Alloh taolo aytadi: “Kim Allohga iymon keltirsa, U zot uning qalbini hidoyatga solur…” (Tag‘obun surasi, 11-oyat).
Qalb har bir amalning asli va barcha harakatlarning negizidir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Ogoh bo‘linglar, jasadda bir parcha go‘sht bor. Agar u to‘g‘ri bo‘lsa jasadning barchasi to‘g‘ri bo‘ladi, agar u fasod bo‘lsa jasadning barchasi fasod bo‘ladi. Ogoh bo‘linglar, u qalbdir”.
Qalbning to‘g‘ri bo‘lishi dunyo va oxiratdagi saodat, uning buzuq bo‘lishi esa halokatdir. Alloh taolo aytadi: “Albatta, bunda qalbi borlarga va zehn bilan quloq osganlarga eslatma bordir” (Qof surasi, 37-oyat).
Har bir yaratilgan jonzotda qalb bo‘ladi. Ammo bu qalblar ikki xil: biri iymon ila munavvar, taqvo ila obod bo‘lgan tirik qalb; ikkinchisi xarob bo‘lib so‘ngan, kasal va o‘lik qalbdir. Alloh taolo aytadi: “Ularning qalblarida kasal bor. Alloh kasallarini ziyoda qildi. Va ularga yolg‘on gapirganlari uchun alamli azob bor” (Baqara surasi, 10-oyat). Alloh taolo boshqa oyatda esa bunday marhamat qiladi: «Va ular: “Qalbimiz g‘iloflangan”, deyishadi. Yo‘q, unday emas, kufrlari sababli Alloh ularni la’natlagan. Bas, ozginagina iymon keltiradilar» (Baqara surasi, 88-oyat).
Alloh taolo o‘lik qalblilar haqida yana bunday deydi: «Ular: “Qalblarimiz sen da’vat qilayotgan narsadan g‘iloflardadir, quloqlarimizda og‘irlik bor, sen bilan bizning oramizda esa, parda bor. Bas, sen amalingni qilaver, biz ham, albatta, o‘z amalimizni qilguvchilarmiz”, dedilar» (Fussilat surasi, 5-oyat).
Allohning dushmanlarida ham qalb bo‘ladi, lekin u hech narsani anglamaydi. Shuning uchun ham Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday duo qilar edilar: “Ey, qalblarni boshqaruvchi! Mening qalbimni diningda sobit qil!”.
Mo‘minning qalbi doimo ro‘za tutadi. Uning ro‘za tutishi halokatga olib boruvchi shirk, botil e’tiqod, yomon vasvasa va niyatlardan forig‘ qilish bilan bo‘ladi. Mo‘minning qalbi Allohning muhabbati ila oboddir.
Mo‘minning qalbida unga zulmat aralasha olmaydigan yorqin nur bor. Bu abadiy risolat, samoviy ta’limotlar va rabboniy shariat nuridir. Ushbu nurga Alloh taolo bandaga tabiiy fitrat qilib bergan nur qo‘shiladi va ikki ulkan nur jamlanadi. Alloh taolo aytadi: “(Bu) nur ustiga nurdir. Alloh xohlagan odamni O‘z nuriga hidoyat qilur. Alloh odamlarga misollarni keltirur. Alloh har bir narsani o‘ta bilguvchidir” (Nur surasi, 35-oyat).
Mo‘minning qalbi chiroq kabi porlaydi, Quyosh kabi nur sochadi va subh kabi yaltiraydi. U oyati karimalarni tinglaganda, ularning ma’nolarini tafakkur qilganda qalbidagi ishonchi yanada ziyoda bo‘ladi.
Mo‘minning qalbi kibrdan ro‘za tutadi, chunki u qalb ro‘zasini buzib yuboradi. Kibr uning qalbiga o‘rnashmaydi, zero, u harom amaldir. Kibrning asl o‘rni qalbda bo‘ladi, agar kibr qalbga o‘rnashsa o‘z sohibini halok qiladi. Hadisi qudsiyda Alloh taolo aytadi: “Kibriyo Mening ridoyimdir, ulug‘lik Mening izorimdir. Kim ikkisida Men bilan talashsa uni azoblayman”.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Kim Allohga takabburlik qilsa uni xorlaydi. Kim Alloh uchun tavoze’li bo‘lsa uni yuksaltiradi”.
Mo‘minning qalbi ujbdan ham ro‘za tutadi. Ujb – insonning o‘zini mukammal, boshqalardan afzal va unda boshqalarda yo‘q narsa bor deb tasavvur qilishidir. Bu esa ayni halokatdir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Uch narsa halok qiluvchidir: kishi o‘z nafsidan ajablanishi, qattiq xasislik va ergashiladiga havo (havoyi nafs)”, deganlar.
Ujbning davosi inson o‘z ayblari, xatolarining ko‘pligini hamda minglab qilgan, so‘ngra ularni esdan chiqargan gunoh va yomonliklarini yodidan ko‘tarmasligidir. Binobarin, ularning hisobi Robbimiz huzurida, U adashmaydi va unutmaydi.
Mo‘minning qalbi hasaddan ro‘za tutadi. Chunki hasad yaxshi amallarni olov kabi kuydiradi, qalbning nurini o‘chiradi va bandani Alloh tomon yurishini to‘xtatib qo‘yadi. Alloh taolo aytadi: “Yoki Alloh odamlarga O‘z fazlidan bergan narsalarga hasad qilmoqdalarmi?” (Niso surasi, 54-oyat).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Bir-biringizga hasad qilmanglar, bir-biringizdan nafratlanmanglar, o‘zaro urushmanglar va o‘zaro najsh (insonla o‘zaro kelishib bir narsaning narxini oshirishi) savdosini qilmanglar. Ba’zingiz ba’zingizning savdosi ustiga savdo qilmasin”.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uch marta sahobalaridan bir kishining jannat ahlidan ekanining xabarini berdilar. U kishi nima evaziga jannatga kirgani haqida so‘ralganida: “Qalbimda biror mo‘minga hasad, nafrat yoki muttahamlik bor holida hech uyquga yotmadim”, deya javob berdi. Oriflarning ro‘zasi bo‘lmish qalb ro‘zasini tutuvchilar bormi? Shoir aytadi:
Oriflar ro‘zasi ichra olamlar Robbi rizosin istash bordir,
Har zamon ular qalbi soim, sahar vaqti hollari istig‘fordir.
Allohim, qalblarimizni to‘g‘ri yo‘lga boshlagin, ularni iymonda sobit ayla!
Doktor Oiz al-Qarniyning
"Ro‘zadorlar uchun darslar" kitobidan
Misrning nufuzli ommaviy axborot vositalarida O‘zbekiston muftiysi, shayx Nuriddin Xoliqnazarning Muhammad alayhissalom tavallud topgan muqaddas Rabiul avval oyiga bag‘ishlangan turkum maqolalari chop etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Xususan, Misrning “Al Gomhuria” nashri sahifalarida Rabiul avval oyi musulmonlar qalbida alohida o‘rin tutishi va Ummaning Payg‘ambarimizga bo‘lgan cheksiz muhabbati tufayli bu oy an’anaviy ravishda “Mavlid oyi” deb atalishi haqidagi fikrlar keng yoritilgan. Materialda Muftiyning ushbu davrni yangi ma’naviy ko‘tarinkilik bilan kutib olish, uni “Nabaviy siyrat oyi” va “Ibratli ummat oyi”ga aylantirish, ibodat, axloq va madaniyat masalalarida Payg‘ambarimiz o‘gitlarini amaliy o‘zlashtirishga qaratilgan da’vati alohida ta’kidlangan.
“Ya7dosal2an” nashri ham Islom e’tiqodining ajralmas qismi va chin imonning asosiy sharti bo‘lgan Payg‘ambarimizga bo‘lgan muhabbat sabablari haqidagi metodologik masalani qayd etgan. Maqolada sahobalarning sadoqatiga oid tarixiy misollar va guvohliklar keltirilgan.
“Aldawlanews” resursida Islomni amaliy tushunishning oliy manbai sifatida Nabaviy siyratni o‘rganishning ahamiyati ko‘rib chiqilgan bo‘lib, unda shunchaki sanalarni yodlash o‘rniga har bir tarixiy voqeadan sabr, adolat va rahmat kabi hayotiy saboqlarni chiqarish zarurligi urg‘ulangan.
“Al Diplomacy” nashri esa Payg‘ambarimizga bo‘lgan chin muhabbatning uch asosiy belgisiga — siyrat haqida tafakkur qilish, sunnatga so‘zsiz ergashish va ruhlar shifosi hamda jamiyatda axloqni mustahkamlashning ma’naviy asosi bo‘lgan ko‘p salavot aytishga e’tibor qaratdi.
“Sada El Balad” rasmiy resursi O‘zbekiston muftiysining Rabiul avval oyini oilalar va ta’lim muassasalari uchun keng qamrovli tarbiyaviy loyihaga aylantirish tashabbusini yoritib, musulmonlarni ushbu oyni yuksak axloq va jipslikning oliy namunasiga ergashish yo‘lidagi yangi debochaga aylantirishga chaqirdi.
“Eldameer” axborot portali ham O‘zbekiston muftiysining asarlarini atroflicha taqdim etib, Rabiul avval oyining chuqur mazmuni va sunnatga ergashish orqali ma’naviy poklanishning muhimligiga e’tibor qaratdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati