Bugungi axborot asrida inson ongi va qalbi uchun kurash yangi bosqichga chiqdi. Ayniqsa, diniy qadriyatlarga hurmat kuchli bo‘lgan jamiyatlarda kishilarning muqaddas tuyg‘ularidan g‘arazli maqsadlarda foydalanish, ya’ni manipulyatsiya holatlari tez-tez bo‘y ko‘rsatmoqda. Ijtimoiy tarmoqlar bunday ta’sir o‘tkazishning eng qulay maydoniga aylanib qoldi.
Diniy hissiyotlar orqali ommani junbushga keltiruvchilar, odatda, xolis tahlil va ilmiy asoslarga emas, balki insonning ehtiroslariga urg‘u beradilar. Ularning asosiy quroli emotsional chaqiriqlardir. Masalan, biror ijtimoiy muammoni diniy bo‘yoqlar bilan bo‘rttirish orqali odamlarda himoyalanish yoki agressiya instinktini uyg‘otishadi.
Bunday vaziyatda inson aql bilan fikrlashdan to‘xtaydi va o‘zi bilmagan holda fitnachilarning qo‘lidagi qurolga aylanadi. Vaholanki, Islom dini har bir xabarni tekshirishga va aql bilan ish tutishga chaqiradi: “Ey iymon keltirganlar! Agar fosiq xabar keltirsa, aniqlab ko‘ringlar...” (Hujurot surasi, 6-oyat).
Bugungi kunda yetarli ilmi bo‘lmay, ammo notiqlik mahorati bilan ommani ergashtirayotgan qatlam shakllandi. Ular ko‘pincha murakkab fiqhiy yoki aqidaviy masalalarni yuzaki va populistik tarzda talqin qiladilar. Buning natijasida jamiyatda ixtilof paydo bo‘ladi, ulamolarga nisbatan ishonchsizlik uyg‘otiladi.
Diniy hissiyotlarni suiiste’mol qilish jamiyatni ichdan yemiradi. Birinchidan, bu jarayon yoshlarni manipulyatsiya qiladi. Ikkinchidan, jamiyat muvozanatini buzishga qaratilgan xurujlarga yo‘l ochadi. Eng yomoni, bunday harakatlar dinning asl mohiyati tinchlik, bag‘rikenglik va ma’rifat ekanini chetga surib, uni nizolar manbai sifatida ko‘rsatishga xizmat qiladi.
Bunday xavflarga qarshi eng samarali raddiya, bu savodxonlikdir. Har bir musulmon axborot gigiyenasiga amal qilishi, internetda eshitgan har qanday ta’sirli gapni mutlaq haqiqat deb qabul qilmasligi lozim.
Din najot va sakinat manbai bo‘lib, kimlarningdir g‘arazli yoki shaxsiy manfaatlari yo‘lida qo‘llaniladigan boshqaruv vositasi emas. Muqaddas tuyg‘ularimizni virtual firibgarlardan himoya qilish bugungi kunning eng dolzarb vazifasidir.
Shermuhammad Boltayev,
Xorazm viloyati Shayx Qosim bobo
masjidi imom-xatibi
Samarqand viloyatidan 40 dan ortiq imom-xatib O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurib, uning ilmiy-ma’rifiy faoliyati, tarixiy ekspozitsiyalari va ajdodlarimizdan qolgan boy merosni o‘rganish imkoniyatlari bilan tanishdi, xabar bermoqda iccu.uz.
«Uchinchi Renessans chorrahasi» mavzusi doirasida tashkil etilgan tashrif davomida mehmonlarga islom sivilizatsiyasining shakllanishi va taraqqiyoti, turli davrlarda ilm-fan, ta’lim, ma’rifat va madaniyat sohalarida erishilgan yutuqlar haqida ma’lumot berildi. Ekspozitsiyalar orqali ular tarixiy jarayonlar, noyob manbalar va buyuk allomalarning jahon sivilizatsiyasi rivojiga qo‘shgan hissasi bilan yaqindan tanishdi.
Bulung‘ur tumanidagi Isori O‘rokli jome masjidi noib imomi Ilhomjon Mardiyev Markazda ko‘rganlari unda katta taassurot qoldirganini ta’kidladi. Uning aytishicha, ekspozitsiyalar nafaqat ajdodlar merosini, balki mamlakatimizdagi bugungi o‘zgarishlarni ham chuqurroq anglash imkonini berdi.
«Bu yerga avvalroq kelmaganimga afsuslandim. Taassurotlarim juda katta. Ibtidoiy jamoa tuzumidan bugungi kungacha bo‘lgan tarixiy jarayonlar bilan tanishib, ko‘plab yangi ma’lumotlarga ega bo‘ldim, desam xato bo‘lmaydi. Bobolarimiz tarixi, Birinchi va Ikkinchi Renessans davrlari, ayniqsa, bugungi o‘zgarishlar haqidagi ekspozitsiyalar meni juda ta’sirlantirdi. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan ishlarga alohida havas bilan qaradim.
Markazni ko‘rib, jamoatimizni ham bu yerga olib kelish niyati tug‘ildi. Xudo xohlasa, yaqin kunlarda masjidimiz jamoasi bilan kelib, ekspozitsiyalarni yana bir bor ko‘rishni rejalashtiryapman. Bu — qayta-qayta kelishga arziydigan majmua. Barchaga bu yerga tashrif buyurishni tavsiya qilaman.
Bugun mamlakatimizdagi taraqqiyot biz kutganimizdan ham jadal kechayotganini ko‘rish mumkin. Bu ishlarga hissa qo‘shayotgan barchaga, xususan, davlatimiz rahbariga minnatdorlik bildiraman», — dedi Ilhomjon Mardiyev.
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi tarixiy merosni keng jamoatchilikka yetkazish, ajdodlarimizning ilmiy-ma’naviy yutuqlarini o‘rganish va ularni bugungi avlod bilan bog‘lashga xizmat qilmoqda. Samarqandlik imom-xatibning o‘z jamoatini ham Markazga olib kelish niyati esa bunday tashriflarning ma’rifiy ahamiyatini yana bir bor ko‘rsatadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati