik qildi”[4] ma’nosida kelgan.
Ulamolar istilohiy ma’nosi haqida: “Bog‘iy – biror ta’vil[5]ga ko‘ra adolatli amirga qarshi chiquvchi musulmonlarning qurol-aslahaga ega bo‘lgan toifasidir”, deb ta’kidlaydilar[6].
Burhoniddin Marg‘inoniy (hij.511/593–mil. 1123/1196)ning shogirdi faqih Majduddin Ustrushaniy podshohga qarshi bosh ko‘tarib chiqqan guruhlarni qoralab, bunday toifalarni Islom nuqtayi nazaridan bog‘iy ekanligi, bunday kimsalar xalq va dinimizning haqiqiy dushmanlari deb baho beradi. Quyida uning “Kitab al-fusul” nomli asaridan parcha beramiz:
“Musulmonlar haqli ravishda hukmdorlik qilayotgan podshoh qo‘l ostida xalq tinch va osoyishta yashab turganlarida o‘zlari ichidan unga qarshi bosh ko‘targan kishilar toifasi bog‘iylardir[7]”. Ulamolar hukmiga ko‘ra, shariatda bog‘iylarga qarshi kurashda fuqarolar bor imkoni bilan davlatga yordam berishlari shart[8].
Filolog Ibn Faris bog‘iylikka quyidagicha ta’rif beradi:
Bag‘yun so‘zi ب, غ va ي harflaridan tashkil topgan bo‘lib, bu so‘z quyidagi ikki xil ma’noga ega:
birinchi ma’nosi – biror narsani izlash, talab qilish;
ikkinchi ma’nosi – axloqsizlik, buzuqlikning bir turi[9].
Ibn Nujaym bog‘iylikni quyidagicha ta’riflaydi: Arab tilidagi باغ (baag‘( so‘zining ko‘plik shakli بغاة (bug‘aat) bo‘lib, bu so‘z odamlarga jabr-zulm o‘tkazuvchilarga nisbatan ishlatiladi. Shuningdek, fitnalarni qo‘zg‘atuvchilar hamda hukumatga itoat etmaydiganlar ham bog‘iy deb ataladi[10].
Haskafiy bog‘iylik haqida: Bag‘yun so‘zining lug‘aviy ma’nosi biror narsani izlash va istash kabi ma’nolarni bildiradi. Jumladan, Qur’oni karimdagi: «Mana shu biz istagan narsa edi»[11] (Kahf surasi, 64–oyat) oyatidagi «نبغ» (nabg‘i( oyati bunga misol bo‘ladi.
Istilohda esa, ruhsat etilmagan, man etilgan narsalarni, xususan, zulm, odamlarga ziyon yetkazish kabi qabih amallarni istashni anglatishini aytib o‘tadi[12].
«Tabyiynul-haqoiq sharhi kanzud-daqoiq» asarida bu so‘zning ma’nosi quyidagicha keltiriladi: «Urfda halol bo‘lmagan narsani jabr va zulm bilan tortib olishdir. Fuqaholar nazdida esa, mavjud boshliqqa qarshi chiqish bu – «bog‘iy»lik hisoblanadi[13].
Abul-Barakot Nasafiy (hij.701/mil.1310 vaf.et.): «Kanzud-daqoiq»da «bog‘iy»larni shunday ta’riflaydi: Musulmonlar qavmidan boshliqqa itoat qilishlikdan bosh tortgan kishilar jamoasi[14]. Demak, muallifninig ta’biri bo‘yicha «bog‘iy» mavjud hokimiyatga qarshi chiquvchi ma’nosini anglatadi.
Alim ibn al-Ala al-Andaritiy ad-Dihlaviy: Musulmonlardan rahbarga qarshi chiquvchilar toifasi bog‘iylar deb ataladi. Agar ular qurol olib hukumatga qarshi chiqsa ularga nisbatan qarshi kurashish lozim. Shuningdek, bu kabi toifalarga qarshi kurashda mamlakat fuqarolari ham hukumatga yordam bermoqliklari shart.
Hanafiylik mazhabining mashhur olimlaridan Ibn Humam o‘zining “Fath al-Qadiyr” asarida bog‘iylikka izoh berib uni bir necha turlarga tasniflaydi:
Faqihlar nazdida bog‘iy so‘zi mavjud hukumatga qarshi chiqishni anglatib ular to‘rt guruhga ajratiladi:
Zayniddin ibn Nujaym al-Hanafiy: Bog‘iy – hukumatga qarshi chiquvchi musulmonlar toifasi bo‘lib, biroq xorijiylar kabi musulmonning qonini to‘kishni va yosh bolalarni asirga olishni joiz deb hisoblamaydilar[18].
Ibn Obidin ash-Shomiy “Radd al-muxtor” asarida: Bog‘iylar toifasi o‘z ichiga hokimiyatni qo‘lga kiritishga intilgan barcha guruhni oladi. Ular begunoh odamlarga o‘zlarining noto‘g‘ri ta’villari bilan qarshi chiqadilar va “haqiqat biz bilan” deb buzuq da’voni qiladilar[19].
Hanafiy mazhabining yirik ulamolaridan Imom Kosoniy aytadilar: Bog‘iylar – xorijiylar singari kichik yoki katta gunoh qilgan insonni kufrda sanaydilar. Hukumatni dinga amal qilmaslikda ayblab, o‘zlarining noto‘g‘ri ta’villari orqali unga qarshi chiqadilar, shuningdek, rahbarni qatl etishni, uning molini o‘zlashtirishni va qonini to‘kishni joiz deb biladilar [20].
Mazkur masalada hozirgi zamonning yetuk olimlardan biri Vahba Mustafo Zuhayliy (1932-2015) o‘zining “Al-fiqh al-islomiy va adillatuhu” asarida sunniylikning to‘rttala mazhabi xulosalari asosida bog‘iylarga “imom (rahbar)ga asossiz tarzda bo‘ysinishni rad etgan musulmon qavmi (guruh)ga aytiladi” deb ta’rif berib, “Kim bizga qarshi chiqsa (qilichini chiqarsa), u bizdan emas” degan hadisni keltirgan[21].
Demak, din niqobi ostidagi terroristik tashkilotlarning davlat rahbariga qarshi chiqib, Islom davlatini tuzishga qaratilgan hatti-harakatlari Islom ta’limotiga ko‘ra batamom asossizdir.
Davron NURMUHAMMAD
[1] An-Naim ul-kabir. Arabcha-o‘zbekcha lug‘at. “Namangan” nashriyoti. Namangan–2014. B.57.
[2] D.Maqsudov. Abul Barokat an-Nasafiy va uning Madorik at-Tanzil va Haqoiq at-ta’vila asari. “Movarounnahr”, 2014. B 118.
[3] A.Mansur. Qur’oni Karim ma’nolarining tarjima va tafsiri. –T.: “Toshkent islom universiteti” nashriyot-matbaa birlashmasi, 2004.
[4] O‘sha manba.
[5] Ta’vil-lug‘atda “izohlash yoki boshqa ma’nosiga qaytarish” ma’nosida keladi. Istilohda olimning Qur’oni karimdagi ayrim oyatlarni o‘z bilimi darajasida izohlab tushuntirishi “ta’vil” deyiladi. Qur’oni karimda “ta’vil” so‘zi “tafsir va ta’yin, ofiyat va oqibat, bashoratning amalga oshishi, tush ma’nosi, amalga oshirilgan ish sababi” kabi bir necha ma’nolarda ham kelgan. Qur’oni karimdagi “mutashobih”, “muqattoat” oyatlarining ma’nosini Alloh taolodan o‘zga hech kim aniq bilmaydi. Ammo shunga qaramay, ayrim hidoyatdan og‘ganlar fitna qo‘zg‘ash uchun havoyi nafslariga moslab ularni ta’vil etishga urinishgan. Keyingi paytlarda “ta’vil” so‘zi umuman oyatlarni tafsirlash, izohlash, sharhlash kabi ma’nolarda ham ishlatilmoqda.
[6] Karang: Mualliflar jamoasi. Islom ma’rifati: asliyat va talqin (o‘quv-uslubiy qo‘llanma). “Toshkent islom universiteti” nashriyot-matbaa birlashmasi, 2011. – 93 b.
[8]A.Mansur.Muqaddas matnlar, fatvolar hamda yetakchi ulamolarning asarlarida aqidaparastlik va zo‘ravonlikning qoralanishi // Islom ma’rifatida dunyoviy va diniy qadriyatlar uyg‘unligi. –T.: “Toshkent islom universiteti” nashriyot-matbaa birlashmasi, 2011. B. 9.
[9] Ibn Faris, Mu’jam maqayis al-lug‘a, B.144, Ibn Manzur, Lison al-Arab, B.14:75-78,
[10] Ibn Nujaym. al-Bahr al-ra’iq. 5:150.
[11]A.Mansur Qur’oni karim: ma’nolarning tarjima va tafsiri.–T.: Toshkent islom universiteti nashriyoti, 2006.
[12] Al-Haskafiy. al-Durr al-Muxtor. 4:261.
[13] Qarang: Usmon ibn Ali. Tabyiynul-haqoiq sharhi kanzud-daqoiq. II-jild. Livan, 2010. B. 58.
[14] Abul-Barakot Nasafiy. Kanzud-daqoiq fi fiqhis-sodatil-ahnaf. Qohira, 2006. B. 79.
[15]Tarix fanlari doktori A. Hasanovning ta’kidlashicha qaysi davrda bo‘lsin mavjud hokimiyatga qarshi chiquvchilar “xorijiylar” deb atash mumkin. Bu esa, “bog‘iy” so‘zi bilan sinonim degan ma’noga olib keladi.
[16] Ilmiy-tahliliy axborot. 2/2010. Toshkent islom universiteti nashriyot-matbaa birlashmasi, 2010. B.36.
[17] Ibn Humam Fath al-Qadiyr. 5:334.
[18] Ibn Nujaym. al-Bahr al-ra’iq. 5:151.
[19] Ibn Obidin ash-Shomiy. Radd al-muxtor. 4:262; ad-Dasuqiy. al-Hoshiya. 4:261; Badriddin al-Ayniy. al-Binoya sharh al-Hidoya. 5:888.
[20] Al-Kasoniy. Bado’i al-sano’i. 7:140
[21] Zuhayliy M. Al-fiqh al-islomiy va adillatuhu. Damashq, Dorul fikr, 2-kitob. B.481.